Jahon | 14:24 / 04.06.2017
7294
3 daqiqa o‘qiladi

Vashington markazida Tramp tarafdorlari va muxolifat ishtirokida namoyish bo‘lib o‘tdi

Vashinton markazida AQSh prezidenti Donald Trampning yuzlab tarafdorlari va unga qarshi tomon ishtirokida miting bo‘lib o‘tdi. Bu haqida TASS xabar berdi

Respublikachilar partiyasi va Vashington ma'muriyati rahbarini qo‘llab-quvvatlovchi amerikaliklar "Parij emas, Pittsburg" nomli namoyishda qatnashish uchun Oq uy yaqinidagi Lafayyet xiyoboniga to‘planishdi. Ular Amerika yetakchisining iqlimga doir Parij kelishuvidan chiqish qarorini ma'qullab, "Biz ishchi o‘rinlar tarafdorimiz!" degan hayqiriqlar bilan qo‘llab-quvvatlashdi. 

Namoyishchilarning qo‘llarida AQSh bayrog‘i, Trampning "Amerikani buyuk qilamiz" shiori hamda "Rahmat sizga, prezident Tramp" deb yozilgan plakatlarni ko‘rish mumkin edi. Namoyishchilarning aksariyati Amerika bayrog‘i ranglarida kiyinishgan.

"Ma'lumki, OAV va demokratlar prezidentga hujum qilishda davom etishmoqda, - deyishdi tashkilotchilar. - U Amerikada yangi ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish maqsadida Parij kelishuvidan chiqishga qaror qilganidan keyin bosim yanada kuchaydi. Biz prezident Trampni qo‘llab-quvvatlayotganimizni ko‘rsatish maqsadida guruh tashkil qilamiz". 

Namoyish Virjiniya shtatidagi Respublikachilar partiyasi qo‘mitasi tomonidan tashkillashtirildi. Uning vakillari to‘planganlarni yaqin orada Trampning siyosatiga qarshi "Haqiqat uchun yurish" aksiyasi bo‘lib o‘tayotganidan ogohlantirildi. "Bugun bizning bu yerdaligimizdan xursand bo‘ladigan boshqa namoyishchilarga to‘qnash kelishimiz mumkin, - deya xabar berdi megafonda tashkilotchilardan biri. - Sizlardan bu yerga nima uchun yig‘ilganimizni unutmaslikni hamda ularga e'tibor bermaslikni so‘ramoqchiman".

Manbaga ko‘ra, ikki tomon o‘rtasida "og‘zaki to‘qnashuv"dan boshqa ziddiyatlar qayd etilmagan. Prezident Trampning o‘zi esa bu paytda Virjiniya shtatidagi golf klubida bo‘lgan.

Mavzuga oid