Jahon | 12:26 / 07.04.2017
40604
4 daqiqa o‘qiladi

Jahon mamlakatlari Suriyaga hujumni ma'qullamoqda. Turkiya ham AQSh tomonda

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey va Avstraliya bosh vaziri Malkolm Ternbull kabi siyosatchilar AQSh prezidenti Donald Trampning Suriyadagi aviabazaga zarba berish qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlab chiqishdi.

«AQSh prezidenti bugun ham gaplari, ham harakatlari bilan kimyoviy qurolning qo‘llanilishi va tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida kuchli va aniq signal yubordi. Isroil prezident Trampning qarorini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», — degan bosh vazir.

AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning fikricha, Rossiya va Suriya hukumatidan tashqari, Suriya mojarosiga nuqta qo‘yilishidan manfaatdor bo‘lgan barcha tomonlar Amerika qurolli kuchlari tomonidan Suriyadagi aviabazaga berilgan zarbani ma'qullashi kerak.

Malkolm Ternbull matbuot anjumanida ma'lum qilganki, AQShning Shayratga aviazarbasi «Bashar Asadning harbiylari kimyoviy qurol qo‘llashiga tezkor va adolatli javob bo‘ldi».

Buyuk Britaniya ham AQShning harakatini to‘la qo‘llab-quvvatlagan. Hukumatdagilar bu hujumni Asad armiyasining kimyoviy qurol qo‘llashiga munosib javob sifatida hisoblashmoqda. Shayrat aerodromiga hujum orqali kelgusida ham shunday hujumlar sodir etilishining oldi olingani aytilgan.

Qirollik Mudofaa vaziri Maykl Fellon aviabazaga raketa zarbasi berilishini yangi harbiy kampaniya boshlanishi sifatida bilmasligini aytib o‘tgan.

Turkiya ham ushbu hodisaga munosabatini bildirdi. 

Turkiya AQSh aviazarbalarini ijobiy baholagan. "AQSh va xalqaro hamjamiyat Suriya hukumatining "varvarona" harakatlariga qarshi o‘z pozitsiyasini bildirishi kerak", degan Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Numon Kurtulmush.

Fransiya IIV rahbari, ayni vaqtda Mavritaniyada bo‘lib turgan Jan-Mark Ero Bashar Asad harbiy jinoyatchi sifatida sud qilinishi kerakligini aytdi.

Eron esa AQShning hujumini keskin qoraladi. 
"Eron juma kuniga o‘tar kechasi AQSh tomonidan Suriya armiyasi aviabazasiga qilingan raketali hujumini keskin qoralaydi", — deyildi davlat telekanali orqali.

Eron TIV rahbarining fikr bildirishicha, Suriya harbiylariga zarba berish "terrorchilarning pozitsiyasini mustahkamlaydi hamda Suriyadagi vaziyatni yanada og‘irlashtiradi".

7 aprelga o‘tar kechasi AQSh Xoms provinsiyasidagi Suriya HHK aerodromiga zarba berdi. Pentagon ma'lumotlariga ko‘ra, aviabaza hududiga qarata 59 ta Tomahawk qanotli raketasi uchirilgan.

Suriya armiyasi muxolifat tomonidan Idlibdagi kimyoviy hujumni amalga oshirishda ayblandi. Rasmiy Damashq bu ayblovni qat'iyan rad etdi.

Suriya prezidenti Bashar Asad ham rasman bu ayblovni rad qilgan va 2013 yili Damashq o‘zining kimyoviy omborlarini yo‘q qilganini eslatgan. 2016 yilning yanvarida Kimyoviy qurollarni taqiqlash bo‘yicha tashkilot (bu tashkilot 2013 yili Suriyaning kimyoviy quroldan xoli qilingani uchun Nobel mukofotini olgandi) Suriyada kimyoviy qurollar arsenali yo‘q qilingani haqida e'lon qilgandi.

Mavzuga oid