O‘zbekiston | 19:20 / 25.08.2017
6878
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik shifokorlar Tojikistonda sil kasalligini davolash borasida tajriba almashishmoqda

Foto: news.tj

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasining sil kasalligi bo‘yicha mutaxassislar guruhi Tojikistonga yetib bordi. O‘zbekiston va Tojikiston ftiziatr-mutaxassislarining uchrashuvi birinchi marta Amerika xalqaro rivojlanish agentligi (USAID)ning qo‘llab-quvvatlashi ostida kechdi. News.tj shu haqida xabar berdi. 

O‘zbekistonlik shifokorlar Tojikistondagi Sil, pulmonologiya va torakal jarrohlik milliy markazining Ilg‘or tajriba markazida bo‘lishdi. Shuningdek mutaxassislarimiz qo‘shni mamlakatdagi boshqa tibbiy o‘quv va sil kasalligini davolashga yo‘naltirilgan muassasalarga borishdi hamda u yerda tojikistonlik hamkasblari bilan tajriba almashishdi. 

Foto: news.tj

Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislar tibbiy ta'limdagi eng yangi yondashuvlar bilan tanishishdi va sil sohasidagi ta'lim integratsiyalarini tibbiy ta'lim muassasalari o‘quv dasturlariga kiritish borasida ma'lumot almashishdi. 

Tojikistonda USAID tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi  Ilg‘or tajriba markazi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining so‘nggi tavsiyalari asosida minglab tibbiyot xodimlari va talabalarni sil kasalligini aniqlash va uni davolashda eng yangi yondashuvlarni qo‘llashga o‘rgatish maqsadida tashkil qilingan. 

U yerda qatnashayotgan o‘zbekistonlik shifokorlar Toshkentda USAID ko‘magida tashkil etilayotgan Ilg‘or tajriba markazida murabbiy va instruktor vazifalarini bajarishadi. 

USAID tashkiloti besh yillik dasturining asosiy maqsadi - O‘zbekiston va Tojikistonda sil bilan kasallanganlar sonini kamaytirish.

Mavzuga oid