Mirziyoyev: Banklar ishlamayapti, «O‘zbekneftgaz» korxonalarida gaz qazib chiqarilmayapti, hokimlar harakatsiz
Toshkent shahrida 12 iyun kuni videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda joriy yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha kutilayotgan natijalarni oldindan tahlil qilish, mavjud kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etgan holda, barcha soha va tarmoqlarda belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari va maqsadli parametrlarga erishishni ta'minlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi.
O‘zA bergan xabarga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari, Prezidentning Davlat maslahatchilari, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari, viloyat, shahar va tuman hokimlari, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari, joylardagi korxonalarning rahbarlari, jamoatchilik vakillari va tadbirkorlar qatnashdi.
Yig‘ilishda mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha belgilab olingan strategik vazifalarni amalga oshirish yuzasidan joriy yilning o‘tgan davrida erishilgan ijobiy natijalar e'tirof etilib, bugungi islohotlar jarayonidagi kamchilik va muammolar, ularni hal etish yo‘llari, ijro intizomini mustahkamlash masalalari atroflicha tahlil qilindi. Jumladan, davlat boshqaruvi organlari tizimida to‘planib qolgan muammolarni hal etish, ushbu tizimni tubdan takomillashtirish va samarasini oshirish bo‘yicha keyingi paytda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta'kidlandi. Bu borada, ayniqsa, 22 vazirlik, davlat qo‘mitasi, kompaniya, uyushma va boshqa tuzilmalar yangidan yoki qayta tashkil etilgani, Vazirlar Mahkamasi komplekslari tarkibidagi o‘nlab idoralar tuzilmasi o‘zgartirilib, ularning asosiy vazifa va funksiyalariga aniqliklar kiritilgani muhim amaliy qadam sifatida qayd etildi.
Prezident yig‘ilish davomida bir qator amaldorlarni tanqid qildi.
Ayni paytda mazkur o‘zgarishlar hamma sohada ham kutilgan natijalarni bermayotgani, ba'zi yangi vazirlik va idoralar o‘z faoliyatini hanuzgacha samarali yo‘lga qo‘ymagani, bu esa 2017 yil uchun belgilangan dasturlar ijrosini ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani tanqid qilindi. Jumladan, tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilinganiga bir necha oy o‘tganiga qaramasdan, «O‘zagroeksportbank» va «Poytaxtbank»ning muassislari tomonidan ushbu banklarning faoliyatini yo‘lga qo‘yish haligacha ta'minlanmagani sabablari chuqur tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda, ayniqsa, iqtisodiyotni boshqarish sohasida eski qolipdagi, real hayotdan uzoq, yuzaki yondashuvlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bugungi shiddatli taraqqiyot hamma sohalarda vaziyatni tanqidiy baholab, ularni rivojlantirishda yangicha usul va samarali tizimlarni, zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etishni, yuksak mas'uliyat va tashabbuskorlikni talab etishiga alohida e'tibor qaratildi.
Davlat rahbari Hukumatning shu davrdagi faoliyatini tahlil qilib, hududlar bilan ishlash, har bir muammoni joylarga borgan holda, chuqur va puxta o‘rganib, izchil hal etish, samara va natijadorlik Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari faoliyatini baholashda muhim mezon bo‘lishini ta'kidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtisodiyotning ayrim soha va tarmoqlarida birinchi yarim yillik yakuni bo‘yicha kutilayotgan natijalar haqida so‘z yuritib, bu borada qator komplekslar, vazirlik va tarmoqlar rahbarlariga jiddiy e'tirozlar borligini qayd etdi. Masalan, «O‘zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasining qo‘shma korxonalarida gaz qazib chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilmoqda. Yengil, oziq-ovqat, charm-poyabzal sanoatining ayrim korxonalarida mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish yetarli darajada ta'minlanmagan.
Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, joylarga borib, har bir viloyatning o‘zida qo‘shimcha rezerv va imkoniyatlar izlab topish, shu asosda istiqbolli loyihalar ishlab chiqish amaliyoti ijobiy natija bermoqda. Bugungi kungacha umumiy qiymati 23 trillion so‘mdan ortiq 1260 loyihani ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar mavjudligi aniqlandi. Shu bilan birga, hududlarni rivojlantirish, ichki bozorni mahsulotlar bilan to‘ldirish, eksport hajmini ko‘paytirishga, eng muhimi, odamlarni ish bilan ta'minlash, ularning hayot darajasi va sifatini oshirishga yo‘naltirilgan ushbu muhim loyihalarni amalga oshirishda ham, afsuski, oqsoqlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezident yig‘ilish davomida Samarqand viloyati hokimi Himmat Oqbo‘tayevni «o‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani» uchun egallab turgan lavozimidan ozod qilgandi.
Mavzuga oid
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024
Quvvatidan to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari yoshlarni o‘qitish sharti bilan tadbirkorlarga ijaraga beriladi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 12.08.2024