Jamiyat | 18:38 / 24.07.2017
48193
2 daqiqa o‘qiladi

Camarqandda ichki ishlar xodimlari ishtirokida mudhish avtohalokat sodir bo‘ldi

Samarqandda ichki ishlar organida ishlovchi amaldagi va sobiq xodimlar ishtirokida o‘limga olib kelgan mudhish avtohalokat sodir bo‘ldi.

Voqea 23 iyul kuni tunda M37 (Samarqand-Buxoro-Turkmanobod-Ashxobod) yo‘lining Samarqanddan boshlanadigan qismida yuz bergan.

«Kun.uz» tahririyatiga yetib kelgan ma'lumotlarga ko‘ra, haydovchi boshqaruvidagi «Neksiya» avtomashinasi tungi soat 22:30–23:00 lar oralig‘ida katta tezlikda yo‘lga o‘rnatilgan bordyurga borib urilgan. Qayd etish kerakki, ayni paytda yo‘lning Samarqand xalqaro aeroportining ortidan ushbu qismida yo‘l qurilish, yo‘lning qatnov qismi o‘rtasiga beton bordyur o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar vazirligidagi manbaning «Kun.uz»ga xabar berishicha, voqea ichki ishlar xodimlarining ishdan tashqari vaqtida, shaxsiy avtomashinasi bilan yuz bergan. Mashina ichidagi to‘rt nafar yo‘lovchi hayotdan ko‘z yumgan. 

«Kun.uz» surishtiruvi bilan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, vafot etganlardan uch nafari IIBning amaldagi, bir nafari iste'foga chiqqan qo‘riqlash xizmati xodimlari bo‘lgan. Xodimlardan biri Oqdaryo tumanida, uch nafari esa Tayloq tumanida istiqomat qilishgan.

Mavzuga oid