Jamiyat | 19:06 / 11.05.2017
33534
5 daqiqa o‘qiladi

“Mustaqillik” tugadimi?..

Bu hech qanday ritorik savol emas. Kinoyaga qorishiq mushohada ham emas. Shunchaki yuqorida ko‘rib turganingiz surat ortidan tabiiy ravishda har kimning ham dastlab xayoliga keladigan, to‘g‘ri ma'nodagi savol...

Bu surat - kamina Xotira kuni sabab, ota yurtga borib, ziyorat qilib ortga qaytayotgan chog‘da - Samarqand viloyatining Oqdaryo tumani hududida, Kattaqo‘rg‘on tomondan kelaverishdagi – “Dahbed” qishlog‘idan oldingi hududda olindi. Olindi-yu, ko‘ngilda g‘alati ishtibohlar uyg‘otdi. To‘g‘ri, ehtirosga berilmasdan, mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, bu yozuv – yo‘lovchilar uchun ma'lum bir nomdagi hudud chegarasi tugaganini eslatuvchi belgi, xolos. Lekin shunaqayam o‘yga toldirguvchi belgi-ki...

Joylarga va hududlarga nom berish bilan shug‘ullanuvchi toponomik komissiyalar ishidagi jiddiy “qovun tushirdi”dan dalolat aslida bu. Yaqin tariximizda ham shunaqa - “Salla” desa, birato‘la kallani olish” xastaligi urchib yotardi. Birgina tumandagi “Lenin” nomi bilan atalguvchi bir emas, ikki emas, naq to‘rt-beshta, to‘g‘rirog‘i, “Lenin nomli”, “Leninizm”, “Lenin yo‘li”, “Lenin bayrog‘i” kabi turfa urchima nomlar bilan atalgan xo‘jaliklar, hammom peshtoqiga ham “Yashasin...”namo alvon shiorlar yozilgan davrlarni ko‘rdik. Deylik, “Proletariy” nomli kolxozda joylashgan “Kommuna” maktabida o‘qib, “Ilich” nomi bilan atalgan klublarda kinolar ko‘rdik. Balki tarixni qaytarmoq shart emasdir...

Bugungi – anchayin bir to‘yxona, mayxona va yoxud mahalla idorasi peshtoqiga ham “Istiqlol”, “Mustaqillik”, “O‘zbekiston” kabi ulug‘vor tushunchalarni bitib qo‘yib, ularni shu nomlar bilan atash – o‘sha davrlardan qolgan tushunchalarning oqavasi emasmi aslida?.. Balki “bas” qilish fursati kelgandir. Ustoz yozuvchimiz besh-olti yil avval kuyinib yozganidek, “Bir xil... bir xil... bir xil”likdan qutulish mavridi yetmadimikin?..

“Ziyolilar”, “Nuroniylar”, “Fidoiylar” kabi va hokazo “...lar” bilan atalgan ko‘cha-yu mahallalarni gapirmasa ham bo‘lar. Sirasini aytganda, bu kabi “vatanparvarlik” va “nuktadonlik” qayerdan chiqayotganiga lol qolasan...

To‘g‘risi, ushbu so‘zlarni bitib, kimlarningdir, balki xayrli va nek niyatlar bilan boshlagan ishiga soya solish yoxud bu ishlarga shubha bildirish niyatimiz yo‘q. Shunchaki, ulug‘vor nomlarni o‘rni bo‘lsa-bo‘lmasa, qo‘llayverish nechog‘li samara berishini-yu, buning o‘rischasiga aytganda, “medvejya usluga” (o‘zbekchasi - “ur” desa, ko‘zini chiqarish” bo‘ladi, shekilli) sifatida bo‘lib qolmasligiga kafolat yo‘qligini eslatish, xolos.

Xo‘p, qishloqni yoki xo‘jalikni shu nom bilan atashga atabsiz, jilla qursa nomni qo‘shtirnoqqa olib, “falon nomdagi xo‘jalik” deb yozishga nahotki juda katta kalla kerak bo‘lsa?..

Yuqoridagi suratni va undagi peshlavhani to‘g‘ri tushungan – tushunadi. Tushunmagani esa...

Yashirib nima qildik, kechagi – Xotira va qadrlash bayramini har yilgidan o‘zgacha nishonlashimiz, undagi urush yillari qo‘shiqlari va timsollarini eslashimizni – “sovetni qo‘msash”, deya talqin etguvchilar ham topildi-ku. Ana o‘shalar bu rasmni ko‘rsa bormi, ularning jag‘iga Xudo berdi, deyavering.

Shunisidan xavotirdamiz...

Komiljon Shamsiddinov, jurnalist

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid