Sport | 15:35 / 30.08.2017
29864
2 daqiqa o‘qiladi

Hasanboy Do‘smatov Amitni o‘zi uchun «noqulay raqib» deb atadi

Foto: AIBA

Germaniyaning Hamburg shahrida boks bo‘yicha AIBA shafeligi ostida o‘tayotgan jahon chempionati bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillari ishtirokini davom etmoqda.

Chorak final janglaridan so‘ng o‘zbekistonlik 6 nafar bokschi yarim final yo‘llanmasiga ega bo‘ldi.

Kecha, 29 avgust kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvlardan so‘ng Kun.uz muxbiri terma jamoa a'zosi Hasanboy Do‘smatov bilan bog‘landi.

«Keyingi bosqichga biz ko‘proq bokschilarimiz chiqishini xohlagandik. Nima ham derdik. Bu boks. Ayni paytda jamoamizning olti nafar bokschisini sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgani ham yaxshi natija. Germaniyada sharoitlar yaxshi. Jamoadagi muhit jangovar. Buyog‘iga hal qiluvchi bahslar bo‘lib o‘tadi. Endi asosiysi, yigitlarda yutish uchun xohish katta. Isroil Madrimov jangiga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘yinni barcha ko‘rdi va xulosa chiqardi.

Kecha birinchi bo‘lib ringga ko‘tarilib, Amit bilan juda og‘ir jang o‘tkazdim. Bilasizmi, sportda «noqulay raqib» degan atama bor. Aynan mana shu hindistonlik bokschi menga o‘ta noqulay raqib. Shu yilgi Osiyo chempionatida ham Amit bilan to‘qnash kelganimda, ancha ter to‘kishga majbur qilgandi. Xudoga shukr, g‘alaba men tarafda bo‘ldi. Bizni qo‘llab turgan barcha ishqibozlarga jamoa yigitlari nomidan salomimizni yetkazib qo‘ying», deydi Hasanboy Do‘smatov.

Eslatib o‘tamiz, 31 avgust va 1 sentabr kunlari olti nafar bokschimiz jahon chempionatining yarim final bahslarini o‘tkazish uchun ringga ko‘tariladi.

Elmurod Ermatov, Andijon

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid