Sport | 16:48 / 11.03.2017
31604
10 daqiqa o‘qiladi

Haftaning o‘tkazib yuborish mumkin bo‘lmagan 5ta uchrashuvi

Yevropada joriy hafta ham qiziqarli uchrashuvlarga boy bo‘ladi. Ayniqsa yevrokubok yo‘llanmalari uchun kurash olib borayotgan jamoalarning o‘zaro to‘qnashuvi hafta uik-endiga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. Shuningdek Angliyada kubokning chorak final uchrashuvlari ham bizga bir qator qiziqarli to‘qnashuvlarni taqdim etishi kutilmoqda. Tribuna.Uz bo‘lajak uchrashuvlarning eng sara beshtasi bilan tanishtirib o‘tadi.

Yirtqich «Borussiya» qarshisidagi yarador jangchi
Herta – Borussiya D (11 mart, 19:30)

Yevrokuboklar uchun kurash olib borayotgan «Herta» yaxshi sport formasiga kirib ulgurgan «Borussiya»ni qabul qiladi. Dortmundliklar yetakchilari (Roys, Gyottse) jarohat olishiga qaramay, ajoyib futbol namoyish etmoqda. Yevropa chempionlar ligasining 1/8 finalida jamoa ishonchli g‘alaba evaziga keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Per-Emerik Obameyang uchrashuvda het-trik qayd etdi. Gabonlik futbolchi so‘nggi uch uchrashuvda 7ta gol kiritganiyoq ko‘p narsadan dalolat bermoqda. 

Ikki jamoa kishki tanaffusdan so‘ng to‘qnash kelishga ulgurishdi. Germaniya Kubogi doirasidagi Dortmundda kechgan uchrashuvda 120 daqiqa davomida g‘olib aniqlanmagan, penaltilar seriyasiga ko‘ra «Borussiya» keyingi bosqichga yo‘l olgandi. Poytaxtliklar bundesliga doirasidagi so‘nggi 8 uchrashuvning faqat ikkitasida g‘alaba qozona olishgan xolos. Endilikda jamoaning YeChL yo‘llanmasi uchun kurashishi ancha qiyin kechishi kutilmoqda. 

Ikki jamoa o‘rtasidagi Berlinda kechgan so‘nggi yetti uchrashuvda «Herta» faqat bir marotaba g‘alaba qozongan. So‘nggi marta «Herta» uch yil muqaddam 2014 yilda o‘z uyida «Borussiya» ustidan g‘alaba qozongan.

Milandagi yevrokuboklar uchun jang
Inter – Atalanta (12 mart, 19:00, Sport, Match! Futbol 2)

Turnir jadvalida yonma-yon borayotgan ikki jamoa o‘rtasidagi to‘qnashuv keskin kurashlarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Yevropa chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan jamoalar bu umidni saqlab qolishi uchun ham uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilishlari talab etiladi. «Atalanta» joriy mavsumni o‘ta muvaffaqiyatli o‘tkazmoqda. Jamoa yaqindagina «Napoli» uyidan g‘alaba bilan qaytdi. Grandlarga qarshi mehmonda qanday o‘ynashni biladigan jamoa Pioli shogirdlariga ham yetarlicha qarshilik ko‘rsata olishini kutishimiz tabiiy.

«Inter» o‘z uyida o‘tgan so‘nggi uch uchrashuvning ikkitasida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Ammo o‘tgan turda jamoa «Kalyari» uyida o‘ta ishonchli o‘yin ko‘rsatib, yirik hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi. «Inter» Bergamoda o‘tgan so‘nggi ikki uchrashuvda muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Ammo Milanda kechgan so‘nggi ikki uchrashuvda g‘alaba qozongan. Biroq ungacha bo‘lgan ikki uchrashuvda ham «Atalanta» San-Sirodan g‘alaba bilan qaytgan.

18 yillik zabt etilmas dovon
Chelsi – Manchester Yunayted (14 martga o‘tar kechasi, 00:45, Match! Futbol 1)

Angliya premer-ligasining ko‘plab uchrashuvlari bu turda o‘tkazilmaydi. Sababi Ko‘hna qit'aning eng keksa musobaqasi sanaladigan Angliya kubogida chorak final uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Angliya kubogi musobaqalariga tig‘iz taqvim tufayli ko‘plab jamoalar dastlabki bosqichlarda jiddiy qaramasliklari mumkin. Ammo chorak finaldan boshlab barchasi o‘zgaradi. Sababi bu ingliz jamoalari uchun juda muhim bo‘lgan jihat — «Uembli»ga bir qadam degani. Yaxshi bilasiz, Angliyada yarim finaldan boshlab uchrashuvlar aynan Britaniyaning birinchi raqamli stadionida bo‘lib o‘tadi.

Amaldagi kubok sohibi «Manchester Yunayted» bu mavsumda boshqa bir kubokda muvaffaqiyatga erishishga ulgurdi. Liga kubogida jamoa «Sauthempton»ni mag‘lubiyatga uchratib bosh sovrin sohibiga aylandi. Mourino jamoasi chempionlik umididan allaqachon mahrum bo‘lib ulgurgan. Shu sababdan jamoa o‘zi ishtirok etayotgan boshqa musobaqalarda bosh sovrinni qo‘lga kiritishni istamoqda. Angliya kubogida jamoani bu safar o‘ta jiddiy raqib — amaldagi APL yetakchisi «Chelsi» qarshi oladi. 

Ikkala jamoa o‘rtasidagi so‘nggi 11 uchrashuvdan buyon «Manchester Yunayted» g‘alaba qozona olmay kelmoqda. So‘nggi marta «MYu» Aleks Fergyuson bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan 2012/13 yilgi mavsumda «Chelsi» uyida g‘alaba qozongandi. Angliya kubogi doirasidagi esa jamoalar so‘nggi marta 2013 yilda aynan chorak finalda duch kelishgan. Manchesterda durang qayd etilgan bo‘lsa, Londonda kechgan qayta o‘yinda «Chelsi» muvaffaqiyat qozonib, yarim finalga yo‘llanma olgandi. Ahamiyatli tomoni o‘sha mavsumda «Yunayted»ni Angliya Liga kubogidan ham aynan «Chelsi» chiqarib yuborgan.

«Manchester Yunayted» oxirgi marta «Chelsi»ni kubokdan 1999 yilda, o‘sha afsonaviy YeChL qo‘lga kiritilgan mavsumdagina musobaqadan chiqarib yubora olgan xolos. Undan keyingi uchta uchrashuvda manchesterliklar muvaffaqiyatsizlikka uchragan. 

Rekordlar ketidan rekordlar
Monako – Bordo (11 mart, 20:45, Sport)

Turning markaziy uchrashuvida turnir jadvali yetakchisi, beshinchi o‘rinda borayotgan «Borodo»ni qabul qiladi. «Monako» chempionat tugashiga 10 tur qolgandayoq gol kiritish bo‘yicha klubga tegishli barcha rekordlarni yangilab tashladi. Jamoa +57 farq bilan 82ta gol kiritgan. Chempionlikka mos o‘yin ko‘rsatayotgan Jardim shogirdlari murakkab o‘yin orqali kelgusi haftada bo‘lib o‘tadigan YeChL doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishi kerak bo‘ladi. 

O‘tgan turda «Monako» «Nant»ni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. «Bordo» esa Lion»ga qarshi uchrashuvda durang qayd etdi – 1:1. «Bordo»ning yevrokuboklar zonasiga ilinib olishi uchun 4 ochko yetishmayapti. Aynan peshqadamga qarshi uchrashuvdagi muvaffaqiyat bu yo‘lda tashlangan dadil qadam bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

«Monako» uchun aynan «Bordo» eng noqulay raqiblardan biri sanaladi. Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi yetti uchrashuvda «Monako» faqat bir marta g‘alaba qozongan. Bu ham ushbu mavsumdagi birinchi davra o‘yinida qayd etilgan. Eng qo‘rqinchli tomoni «Monako» mana 10 uchrashuvdirki o‘z uyida «Bordo»ni mag‘lubiyatga uchrata olmay kelmoqda. So‘nggi marta «Monako» «Bordo»ni mehmon qilganida 2003 yilning avgustida g‘alaba qozongan. Oradan 14 yilga yaqin vaqt o‘tib ham bu natija so‘nggisi bo‘lib qolmoqda.

«Siti» uchun o‘tib bo‘lmas asriy to‘siq
Midlsbro – Manchester Siti (11 mart, 17:15, Match! Futbol 1)

Uchrashuvning muhimligi shundan iboratki, aynan «Midlsbro» «Manchester Siti» uchun eng noqulay raqib bo‘lib kelmoqda. So‘nggi ikki uchrashuvdan buyon «Etihad»da mag‘lubiyatga uchramayotgan klub, shunday muvaffaqiyatlarning biriga aynan Angliya Kubogida erishgan. Aytor Karanka jamoasi premer-ligaga qaytgach, mavsumni yomon boshlamagandi. Biroq hozirgi vaqtga kelib jamoa juda qiyin ahvolga tushib qolgan. «Manchester Siti» esa «Stok»ka qarshi so‘nggi o‘yinni hisobga olmaganda, ajoyib sport formasiga kirib olgan. Jamoa yanvardan buyon mag‘lubiyatga uchramay kelmoqda.

Yuqorida eslab o‘tganimizdek ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi ikki o‘yinning ikkalasi ham Manchesterda kechgan bo‘lib, joriy mavsum chempionat uchrashuvida Karanka shogirdlari so‘nggi daqiqalarda yetakchidan ochko tortib olishga muvaffaq bo‘lgandi. Ammo ikki yil muqaddam chempionship vakili bo‘lgan «Midlsbro» kubok uchrashuvida «Manchester Siti» uyiga tashrif buyurib g‘alaba qozongan va «shaharliklar»ni musobaqadan chiqarib yuborgandi. Eng qiziq tomoni, bungacha jamoalar kubok doirasida 1997 yilda o‘zaro ro‘baro‘ kelishgan. O‘shanda ham «Siti» uyida kechgan uchrashuvda «Midlsbro» g‘alaba qozonib ketgandi. «Manchester Siti» kubok doirasidagi to‘qnashuvlarda faqat bir marta «Midlsbro»dan ustun kelgan. Bu voqeaga 9 mart kuni 113 yil to‘ldi. O‘shanda ham «Siti» uyida hisob ochilmagan, ammo «Midlsbro»da «shaharliklar» g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘lgandi.