Sport | 09:45 / 30.05.2017
13589
3 daqiqa o‘qiladi

Dramatik finaldan keyin APLga chiqqan uchinchi jamoa nomi ma'lum bo‘ldi

«Haddersfild» chempionshipda o‘tish o‘yinlari finalida, «Uembli» o‘yingohida «Reding»ni penaltilar seriyasida mag‘lub etdi va o‘z tarixida ilk marta premer-ligaga yo‘llanma oldi. 108 yil oldin tuzilgan bu jamoa 1972 yildan buyon yuqori divizionda o‘ynamagan.

Chempionshipda «Haddersfild» 5-o‘rinni egallagandi, «Reding» esa 3-o‘rinni. APLga o‘tish uchun pley-off o‘yinlarida «Haddersfild» dastlab «Sheffild Uensdey»ni penaltilar seriyasida mag‘lub etgandi, endi esa birinchi uchrashuvda «Fulhem» to‘sig‘idan o‘tgan «Reding»ni penaltilar seriyasida ishtirok etishga majbur qildi va g‘alaba qozondi.

«Tererlar» laqabli bu jamoani «Borussiya» Dortmund jamoasida Yurgen Kloppga yordamchi bo‘lgan Devid Vagner boshqarmoqda.

Professor Iks roli orqali muxlislarga yaxshi tanish britaniyalik aktyor Patrik Styuart ushbu jamoaning ashaddiy muxlisi hisoblanadi.

Qayd etish kerakki, bu jamoa o‘tgan mavsumda chempionshipda 19-o‘rinni egallagandi. Joriy mavsumda «tererlar» Angliya Kubogi beshinchi bosqichida (nimchorak final) «Manchester Siti» bilan ikki o‘yin o‘tkazgan va 0:0, 1:5 hisoblarini qayd etgandi.

Chempionshipda bundan avvalroq birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan «Nyukasl» hamda «Brayton» jamoalari APLga yo‘llanmani qo‘lga kiritgandi. Bu uch jamoa endi keyingi mavsumda yakunlangan mavsumda ligani tark etgan «Sanderlend», «Midlsbro» va «Hall Siti» o‘rnini egallaydi.

Chempionship
Pley-off
Final

Haddersfild – Reding 0:0 (0:0, 0:0, 0:0, 0:0), penaltilar seriyasi - 4:3
Haddersfild – Uord, Xefele, Leve, Smit (Kreyni, 88), Shindler, Hogg, Muy, van La Parra, Braun (Palmer, 98), Uells, Kachunga (Kvaner, 66).
Reding – Al-Habsi, Mur, Blekkett, Ganter, Ilori, Uilyams, van den Berg (Obita, 64), Evans, Svift (Kelli, 100), Grebben (Makkliri, 74), Kermorgan.
Penaltilar seriyasi 
1:0, 1:1, 2:1, 2:2, 3:2, 3:3, 4:3.
Ogohlantirishlar: van den Berg (17), Kermorgan (19), Hogg (29), Kachunga (61), Smit (75), Obita (105).

Mavzuga oid