Jahon | 10:40 / 21.09.2017
9443
3 daqiqa o‘qiladi

Seysmologlar Meksikada yangi zilzilalar yuz berishi mumkinligini ta'kidlashmoqda

Foto: RIA «Novosti»

7,1 magnitudali kuchli zilziladan jabr ko‘rgan Meksikada shu kuchdagi yoki undan kuchsizroq yangi zilzilalar yuz berishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning zilzilalar tez-tez sodir bo‘lib turadigan Uzoq Sharqi seysmologlari RIA “Novosti” axborot agentligiga so‘zlab berishdi. 

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 19 sentabrda sodir bo‘lgan zilzila oqibatida kamida 230 kishi halok bo‘lgan.

Ushbu zilzila Rossiya Fanlar akademiyasi, Geofizika xizmati Saxalin filialining barcha seysmostansiyalari tomondan qayd qilingan. Bu haqda "Janubiy Saxalinsk" seysmostansiyasi xodimasi Yelena Semenya ma'lum qildi.

Uning aytishicha, 19 sentabrdagi zilzila 8 sentabrda yuz bergan kuchliroq zilziladan keyingi aftershok bo‘lgan.  

"Ehtimol, bu eng kuchli aftershoklardan biri bo‘ldi. Takroriy zilzilalar yana bo‘ladi. Ehtimol shunday kuchdagi yoki biroz kuchsizroq. Qoidaga ko‘ra, kuchli silkinishlar asosiy zilziladan keyin bir oygacha davom etib turishi mumkin. Kuchsizroq aftershoklar esa bir yil va undan ham ko‘proq vaqt davom etadi. Bu jadal davom etayotgan aftershok faolligidan darak beradi", deb aytgan Semenya.

Uning ta'kidlashicha, xuddi shunday vaziyat 1995 yil Neftegorskdagi zilziladan keyin kuzatilgan. O‘shanda 7,2 magnitudali asosiy silkinishdan keyin bir yil davomida ancha kuchli takroriy silkinishlar davom etib turgan.

"Meksika ko‘plab yoriqlarga ega seysmik faol tumanda joylashgan. Umuman Tinch okeanining butun sohilbo‘yi bo‘ylab ko‘plab vulqonlar joylashgan, bu Tinch okeani vulqonlar halqasini tashkil qiladi. Va bu yerda doimiy ravishda Meksikadagidek jarayonlar yuz beradi. Ular ko‘p sodir bo‘lmaydi, biroq hozirdagidek vayronkor bo‘lishi mumkin", deb aytmoqda mutaxassis.

Uning aytishicha, Meksikada yangi silkinishlar sodir bo‘lishi mumkin, biroq yaqin orada ular uncha kuchli bo‘lmaydi.

"Kuchli zilzilalar uncha ko‘p bo‘lmaydi, bir necha yoki bir necha o‘n yillardan keyin takrorlanishi mumkin. Aniq prognozlar uchun hisoblashlar, hududning seysmik holati lozim, zilzilalar davriyligini kuzatish kerak. Meksika yana silkinadi, biroq yaqin orada bu silkinishlar uncha kuchli bo‘lmaydi", deb hisoblamoqda Semenya.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid