Jahon | 23:52 / 22.04.2017
8655
2 daqiqa o‘qiladi

Orbitada bo‘lish bo‘yicha rekordchi fazogir o‘z kasbini tashlashga qaror qildi

Foto:EPA

Rossiyalik fazogir, koinotda eng uzoq vaqt bo‘lish bo‘yicha rekordchi Gennadiy Padalka fazogirlar otryadini tark etishga qaror qildi. Bu haqda Fazogirlarni tayyorlash markazi rahbari Yuriy Lonchakov ma'lum qildi. 

"Gennadiy Ivanovich fazogirlar otryadini tark etish haqida ariza berdi, ariza ikki haftadan keyin komissiya tomondan ko‘rib chiqiladi", deb aytdi Lonchakov.

Uning aytishicha, markaz fazogirning ketishga qaror qilganida katta fojia ko‘rmayapti, chunki joriy yilda yangi qabul e'lon qilingan, otryadda hali koinotga uchmagan ko‘plab fazogirlar bor.

Bu axborotni fazogirning o‘zi ham tasdiqladi. Uning aytishicha, u otryadda 28 aprelgacha ishlaydi.

"Tark etishga majburman. Bekorchilik jonga tegdi. Yana parvoz qilishimning istiqboli yo‘q. Markazda ham menga ish yo‘q", deb izohlagan bu qarorini fazogir.

Fazogirning aytishicha, u koinotda bo‘lish rekordini ming kunga yetkazib qo‘yish uchun 6-orbital parvozga jo‘nashga tayyor, biroq u ekipajga tayinlamayapti.

Padalka fazogirlik faoliyati davomida 5 marta koinotda bo‘lgan, o‘nlab marta ochiq koinotga chiqishlar amalga oshirgan. Uning koinotda bo‘lishining umumiy davomiyligi 878 kun 11 soat 29 daqiqa va 24 soniyani tashkil qiladi. 

2016 yil 15 aprelda Xalqaro aviatsiya federatsiyasi uning bu rekordini rasman tan olgan.

Padalka bu rekordni 2015 yil 29 iyunda Xalqaro koinot stansiyasida qayd qilgan. Fazogir o‘zining oxirgi parvoziga 2015 yil 27 martda jo‘nab, 12 sentabrda Yerga qaytgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish