Jamiyat | 18:53 / 26.05.2017
6588
13 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik jurnalistlar Xitoyda malaka oshiradigan bo‘ldi

Yaqinda bir guruh jurnalistlar O‘zbekiston – Xitoy iqtisodiy munosabatlarining faol ishtirokchisi bo‘lgan Xitoyning bir necha shahar va kompaniyalarda bo‘lib qaytdilar. Safar davomida ular, shuningdek, Xitoy OAVlari faoliyati bilan ham tanishdilar.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra 2013 yil oxirida XXRda 1915 ta gazeta chop etilgan. Uning 400 tasi partiya nashrlari, 300 tasi shahar va tuman gazetalari, qolganlari esa tarmoq va sohalarga ixtisoslashgan. Gazeta adadi jihatidan Xitoy so‘nggi o‘n yillarda dunyoda birinchi o‘rinda. Adadi eng ko‘p dunyoning 100 ta gazetasining to‘rtdan biri Xitoyga tegishli ekanining o‘zi hayratlanarlidir. Masalan, “Jimen jibao” uch yarim, uning “Yangiliklar” ilovasi uch million nusxada chop etiladi. Bir qancha gazetalar allaqachon yirik xolding kompaniyalarga aylangan. “Chendu kundalik gazetasi”, “Chjetszyan kundalik gazetasi”, “Guandjo kundalik gazetasi”, “Xenan kundalik gazetasi”, “Dajong kundalik gazetasi” kabilar shular jumlasidandir. XXR bosma nashrlari 2013 yil yakuniga ko‘ra 77,7 mlrd yuan (13,1 milliard dollar) foyda, 8,77 mlrd. yuan (1,39 milliard dollar) sof foyda ko‘rgan.

Xitoy gazetxon mamlakat. Bu yerda unga obuna bo‘lmaganlar ham gazeta o‘qishadi. Aynan gazetalarning yangi soni bilan tanishish, uni o‘qish uchun mamlakatda 16,8 mlrd. yuan (2,8 milliard dollar) sarflanib, 600 mingta maxsus gazeta o‘qish xonalari (kutubxonalar kabi) qurilgan.

2013 yil rasmiy ma'lumotlarida mamlakatda radio to‘lqinlarni 97,8 foiz, teletasvirlarni 98,5 foiz hududda qabul qilish imkoni mavjudligi ta'kidlanadi. Teleradio to‘lqinlarini tarqatuvchi 2568 ta markaz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xitoyda “Sinxua” va Chinanews kabi qudratli axborot agentliklari mavjud. Birgina “Sinxua” dunyoning 201 ta mamlakatida o‘z muxbirlik bo‘limlariga ega.

1994 yil aprel oyida Xitoy ommaviy axborot vositalari safiga rasman internet kirib keldi. 2014 yil iyun oyidagina Xitoyda 632 million kishi internet tarmog‘idan foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Mamlakatning eng ommaviy “Sinxua”, people.com.cn, Sina.com, Xinhuanet.com internet saytlarida bir kecha kunduzda turli tillarda 10 mingta yangilik axboroti tarqatiladi. Hozirga kelib internetning ijtimoiy tarmoqlarida shaxsiy kuzatuv, voqelikka munosabat va axborot e'lon qilayotganlar soni 275 milliondan oshgan!

Xitoy komunnistik partiyasi mamlakat mediatizimlari rivojlanishi uchun sharoit yaratmoqda. 2014 yil 18 avgustda XKP Markaziy Komitetining “An'anaviy va zamonaviy mediatarmoqlarini uyg‘unlikda rivojlantirish to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng bosma va elektron ommaviy axborot vositalari tuzilmalari yangi bosqichga ko‘tarilishi kuzatilmoqda. Mamlakatning barcha xalq, millat va qavmlari tili hamda yozuvidagi matbuot zamonaviy texnologiyalar bilan ta'minlandi. Milliy mutaxassis – jurnalistlar tayyorlash Davlat dasturi amalga tadbiq etildi.

Xitoy matbuotining eng muxim o‘zagi bu shubxasiz “Sinxua” axborot agentligidir. Bizni bu yerda samimiy kutib oldilar. Tahririyatlar, multimediya sexi, tarix muzeyi, dam olish akfabog‘larigacha tanishdik. Hozirgi kunda “Sinxua” axborot agentligida 15 mingdan ziyod axborot yig‘uvchi jurnalist va muharrir ishlar ekan. Ularning 1500 nafari xorijdagi bo‘limlarda faoliyat olib boradi. Agentlik yuz foiz raqamli texnologiyaga o‘tgan.

- Bizning elektron saytimizga bir kunda 100 milliondan ziyod o‘quvchi kiradi, - deydi agentlik xalqaro axborot bo‘limi boshlig‘i Tyan Yan. – Bundan tashqari, Tviter va Feysbook’da 14 million doimiy o‘quvchimiz bor. Har haftada 400 ming yangi o‘quvchi kiradi, unga.

“Sinxua” axborot agentligi o‘z internet saytidan tashqari tasarrufida yana bir internet axborot tarqatish saytini yaratdi. U Xinhuanet.com deb ataladi.

Xinhuanet.com internet sayti 1997 yilda ochilgan va 20 yilda dunyoning barcha mamlakatlarida o‘qiladigan bo‘ldi. U o‘z axborotini eng ommaviy o‘nta tilda tarqatadi.

Xinhuanet.com internet sayti informatsion texnologiyaning so‘nggi yutuqlarini qo‘llaydi. Uning bosh tahlil ekranida sayt tarqatayotgan axborotni dunyoning qaysi mamlakatida qancha o‘quvchi o‘qiyotgani yoki qaysi sayt ko‘chirib qayta e'lon qilayotgani haqidagi ma'lumot ko‘rinib turar edi.

Sayt tahririyati bir necha katta-katta zallarga joylashgan. Hamma bir-birini ko‘rib turadi. Lekin har bir ijodiy xodimga g‘oyat qulay ish sharoiti yaratilgan. Eng quvvatli kompyuter, yagona lokal tarmoq, xarakatlanuvchi kreslo, bir o‘rin atrofi oyna bilan o‘ralgan yarim aylana stolli 9 kvadrat metrli joy. Ob-havo mo‘'tadil. Jurnalistlar qisqa vaqt dam olishi uchun yumshoq mebellar, bino tomida esa sun'iy bog‘ yaratilgan.

Bizga ma'lumotlar joylanayotgan bosh sahifani ko‘rsatdilar. Unda matn, fotosuratdan tashqari videotasvirlar, voqelik animatsiyasi, xarakatdagi sxema, diogrammalar ham bor edi.

- Voqelik haqida batafsil ma'lumot berish uchun dron (uchuvchisiz videoqurilma)lardan foydalanamiz. Unda olingan tasvirlar matnni to‘ldiradi. Aytaylik voqea yer osti shaxtasi, suv ostida yoki osmonda ro‘y bergan. Unda biz axborot muhimligini e'tiborga olib kompyuterlarda voqelikni “tiklovchi” animatsion tasvir yaratamiz. Bu usul ham o‘quvchilarni kengroq jalb etish imkonini bermoqda, - deydi Xinhuanet.com sayti bosh direktori Xia Xiapeng.

Sayt tahririyatida telestudiya ham bor ekan. Mashhur insonlar bilan suhbatlar, muhim voqelikka sharh shu yerda jonli tasvirga tushirilib saytga joylanar edi.

Xinhuanet.com saytida axborot izlash, qayta ishlash va tarqatish bilan 1700 xodim shug‘ullanadi. Xitoyning 31 ta provinsiyasida o‘z bo‘limlari bor. Belgiyada Yevropa bo‘limi ochilgan. Endi Amerika, Afrika va Osiyoda ham shunday bo‘lim ochilyapti.

- Buyuk Britaniyaning “Telegraf”, Qirg‘izistonning “Xabar” axborot agentliklari bilan axborot almashuv shartnomalari tuzganmiz. O‘zbekistonning O‘zA milliy axborot agentligi bilan ham hamkorlik qilmoqchimiz, - deydi Xia Xiapeng.

Xinhuanet.com sayti ommaviyligi kundan kun ortib bormoqda. Shuning uchun ham u o‘z aksiyalarini Shanxay birjasiga qo‘ygan.

Shenchjyen safari chog‘ida biz uning OAV faoliyati bilan ham tanishdik. Bu yerda elektron OAVni Shenzhen Media Group birlashtirgan bo‘lib, uning tarkibida 11 ta telekanal, 4 ta radiostansiya va kinostudiya faoliyat olib boradi. Shenzhen Press Group mediaxolding kompaniyasi esa 10 ta gazeta, 5 ta jurnal va 10 ta internet sayt xamda nashriyot-matbaa uyiga ega.

Tahririyatimizda 150 ta ijodiy va texnik xodim ishlaydi. Ularning 100 nafari axborot yig‘uvchi jurnalist, 30 nafari esa muharrirlardir, - deydi kundalik “Shenchjyen iqtisodiy gazetasi” bosh muharriri Chjou Pin. –Biz iqtisodiy aloqalar tufayligina O‘zbekiston haqida bilamiz. Sizlarning kompaniyamizga tashrifingiz kelgusida axborot va tajriba almashuvlar tashkil etishga eshik ochsa ajab emas.

Xitoylik xamkasblarimiz so‘zlaridan shu narsani angladik-ki, O‘zbekistonga qiziqish juda katta.

- O‘zbekiston Markazi Osiyo iqtisodiyotida yetakchi davlat sifatida o‘rin tutadi. U juda tez sur'atlar bilan rivojlanib borayotgani e'tiborlidir. Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevning Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida so‘zlagan nutqini o‘quvchilarimiz qiziqish bilan qarshi oldilar, - deyda “Shenchjyen Daily” gazetasi bosh muharriri Dun Xaytao. – Buyuk ipak yo‘lining kayta tiklanishi, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi bizning munosabatlarimizni yanada mustahkamlaydi.

Hamkasblarimiz bilan jurnalistika muammolari haqida xam fikr almashib bahslashdik. 24 sahifada, rangli har kuni chop etiladigan “Shenchjyen iqtisodiy gazetasi” tahririyati shahar markazidagi eng muhtasham osmono‘par binolardan birida joylashgan ekan. Gazeta Shenchjyen iqtisodiy rivojlanish dasturini amalga oshirishda katta rol o‘ynagan. U vatanparvarlik ruhidagi chaqiriqlari bilan xalqda birdamlik, fidoyilik shakillanishiga hissa qo‘shgan. Tahririyat muzeyida uning birinchi soni chop etilgan 1981 yil 6 iyundan to shu kungacha bosib o‘tgan yo‘li aks etgan. Jurnalistlar mehnatiga e'tibor ham munosib edi. Fotolavhalarda “Shenchjyen iqtisodiy gazetasi” tahririyatiga yillar davomida mamlakatning bir necha birinchi rahbarlari tashrif buyurgani aks etgan.

Shenchjyenda yana bir ibratli tajribani o‘rgandik. Gazetalar o‘z sof daromadini ijtimoiy loyihalarga yo‘naltirar ekan. Masalan, shu yilning o‘zida “Shenchjyen iqtisodiy gazetasi” kam ta'minlangan oila bolalarini o‘qish mashg‘ulotlari uchun mebel va kompyuterlar bilan ta'minlash, sport inshootlari qurish, iqtidorli talabalarga mamlakat bo‘ylab sayohat uyushtirish kabi loyihalarni amalga oshirgan.

Kasbimiz taqozosi, biz Xarbindagi OAV bilan ham tanishdik. Bu shahar 1890 yillarda Sharqiy Xitoy temir yo‘li qurilishi davrida paydo bo‘lgan. O‘sha yillardan shaharda rus tilidagi gazeta-jurnallar chop etish an'anasi qolgan. “Partner” jurnali ularning biri. Tahririyatda bo‘lgan uchrashuv chog‘ida jurnal boshqaruvchi direktori Fan Juyxe bizga uning tarixi, tarqatilish makoni, yutuq va muammolari haqida gapirib berdi.

– “Partner”, asosan, Xitoydagi rusiyzabon xalqlar va rossiyalik o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, har oyda 20-40 ming tirajda chop etiladi, - deydi Fan Juyxe. - Biz noshirlikdan tashqari rus tili bilimdonlari tanlovini o‘tkazamiz, til o‘rganish jamoatchilik o‘quv kurslarimiz ham bor.

Xarbin bosma nashrlar korporatsiyasida bizni uning rahbari Xu Minxiao kutib oldi. 6 ta kundalik, 2 ta xaftalik gazetalar va 2 ta oylik jurnal, internet sayt va nashriyot matbaa korxonasini o‘z ichiga olgan ekan. Xitoylik hamkasblarimiz internet tufayli adadlar qisqarishi natijasida sof daromad yildan-yilga kamayib borayotganidan nolidilar.

- Agar korporatsiyaning 2014 yilgi daromadi 600 million yuan (90 million dollar) bo‘lsa, 2016 yil yakuniga kelib u 200 million yuanga (30 million dollar) tushib qoldi, - deydi Xu Minxiao. – Biz asosiy e'tiborni tirajni saqlab qolishga qaratmoqdamiz. Har bir gazetaning o‘z mobil ilovasi bor. Unda biz qisqa axborot bera turib, uni qiziqarli dalillar e'lon qilinadigan joyida to‘xtatamiz. Mobil ilova o‘quvchisi endi voqelikning tafsiloti yoki natijasini bilish uchun gazetani ochib o‘qishi lozim bo‘ladi. Bu xam tahririyat ichki siyosatining bir yo‘nalishidir.

O‘zbekiston go‘zal diyor ekanini bilamiz. Orzuim bu yurtni bir bor ko‘rish. Balkim siz, hamkasblar menga yordam berarsizlar?

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona va Samarqand viloyati bo‘limlari hamda “O‘zekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” birlashgan taxririyati sakkiz – o‘n nafardan jurnalistlarni o‘zaro tajriba almashuv uchun Xarbin va O‘zbekistonga yuborish haqida kelishuv tuzidilar. Dastlab xarbinlik jurnalistlar O‘zbekiston Mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida tashrif buyuradigan, sentabr – oktabr oylarida esa javob safari uyushtiriladigan bo‘ldi.

O‘zbekiston – Xitoy siyosiy, iqtisodiy munosabatlari yuksak darajada shakillandi. Endi uni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini rivojlantirish va ijodiy hamkorlikni tashkil etishda biz jurnalistlar, jurnalistik tashkilotlar ham jonbozlik ko‘rsatishimiz lozim.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar:

Safar Ostonov,

Muxammadjon Obidov.

Toshkent – Pekin - Shenchjyen – Xarbin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid