Videoselektorda mahalliylashtirish va eksport masalalari muhokamasi, kompaniyalar ogohlantirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2017 yil 19 aprel kuni ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hisobidan import hajmi va turlarini maqbullashtirish, shuningdek, eksport prognoz ko‘rsatkichlarining so‘zsiz bajarilishi va eksport hajmini yanada ko‘paytirish maqsadida mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solish uchun barcha darajadagi rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.
Yig‘ilishda tayyor mahsulotlar turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlarni amalga oshirish doirasida qiymati 5,5 milliard dollardan ortiq 2,8 mingdan ko‘proq mahalliylashtirish loyihasi hayotga tatbiq etilgani, ilgari xorijdan olib kelingan 4,8 mingdan ziyod yangi mahsulotlar turlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgani ta'kidlandi. Natijada keyingi besh yilda import hajmi 752 million dollarga, jumladan, 2016 yilda 286 million dollarga kamaydi.
Biroq import o‘rnini bosadigan mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari amalga oshirilayotganiga qaramasdan, Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari import hajmining asossiz oshib ketishiga yo‘l qo‘ymoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun ishlab chiqarish hajmini yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha muhim loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilishi mumkin bo‘lgan valyuta mablag‘laridan samarasiz foydalanishga olib kelmoqda.
«O‘zbekenergo», «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekengilsanoat», «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik jamiyatlari, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi, «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni korxonalarida 2016 yilda import hajmi sezilarli ravishda oshgan. Qator kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari, jumladan, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi, «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati», «O‘zbekengilsanoat», «O‘zbekenergo», «O‘zqurilishmateriallari» va «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlari, «O‘zeltexsanoat» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zfarmsanoat» davlat aksiyadorlik konserni, «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasi mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilishi o‘zlashtirilgan mahsulotlarning xorijdan olib kelinishiga yo‘l qo‘ygan. Shu bilan birga, ayrim korxonalar tomonidan xorijdan ularning asosiy faoliyatiga xos bo‘lmagan mahsulotlar ham sotib olingan.
Qayd etilgan kompaniyalar va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari import hajmi, ayniqsa, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, xomashyo va materiallarni xorijdan olib kelish hajmining o‘sishi, shuningdek, asossiz import uchun valyuta resurslarini jalb qilgani uchun ularga nisbatan qat'iy javobgarlik choralari qo‘llanilishi, hatto, egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari zimmasiga importni maqbullashtirish va qisqartirish, shuningdek, ular nazorat qiladigan tashkilot hamda korxonalarning valyuta mablag‘laridan samarali foydalanishi bo‘yicha shaxsan javob berishi to‘g‘risidagi masala yuklandi.
Yig‘ilish davomida Davlat bojxona qo‘mitasiga import qiluvchi korxonalar faoliyatining import turi va nomenklaturasiga muvofiqligi ustidan doimiy qat'iy nazorat o‘rnatish va faoliyatiga xos bo‘lmagan tovarlar olib kirilishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tegishli tezkor choralar ko‘rish uchun Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlariga har oy hisobot berishi topshirildi. Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga uskuna va texnologiyalar uchun import shartnomalarining narxlari, tender hujjatlari, shuningdek, «foydalanishga tayyor» shartlari asosida tuziladigan investitsiya loyihalarining asosliligini tanqidiy tahlil qilish topshirildi.
Mavzuga oid
20:33 / 07.09.2024
BYD Seagull O‘zbekistonda Xitoydagi narxidan 4300 dollar qimmat sotiladi
22:50 / 16.08.2024
GTL zavodi dizel ishlab chiqara boshlaganidan keyin dizel importi 7 barobarga oshdi
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024