Jamiyat | 01:10 / 30.03.2017
11911
2 daqiqa o‘qiladi

Oltindan yaratilgan tufli mijozlarga vertolyotda yetkaziladi

Italiyalik dizayner Antonio Vetri 24 qirotli oltindan tufli yaratdi. U ishlatgan oltin sof oltin bo‘lib, 999-probaga mos keladi.

Tufli qora va ko‘k zamshdan hamda charm bilan tikib chiqilgan oltin plastinkali elementlardan yaratilgan. Oltin elementlar bezak emas, balki poyafzalning asosiy qismi sifatida qo‘llangan, deb xabar bermoqda Local nashri.

Dizaynerning aytishicha, u o‘zining Turindagi ustaxonasida bu tuflini yaratish ustida ko‘p izlanish olib borgan. Mijozlar oltindan yasalgan tuflida yurishlari qulay bo‘lishi uchun oltinning qattiqligi va tufli charmining qayishqoqligi o‘rtasida to‘g‘ri nisbatni topish katta mashaqqat talab qilgan. 

Har juft tuflida 230 gramm oltin bor bo‘lib, tufli mijozning tovonlarini 3D-skanerlash texnologiyasi yordamida buyurtma bo‘yicha tayyorlanadi.

Erkaklar uchun mo‘ljallangan oltin tuflini 25 ming yevrodan xarid qilish mumkin. Ayollar tuflisi esa sotuvda keyinroq 30 ming yevrodan paydo bo‘ladi. Mijoz o‘z buyurtmasini qora laklangan qutida oladi. Yana bir e'tiborli jihati, tufli o‘z egasiga vertolyotda yetkaziladi. 

Bu antiqa tuflilarga Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Fors ko‘rfazining boshqa davlatlaridan badavlat odamlar asosiy xaridorlar bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish