Jamiyat | 17:56 / 13.04.2017
11094
4 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro aks-sadosi: “O‘zbekiston televideniyesining jonlanish vaqti keldi”

O‘zbekistonda so‘nggi vaqtlarda olib borilayotgan islohotlar, reallikka asoslangan da'vatlar fuqarolarning bu ishlarga bo‘lgan qiziqishini yanada orttirmoqda, ularning tashabbuskor bo‘lishga undamoqda. Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston televideniyesini tanqidga olgani anchadan buyon muhokamalar markazida bo‘lib kelmoqda.

Kun.uz tahririyatiga yuborilayotgan maktublardan biri e'tiborimizni tortdi. Unda aynan shu mavzu tilga olingan edi. Zaynobiddin Isroilov imzosi ostida yozilgan talab va takliflarda jon bordek. Ularda shunday deyiladi:

“Prezident Shavkat Miziyoyev tomonidan telekanallar faoliyatini tanqid etilishi, meni shu mavzuda biroz mushohada qilishga majbur qildi. Avvalambor, men shuni ma'lum qilishim kerak-ki, asl kasbim jurnalist emas. Shuning uchun bu fikrlarni saytingizning bir muxlisi tomonidan bildirilgan xolis tanqid, deb qabul qilasizlar, degan umiddaman. 

Telejurnalistika sobiq ittifoq davrida tom ma'noda bosim ostida edi. Lekin mustaqillikdan keyin ham negadur bu soha rivoj topa olmadi. Marhum Birinchi Prezidentimiz ham jurnalistlarni bir necha bor jasurroq bo‘lishga da'vat etishlariga qaramay, bu borada taraqqiyot ko‘zga tashlanmadi. Yangi prezidentimizning tinimsiz tashviqotlari bilan jurnalistlarimizga biroz jon kirib, ular o‘tkirroq mavzularda maqolalar tayyorlab, muammolardan voqif etishmoqda. Biroq bu islohotlar nafasi faqat internet va bosma nashrlarda sezilmoqda xolos. 

O‘zbekistonda hozir 12 milliondan ortiqroq kishi internetdan foydalanadi va bu yurtimiz aholisining yarmi ham emas, shunday ekan ularning ko‘pchiligi yangiliklarni televideniye orqali qabul qiladi. Xo‘sh, axborot tarqatish bilan shug‘ullanuvchi ko‘rsatuvlarimizning ishlari sifat darajasidami? Menimcha yo‘q. 

Fikrimning tasdig‘i sifatida bir necha oy oldin ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan so‘rovnomani keltirsam. Unda ishtirok etganlarning aksar qismi televizorni deyarli ko‘rmay qo‘yganini bildirishgan. Xo‘sh, bunga sabab nima? 

Mening nazarimda bu savolga javob ko‘rsatuvlarning reallikdan yiroqlashib, oldi-qochdi mavzularning ko‘payib ketganligidadir. Mana, yaqinda tashqi migratsiya bilan bog‘liq mojaro ko‘tarildi va bu faqat internet, gazeta va jurnallar orqali yoritildi. Ammo bu mavzu televideniye orqali e'lon qilinmadi, go‘yoki suv quygandek jimjit hammayoq. Chunki hamma kanallar yallachi-yu, el tanigan-tanimagan aktyorlar bilan to‘lib-toshib yotibdi. Shuning uchun odamlarning televideniyedan ko‘ngli qolyapti. 

Agar internet foydalanuvchilarining soni shu zayl o‘sishda davom etsa, yaqin yillar ichida televideniyega bo‘lgan ehtiyoj butkul yo‘qolib ketishi ham turgan gap. Chunki internet orqali odamlarda barcha axborotni bir vaqtning o‘zida qabul qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Demak, yaqin orada telekanallar oldida katta vazifa turibdi, ya'ni faqat prezident biror sohani tanqid qilishini kutib turmasdan, tashabbus ko‘rsatib, dadil mehnat qilish vazifasi”.

Huquqiy demokratik davlatning eng ustuvor tamoyillaridan biri fuqarolarning o‘z huquq va erkinliklarini to‘la anglab yetishlaridir. O‘z Vatanidagi yangiliklarga befarq bo‘lmaslik ham ana shu tamoyillar qatorini to‘ldiradi. Yuqorida tilga olingan mavzu yuzasidan siz qanday fikrdasiz?..

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish