Jamiyat | 10:10 / 17.05.2017
27379
8 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda bobosining qotiliga aylangan qiz sakkiz yilga qamaldi

Go‘dak pok va beg‘ubor bo‘lib tug‘iladi. Oiladagi muhit, ota-ona berayotgan tarbiya, qolaversa, mahalla-ko‘y va boshqalar ta'sirida uning tevarak-atrofga, jamiyatga bo‘lgan munosabati, dunyoqarashi shakllanadi. Bola o‘zini o‘rab turgan ana shu ta'sirlar natijasida yaxshi yoki yomon sifatlarni o‘zlashtiradi. Endigina o‘n yetti yoshni qarshilayotgan Dilraboning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) hayotida ham shunday bo‘ldi. Tarbiyasida yo‘l qo‘yilgan xatolik sabab xarakteridagi yomon sifatlar, illatlar o‘z kuchini ko‘rsatdi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Hali oqni qoradan ajratishni bilmagan, hayotda yaxshi-yomonning farqiga bormaydigan bu qiz ana shu yoshida qo‘lini qonga beladi. Arzimagan pulni, deb bir insonning umriga zomin bo‘ldi. Ayni o‘ynab-kuladigan, navqiron yoshlik davrini panjara ortida o‘tkazishga mahkum etildi.

Mardi bobo yoshi saksonga borib qolgan, nogiron qariya. Ancha yillar avval kampiri vafot etgach, o‘g‘li Murodni yonida olib qoldi. Qizi Nafisani tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun boshqa birovning qo‘liga berib yubordi. Murod voyaga yetdi, ammo aqli zaifroq bo‘lgani uchun, oila qurolmadi. Nafisa esa ulg‘ayib, oilali, ikki o‘g‘il, ikki qizli bo‘ldi. Dilrabo ana shu Nafisaning ikkinchi qizi. Farzandlarining taqdiri uchun yelib-yugurgan Nafisa turli joylarda ishladi. Oxir-oqibat uyi yonidan kichik do‘koncha ochib, savdo qila boshladi.

Dilrabo kichik farzand bo‘lgani bois, biroz erkaroq, aytganini qildiradigan bo‘lib o‘sdi. Beshinchi sinfdayoq maktabga bormay qo‘ydi. Onasiga “Maktabda o‘qimayman, sizga yordamchi bo‘laman”, deganida ona e'tiroz bildirmadi. Qizining savdodan topayotgan bir-ikki so‘m puli ko‘ziga cho‘g‘day ko‘rindi.

Gohida Nafisa qizi Dilraboni yoniga olib otasi va ukasini ko‘rgani ularnikiga borar, uy yumushlariga qarashib, yordam berib kelardi.

Kunlarning birida ikkalasi Mardi boboning uyiga borishdi. Uyni yig‘ishtirib bo‘lishgach, Nafisa: “Ota, nafaqangizni olgandim, sandiqqa solib qo‘yyapman”, deb pulni sandiqqa soldi. Buni Dilrabo kuzatib turardi.

-  Bobo, pulingiz ko‘p ekan-ku, ellik ming so‘m bering, - dedi u onasi tashqariga chiqqanidan foydalanib.

-  Mayli, beraman, - dedi bobo. – Faqat yakshanba kuni kelib, ovqat pishirib berasan.

Dilrabo “xo‘p” deb qo‘ydi. Ammo “Bobom rosa xasis-da! Hozir bersa, puli kamayib qolarmidi”, deb ko‘nglidan o‘tkazib qo‘ydi.

Oradan bir necha kun o‘tdi.

-  Qizim, mana buni ol, - dedi Nafisa unga pul uzatarkan. – Bozorga borib, kerakli narsalarni olib kel.

Dilrabo pulni olgach, o‘ylanib qoldi. “Bobomning uyiga borib, pullarini o‘g‘irlab olsam-chi?!” U ko‘ngliga kelgan o‘yni amalga oshirish uchun onasi kalitlarni qo‘yadigan joyga bordi. Qarasa, bobosining sandig‘i kalitlari ham shu yerda ekan. Ularni cho‘ntagiga solib, ko‘chaga chiqdi. To‘g‘ri Mardi boboning uyiga bordi. Qarasa, bobosi sandiq yonida yonboshlagancha yotibdi.

-  Men keldim, - dedi Dilrabo. – Pul berasizmi?

U shunday deb xontaxta tagida turgan tarvuzni olib so‘ydi. Ikkalasi maza qilib yeb bo‘lishgach, Dilrabo savolini yana takrorladi.

-  Sen hali yosh bolasan. Onang bilan kelganingda berardim, - dedi bobo xotirjam.

Ammo bu javob Dilraboning jahlini chiqardi.

-  Unday bo‘lmaydi-da, - dedi u baqirib. – Beraman, dedingizmi, bering endi!..

-  Bor ket, boshimni qotirma, - dedi Mardi bobo ham biroz achchig‘i chiqib.

Bu muomaladan Dilrabo o‘zini bosolmay qoldi.

-  Hali shunaqami?..

U nima qilayotganini anglayolmasdi. Atrofga alangladi. Nigohi pichoqqa tushdi. Shartta pichoqni oldi-yu, bobosining qorniga ikki marta sanchib oldi. Kuchli og‘riq qarib, munkayib qolgan qariyaning butun tanasini qamradi. Tobora vahshiylashib borayotgan qiz esa pichoqni yana bir marta urdi. Ammo pichoq qayrilib, sinib ketdi. Jazavaga tushgan qiz stol ustidagi boshqa pichoqni oldi. Ingrayotgan cholning yelkasiga yana ikki-uch bor sanchdi. Mardi bobo yerga yiqildi. Shundan so‘ng Dilrabo nima qilib qo‘yganini anglagandek bo‘ldi. “Nima qilib qo‘ydim?! Bobom birovga aytsa, qamalib ketaman-ku!”. Uni vahima bosa boshladi.

“O‘ldirish kerak!”. Dilrabo shu to‘xtamga keldi. Atrofga alangladi. Ko‘zi ko‘rpaga tushdi, olib kelib bobosining ustiga yopdi, bosib turdi. “Yo‘q, bo‘lmaydi. Bunda o‘lmaydi!”.

U deraza tokchasida turgan boltani oldi. Bolta bilan bobosining duch kelgan joyiga ura boshladi... Chol nihoyat jimib qoldi.

Dilrabo endi bolta bilan sandiq qulfini buza boshladi. Cho‘ntagidagi kalit ham yodiga kelmadi. Sandiqni ochib, pullarni olgach, uydan chopib chiqib ketdi. U shu ketishda dehqon bozoriga keldi. U yerdan yangi kiyimlar sotib oldi. Qon dog‘lari tekkan eski kiyimini tashlab, yangisini kiydi. Bundan tashqari, qo‘l soati, sumka, taroq kabi buyumlarni ham sotib oldi.

Shundan so‘ng qayerga borishini, nima qilishini bilmay, tentirab yurdi. Qilgan ishidan vahimaga tushdi. O‘zini chalg‘itish maqsadida tanishi Sanjarning oldiga bordi. Ammo bu bilan ham tinchlana olmadi. Tushkunlik uning vujudini qamrab olgandi.

“Endi nima bo‘ladi, qamalib ketamanmi? Odamlar eshitsa, nima deydi? Bu kunimdan o‘lganim yaxshi!” Dilrabo ana shunday o‘y-xayollar bilan yo‘l yoqasidagi dorixonaga kirdi. U yerdan bir quti “dimedrol” dorisini, boshqa do‘kondan esa bitta daftar va ruchka sotib oldi. Shundan so‘ng onasiga “Onajon meni kechiring. Bobomning uyiga borganimda, bobom menga tegajog‘lik qildi. Shuning uchun bobomni o‘ldirdim. Endi o‘zimni ham o‘ldirayapman, alvido!” qabilida xat yozdi. Ammo jon shirin. U o‘ylaganidek, o‘zini o‘ldirolmadi. Shunday bo‘lsa-da, uyiga yaqin borib, “onamga ana shu xatni berib qo‘y”, deb xatni qo‘shnisining qizidan berib yubordi. O‘zi esa Sanjarning oldiga qaytib keldi. Kelsa, Sanjar allaqachon ketgan, o‘rnida Shohida ishlayotgan ekan.

-  Men uydagilarim bilan urishib, qochib keldim, - dedi Dilrabo. – Xo‘p desangiz, ishlaringizga yordam berib, shu yerda qolsam.

Shohida unga uyga qaytishini, oilasidagilar xavotir olishini aytdi. Ammo Dilrabo ketmadi. Shu yerda kechgacha qolib, Shohidaga yordamlashdi. Dilraboning xatini olgan Nafisa yugurgancha otasining uyiga keldi. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘larni chaqirdi. Kimdir zudlik bilan IIBga xabar berdi. Tezkor xodimlar esa Dilraboni topib, olib ketishdi... Tergov jarayonida holatga oydinlik kiritildi.

Sud hukmi bilan Dilrabo Yo‘ldosheva sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. 

Mavzuga oid