OAV Saudiya Arabistoni taxti vorisiga suiqasd haqida xabar topdi
Jidda shahrida Saudiya Arabistonining yangi valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon hayotiga suiqasd uyushtirilgan. Bu haqda arab nashrlaridagi xabarlarga asoslangan holda Erondagi FARS agentligi xabar tarqatdi.
Manba ma'lumotiga ko‘ra, valiahd hayotiga saudiyalik shahzodalardan biri suiqasd qilgan. Muhammad ibn Salmonga shikast yetmagan, uni o‘ldirmoqchi bo‘lgan shahzoda hibsga olingan.
FARS agentligida qayd etilishicha, Muhammad ibn Salmonning keyingi qarorlari, shuningdek, o‘z raqobatchilaridan o‘ch olishga bo‘lgan harakatlari boshqa shahzodalar o‘rtasida norozilik keltirib chiqarmoqda.
Mahalliy nashrlarda yozilishicha, Saudiya Arabistoni qiroli Salmon yaqin 5 oy ichida o‘z o‘g‘li foydasi uchun taxtdan voz kechishi mumkin. Yaqin vaqtlar ichida u Marokashga ta'tilni o‘tkazish uchun yo‘l oladi, u yo‘qligida esa Muhammad ibn Salmon mamlakatni boshqaradi.
Muhammad ibn Salmon 21 iyun kuni uning otasi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud valiahdni o‘zgartirish haqidagi farmonni imzolagandan so‘ng valiahd shahzodaga aylangandi: jiyani Muhammad ibn Noif o‘rniga qirolning 31 yoshli o‘g‘li taxt vorisi, deb e'lon qilingandi. Muhammad ibn Noif ichki ishlar vaziri lavozimidan ham mosuvo bo‘ldi, Muhammad ibn Salmon esa mudofaa vaziri lavozimi va hukumatda bosh vazir o‘rinbosarligini saqlab qoldi.
Muhammad ibn Noif ayni vaqtda uy qamog‘ida saqlanmoqda. Valiahd maqomidan ayrilgach, u hech qayerga chiqa olmaydi va hech kim bilan telefon orqali muloqot qila olmaydi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, uning taxt vorisligidan chetlatilishiga giyohvand bo‘lib qolgani sabab edi.
Mavzuga oid
09:33 / 23.11.2024
Flyadeal Jiddadan Toshkentga parvozlarni yo‘lga qo‘ydi
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
09:25 / 11.11.2024