Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Zapad–2017». Rossiya vertolyoti tomoshabinlarga raketa otdi
Rossiyada o‘tayotgan «Zapad–2017» harbiy o‘quv mashg‘ulotlari vaqtida Ka-52 vertolyoti xatolik tufayli tomoshabinlar ustiga raketa bilan zarba berdi.
66.ru xabariga ko‘ra, bu hodisa ro‘y bergan vaqtda tomoshabinlar Sankt-Peterburgdagi «Lujskiy» poligoni yaqinida yig‘ilgan edi. Ikki kishi jarohat oldi. «Havo-yer» toifasidagi raketa texnik nosozlik tufayli uchirib yuborilgan.
Avvaliga OAVda bu hodisa 18 sentabr kuni bo‘lgani, «raketa jurnalistlar ustiga kelib tushgani», «og‘ir jarohatlanganlar borligi» haqida xabarlar berildi.
Rossiya Mudofaa vazirligi esa 18 sentabr kuni hech qanday hodisa ro‘y bermagani, bu 14 sentabr kuni boshlangan mashg‘ulotlarning boshqa kunida ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Shuningdek, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘qligi, faqat bitta yuk mashinasi shikastlangani aytildi.
Keyinroq bu hodisa 16 sentabr kuni ro‘y bergani, ikki jurnalist jarohatlangani ma'lum bo‘ldi.
G‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati bu holat tasvirlangan video vertolyotlar yerdagi nishonlarni yo‘q qilish bo‘yicha mashqlar o‘tkazishga tayyorlanayotgan vaqtda ro‘y berganini keltirib o‘tgan.
«Ijtimoiy tarmoqlardagi gaplar ahmoqona gaplar. Bu ig‘vo», deyilgan okrug matbuot xizmati xabarida.
Qayd etish kerakki, ushbu mashg‘ulotlarni kuzatish uchun dunyoning 50dan ortiq mamlakatidan jurnalistlar va harbiy attashelar tashrif buyurgan.