Jamiyat | 19:09 / 21.06.2017
23074
3 daqiqa o‘qiladi

“Harakatlar strategiyasi” bo‘yicha milliy mukofot e'lon qilindi

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan tadbirlarni samarali ijro etish, amalga oshirilayotgan islohotlarni keng jamoatchilik e'tiboriga tezkor va sifatli yetkazishni rag‘batlantirish, davlat va xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada faollashtirish maqsadida “Harakatlar strategiyasi”” milliy mukofoti e'lon qilinadi!

Milliy mukofot doirasida Harakatlar strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishida quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha eng kuchlilar aniqlanadi:

•  Eng yaxshi jurnalistik material;
•  Eng faol matbuot xizmati;
•  Eng samarali faoliyat olib borgan tashkilot;
•  Eng yaxshi ijtimoiy media-mahsulot.

Shuningdek, Harakatlar strategiyasi doirasida 

•  Yilning eng yaxshi tadbiri;
•  Yilning eng yaxshi yoshlar loyihasi;
•  O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirishga qaratilgan yilning eng yaxshi loyihasi;

kabi maxsus nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlanadi. 

G‘olib va sovrindorlarni aniqlash jarayonini ochiq va adolatli tashkil etish maqsadida har bir yo‘nalish bo‘yicha maxsus komissiyalar tuzilib, turli manbalardan, jumladan, Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar, Davlat dasturi ijrosi monitoringi tahlili natijalariga asosan baholanadi.

Saralash jarayonini shaffof hamda keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar uchun onlayn va SMS ovoz berish tizimi joriy etiladi. 

Saralash bosqichlarida dastlabki ovoz berish natijalariga ko‘ra, har bir nominatsiyadan eng yuqori natija ko‘rsatgan 5 tadan nomzod aniqlanadi va har bir nomzod uchun onlayn va SMS ovoz berish yo‘lga qo‘yiladi.

Yakuniy bosqichda komissiya a'zolari dastlabki onlayn va SMS ovoz berish natijalari, shuningdek, bir qator obektiv manbalardan olingan tahlil natijalariga asoslanib, g‘olib va sovrindorlarni e'lon qiladi.

Tantanali taqdirlash marosimi shu yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tadi.

Ma'lumot o‘rnida: Ushbu tanlov ayni damda keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Mazkur milliy mukofotni ta'sis etish bo‘yicha taklif va mulohazalarni info@strategy.uz manziliga yuborish mumkin.

Murojaat uchun telefon: +998712390191.

Mavzuga oid