Jamiyat | 18:04 / 23.08.2017
9946
2 daqiqa o‘qiladi

Pult orqali elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan tadbirkor siri fosh bo‘ldi 

Elektr energiyasidan mavjud qarzdorlikni undirish bo‘yicha Majburiy ijro byurosining Samarqand shahar bo‘limi tomonidan Samarqand shahar «Ziyokor» mahallasida o‘tkazilgan reydda «Yangi hayot» ko‘chasi 1-uyda joylashgan fuqaro Guliston G‘afforovaga tegishli «Samarqand Guliston Baraka» ma'suliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qolipli non mahsulotlari tayyorlash sexida elektr energiyasidan masofadan turib boshqarish pulti orqali noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. 

Mazkur sexda 1 dona gaz tortish nasosi, 2 dona elektr gaz pechi, 1 dona elektropech, 1 dona xamir qorgich, 1 dona «Ariston» suv isitgichi, 1 dona sovutgich va 5 dona lampochka ulanib, umumiy quvvati 26,4 kVt.soatlik jihozlar elektr hisoblagich orqali o‘tishi lozim bo‘lsa-da, elektr energiyadan noqonuniy foydalanib kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yildagi «Elektr va issiqlik energiyasidan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Elektr energiyasidan foydalanish» qoidalariga zid ravishda sexda yashirin tarzda elektr hisoblagichga masofadan turib o‘chirib-yoqish uskunasi o‘rnatganligi ma'lum bo‘ldi. Holat yuzasidan «Merkuriy» rusumli elektron elektr hisoblagich va elektr hisoblagichni masofadan turib o‘chirib-yoquvchi boshqaruv pulti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi. 

Ushbu holat bo‘yicha tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, fuqaro Guliston G‘afforovaga tegishli «Samarqand Guliston Baraka» mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qolipli non mahsulotlari tayyorlash sexi elektr energiyasi tarmog‘idan to‘liq uzildi. Tadbirkorning elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi yuzasidan davlat manfaatlariga dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra yetkazilgan zarar summasi 68 mln. 34 ming 384 so‘mni tashkil qilmoqda. 

Farhod Norbo‘tayev,
jurnalist.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid