O‘zbekiston | 20:41 / 10.07.2017
29345
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident Sergelida metro qurilishi jarayoni bilan tanishdi

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Rejaga ko‘ra, Toshkent metrosidagi Chilonzor yo‘nalishining Olmazor bekatidan boshlanadigan Sergeli yo‘nalishida oltita bekat bunyod etiladi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Sergeli tumanida metro yo‘lini qurish o‘ta murakkab jaryon. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi metro yer usti bo‘ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi.

2017-2020 yillarga mo‘ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. O‘ziga xos muhandislik yechimlari asosida bunyod etilayotgan transport yo‘li Choshtepa mahallasidan o‘tib, Sergeli tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi Mag‘rib ko‘chasigacha boradi. 

Qurilishda foydalanilayotgan texnika turlariga alohida e'tibor berish kerakligi ta'kidlandi. Bundan tashqari geologiya masalalari ham diqqat markazida bo‘lishi kerak. 

Davlat rahbari yangi qurilayotgan yer usti metrosi yonidan o‘tadigan ko‘cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta'kidladi. 

Prezidentga Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlari haqida ham ma'lumot berildi. Bugun 2017-2019 yillarga qurib bitkazilishi ko‘zda tutilgan mazkur yo‘nalishning Turkiston bekatida poydevor quyish ishlari olib borilmoqda. 

Yangi qurilayotgan metro bekatlarining dizayni, devorlariga ishlatiladigan qurilish materiallari, tasvirlardan namunalar namoyish etildi. 

Prezident bekatlar shinam va yorug‘ bo‘lishi lozimligini alohida ta'kidladi. Yosh dizaynerlar o‘rtasida tanlov o‘tkazish bo‘yicha tavsiya berdi.

1977 yilda Toshkentda barpo etilgan ilk metro liniyasining uzunligi 12,2 kilometr bo‘lib, to‘qqizta bekatdan iborat edi. O‘zbekiston va Yunusobod yo‘nalishlari bilan Toshkent metropoliteni rivojlandi va uzunligi 39 kilometrga, bekatlari soni 29 taga yetdi. 

Mavzuga oid