Jamiyat | 16:34 / 17.06.2017
11916
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda jismoniy imkoniyati chegaralangan xotin-qizlar rag‘batlantirildi

Yurtimizda keng qamrovli islohotlar o‘tayotgan bir paytda jismoniy imkoniyati chegaralangan insonlar va kam ta'minlangan oilalarning moddiy ahvolini yaxshilash, ularni doimiy ish bilan ta'minlash, imtiyozli turar-joy bilan ta'minlash masalalari ham davlatimiz rahbarining e'tiboridan qolgani yo‘q.

Bugun Samarqand viloyat hokimligi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan tadbirda prezidentning davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov va viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Turobjon Jo‘rayev jimsoniy imkoniyatlari cheklangan xotin-qizlarni va kam ta'minlangan oila a'zolarini ish bilan ta'minlash haqida chiqish qilib, ularning ayrimlariga prezident sovg‘alarini tarqatishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan T.Xudaybergenov, avvalo, Samarqand viloyatidagi xalq qabulxonalari faoliyatidan mutlaqo qoniqmayotganini aytib o‘tdi. Toshkentga yetib borayotgan ariza-shikoyatlarning eng ko‘pi Samarqand viloyatidan ekanligi ta'kidlandi.

So‘ngra T.Xudoybergenov davlat dasturiga ko‘ra, viloyatdagi nogiron va kam ta'minlangan xotin-qizlarga moddiy yordam sifatida tikuv mashinasi taqdim etish, ular paxta mavsumigacha etak, tarozibon atrofiga to‘shaladigan va traktor tirkamalariga yopiladigan avtosholcha, qop, bo‘z tikib, kasanachilik bilan shug‘ullanishi haqida gapirib berdi.

Buning uchun ularga davlat tomonidan tikuv mashinalari tekin berilishi, shuningdek, xomashyo materiallari ham tekin yetkazilib turilishini, kasanachilarning ishlab topgan pullari esa «Xalq banki»da ochilgan plastik kartochka hisob raqamiga o‘tkazib berilishi slayd orqali, misollar bilan tushuntirib berdi. 

Bunday tadbirlar allaqachon bir qator viloyatlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida samarali yo‘lga qo‘yilgani ta'kidlab o‘tildi.

Jumladan, jismoniy imkoniyati cheklangan kasanachilar nafaqat paxta mavsumidagi buyumlar, shuningdek, temiryo‘lchilarga nimcha va qo‘lqoplar, viloyatdagi shifoxonalarning 1100 o‘rni uchun choyshab, yostiq kabi gigiyena vositalarini tikishni ham o‘z zimmasiga olishi tushuntirildi.

So‘zga chiqar ekan, viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi T.Jo‘rayev shu yilning o‘zida 314 nafar nogironga yordam ko‘rsatilishini aytib o‘tdi. «Hozir ularning 21 nafariga tikuv mashinalari tarqatiladi, 11 nafarining uyiga kechaning o‘zidayoq xomashyo materiallarigacha yetkazib berildi, — dedi T.Jo‘rayev va davom etdi: — 40 dan oshiq nogironga aravachalar, qo‘ltiqtayoq, eshitish moslamalari tarqatildi».

Viloyat «Paxtasanoat» uyushmasi allaqachon tayyorlanadigan mahsulotlar hisobidan «Qishloqqurilishinvest» hisob raqamiga 252 million so‘m o‘tkazgani, buning evaziga 21 nafar kam ta'minlangan va jismoniy imkoniyati chegaralangan eng ilg‘or kasanachilarga 2018 yili quriladigan namunali uylardan ajratilishini ta'kidlab o‘tdi T.Jo‘rayev.

Kasanachilarga tikuv mashinalarini topshirish marosimida viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.G‘ofurova ham ishtirok etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan kasanachilardan Ishtixon tumanidan Gulzora Mamanova bunday imkoniyat uchun davlatimiz rahbariga va mutasaddilarga katta tashakkur bildirib, ularning yuksak ishonchlarini oqlashga va'da berdi.

Payariq tumanidan kelgan Barno Aliqulova esa ikki farzandi bilan shu paytgacha ancha qiynalib kun ko‘rgani, kasanachilik ortidan ishlab topgan pullariga oyoq protezini almashtirishi, shuningdek, namunali uy-joylardan birini qo‘lga kiritishni mo‘ljallayotganini bildirib o‘tdi.

Narpay tumanining Totkent mahallasidan kelgan Sohiba Quvonovaning onasi qizalog‘ining juda tirishqoq va mehnatkashligini, unga bildirilgan ishonchni ortig‘i bilan uddalashini ta'kidlab o‘tdi.

Tadbirni hamma ko‘tarinki ruh bilan tark etdi. Ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan chevarlarimizning shodligining cheki yo‘q edi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid