O‘zbekiston | 20:15 / 13.07.2017
22597
5 daqiqa o‘qiladi

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi Prezident ma'ruzasiga munosabat bildirdi

O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining siyosiy partiyalar va parlament vakillari bilan uchrashuvidan keyin Prezident ma'ruzasiga nisbatan o‘z munosabatini bildirdi. 

U bu haqda Kun.uz tahririyatiga ma'lum qildi. Quyida uni o‘zgarishlarsiz havola qilamiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining siyosiy partiyalar va parlament vakillari bilan uchrashuvi biz uchun har tomonlama foydali, juda katta saboq maktabi bo‘ldi. Ayniqsa, siyosiy partiyalarning jamiyatda tutgan o‘rni uchun bu uchrashuv va g‘amxo‘rlikning ahamiyati juda zalvorli.

Ma'ruzada O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga bildirilgan tanqidiy fikrlar juda o‘rinli. Bu albatta, bizdan ish uslubimizni o‘zgartirishni, har bir masalaga ijodiy yondashuvni talab qiladi.

Ochig‘i, saylovlarda katta va'dalar bilan xalqning oldiga chiqqanmiz. To‘g‘ri-da, kimdir “Saylovlarda bergan va'dang qani, lafzing bormi” desa, nima degan odam bo‘lamiz. Bugun xalqimiz uyg‘ongan, odamlarimiz bir-biridan faollashgan. Ular bizdan ko‘p yangiliklar kutmoqda. Nima uchun biz katta yukni yelkamizga olib, islohotlardan orqada qolishimiz kerak? 

Fan, ta'lim va tibbiyot sohalarida partiyamizning faolligi yetishmaganligi juda o‘rinli tanqid qilindi. Haqiqatdan ham biz bu sohalarda oqsoqlik qildik. Joriy yilda bu sohalarda partiya birorta ham tashabbus ko‘rsatmaganining o‘zi sustkashligimizdan dalolat beradi.

Prezidentimiz esa joriy yilning o‘zida ilm-fan namoyondalari, olimlar, ziyolilar bilan uchrashib, ularni qo‘llab-quvvatladi, zamonaviy texnoparklar, erkin iqtisodiy zonalar, innovatsion markazlar tashkil qilish choralarini ko‘rdi. Bularni butun xalqimiz ko‘rib turibdi. 

Ayniqsa, oliy ta'lim kvotasining oshirilganligi, nostrifikatsiyadagi yengilliklar, 11 yillik o‘rta ta'lim tizimini qayta joriy etish haqidagi tashabbuslari ota-onalarning, barcha yoshlarning yuragidagi gap bo‘ldi. 

Ma'ruzada o‘rinli ta'kidlanganidek, partiyamiz o‘z dasturlarida sud-huquq sohasiga alohida o‘rin ajratgan. Bu borada partiyaning tashabbussizligini tan olamiz. Xususan, partiyamizning “Adolat – qonun ustuvorligida”, “Kuch – adolatda” kabi g‘oyalarni ilgari surib, sudlar mustaqilligini, sud qarorlarining qonuniyligini, faoliyatining ochiqligini ta'minlash zarurati haqida saylovchilarga bergan va'dalarimiz bo‘yicha biron-bir asoslantirilgan taklif kiritganimiz yo‘q.

Ochig‘ini aytsam, Prezidentimizning sohaga doir qaror va farmonlarida biz bergan va'dalar bosqichma-bosqich o‘z yechimini topayotganligi bizni quvontirsa, tashabbus qilmaganimiz uyaltiradi.

To‘g‘rida, "Kuch - adolatda" shiori bilan chiqqan partiyaning odil sudlov organlari faoliyatini xalqaro talablar darajasiga ko‘tarish, advokatura instituti maqomini kengaytirish, hakamlik sudlarini yanada rivojlantirish kabi masalalarda o‘z fikr-mulohazalari bo‘lmasa. 

Partiya rahbarlarini hademay saylovlar bo‘ladi, biz saylovchilar oldiga nima deb boramiz, degan masala o‘ylantiradi. “Biz saylovlarda bergan va'dalarimizni bajardik, yana bizga ovoz beringlar”, desak, kechirasiz, bularni Prezident bajardilar, deb javob qaytarishlari aniq. Aslida, bu ishlarda partiyamiz va undan ko‘rsatilgan deputatlarimiz ham tashabbuskor bo‘lishi kerak edi.

Xalqimizda "Do‘st achitib gapiradi", degan purma'no hikmat bor. Biz albatta, kechagi yig‘ilishdan to‘g‘ri xulosa chiqaramiz. Faoliyatimizni tanqidiy tahlil qilamiz. Barcha ishlarimizni shaxsiy javobgarlik hissi bilan tez kunda qayta ko‘rib chiqamiz. Ularning samarali mexanizmlari ustida ishlaymiz. Saylovchilarimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz. O‘zbekiston “Adolat” partiyasining xalq orasida nafaqat taniluvchanligini, obro‘sini oshirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘ramiz va bu haqda xalqimizni xabardor qilib boramiz.

Abdukamol RAHMONOV, 
O‘zbekiston “Adolat” SDP 
Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid