Sport | 14:53 / 13.05.2017
13989
4 daqiqa o‘qiladi

Bokuda “Islom birdamlik o‘yinlari” ochildi, o‘zbek sportchilari qanday qatnashmoqda?

Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Avval xabar berganimizdek, 12 may kuni Ozarbayjon poytaxtidagi Olimpiya stadionida IV “Islom birdamlik o‘yinlari”ning tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Marosimda an'anaga ko‘ra, musobaqada ishtirok etayotgan barcha mamlakatlar delegatsiyasi ishtirok etdi. “Islom birdamlik o‘yinlari”da 103 nafar hamyurtlarimiz sportning 15 ta turida O‘zbekiston sharafini himoya qilishadi. Kechagi tantanali marosimda ularning aksariyati Olimpiya stadioni bo‘ylab mamlakat bayrog‘ini baland ko‘targan holda yurib o‘tishdi. Bayroqdor vazifasini esa boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Singapurda bo‘lib o‘tgan o‘smirlar olimpiadasi sovrindori Sardor Begaliyev bajardi. 

Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi
Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kecha tennis bo‘yicha qizlar terma jamoamiz dastlabki uchrashuvni musobaqa mezbonlari – ozarbayjonlik raqiblariga qarshi o‘tkazishdi. O‘zbekistonning birinchi raketkasi Sabina Sharipova Umayra Hoshimovani ikkala setda bir hil 6:1, 6:1 natijasi bilan taslim qilgan bo‘lsa, Kamola Umarova Alina Gavrish ustidan 6:2, 6:0 hisoblarida zafar quchdi. Juftlik bahslarida esa Kamola Umarova/Polina Merenkova juftligi Hoshimova/Safarova juftligini ikkala setda 6:2 va 6:0 hisoblarida mag‘lub etishdi. Natijada uchchala bahs yakuniga ko‘ra mezbonlar ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozongan tennischi qizlarimiz keyingi bosqichga yo‘llanma olishdi. 

Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Erkaklar terma jamoasi esa ilk bahsda Turkmaniston terma jamoasi bilan kuch sinashdi. Saida'lo Saidkarimov raqibi Georgiy Pochayga dastlabki setni 3:6 hisobida boy bergan bo‘lsa, keyingi ikki setda 6:4, 7:5 hisoblarida g‘alaba qozondi va uchrashuvni o‘z foydasiga hal qildi. Yana bir tennischimiz Sergey Fomin esa afsuski Yuriy Rogusskiyga yutkazib qo‘ydi. Setlar bo‘yicha hisob 2:6, 6:4, 4:6. Natijada turkmanistonlik tennischilar hisobni tenglashtirib olishdi. O‘zbekiston va Turkmaniston terma jamoalari o‘rtasidagi bahs taqdirini hal qiladigan juftliklar o‘rtasidagi baxs Bokudagi noqulay ob-havo sharoiti tufayli o‘tkazilmay qoldi. Ushbu uchrashuv bugun bo‘lib o‘tadi. Unda Saidkarimov/Sultanbekov juftligi Rogusskiy/Gurbanov juftliga qarshi kurash olib boradi. 

Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Kecha shuningdek, badiiy gimnastikachilarimiz ham bahslarni boshlab berishdi. Anastasiya Serdyukova, Nurinisso Usmonova va Sabina Tashkenbayevalar kecha koptok va xalqada bajarilgan mashqlar natijasiga ko‘ra final bosqichiga yo‘llanma olishdi. Hozircha qizlarimiz Ozarbayjon terma jamoasidan so‘ng ikkinchi o‘rinda borishmoqda. Final bahslari bugun bo‘lib o‘tadi. 

Foto: O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi

Bokschilardan kecha faqatgina Ulug‘bek Do‘smurodov ringga ko‘tarildi. 60 kg. vazn toifasida qayd etilgan hamyurtimiz ilk jangini qatarlik Erkesar Xakanga qarshi o‘tkazib 3:0 hisobida g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga yo‘llanma oldi. Bugun yana uch nafar bokschilar dastlabki bellashuvlarini o‘tkazishadi. 56 kg. vazn toifasida Abdulhay Shorahmatov qozog‘istonlik Nurbol Kaljanovga, 75 kg. vaznda Mahmud Gaipov jazoirlik Azzuz Budiaga, 81 kg. vazn toifasida esa Madiyor Saidrahimov misrlik Abdulrahmon Abdulgavvadga qarshi kurash olib borishadi. 

Bugun shuningdek, dzyudo, para-dzyudo, o‘q otish, karate va sport gimnastikasi bo‘yicha musobaqalar boshlanadi. 

Mavzuga oid