Fan-texnika | 17:48 / 25.09.2017
17612
7 daqiqa o‘qiladi

iPhone 8 drop-testlari qanday natija ko‘rsatdi?

Foto: WylsacomRED

Qator mamlakatlarda iPhone 8 va iPhone 8 Plus smartfonlarining sotuvlari boshlandi. Yangi qurilmaning avvalgilariga nisbatan eng katta farqi - uning shisha korpusida.

Apple 2011 yildan buyon shisha korpusda ayfon ishlab chiqarmagan edi. iPhone 5'ning alyuminiy korpusi o‘zini mustahkam va uzoq muddatga chidamli ekanini namoyish qildi, lekin simsiz zaryad tizimiga xalaqit berdi. iPhone 8 sotuvlariga start berilishi bilan butun dunyo testerlari  va videoblogerlari yangi telefonni sinashga kirishishdi. Roliklarda iPhone 8'ni ba'zan Samsung Galaxy S8 yoki Note 8 bilan taqqoslashadi - ularning ham korpusi shisha bo‘lishi bilan birga Koreya smartfonlari Apple'ning eng asosiy raqibi hisoblanadi.

 

Betonga "qulash" testlari

JerryRigEverything videoblogi muallifi ikki iPhone 8 qurilmasining betonga "qulash" effektini taqqoslagan: smartfonlardan biri himoyasiz, ikkinchisi esa plastik keysda. Ilk ikki sinovda smartfonlarga deyarli ziyon yetmadi, uchinchi sinovda himoyasiz iPhone 8'ning ekrani darz ketdi, to‘rtinchi martasida esa, orqa qopqoq darz ketdi. Shunday bo‘lsa-da, smartfon ishlashda davom etdi. Keysdagi smartfon barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi, hatto qo‘llarni bosh uzra ko‘tarib, pastga qarab  otilganida ham. 

PhoneBuff blogerlari Note 8 va iPhone 8 Plus'ni drop-testlarga mo‘ljallangan maxsus uskunalar yordamida sinovdan o‘tkazishdi. Smartfonlar old, orqa va yon tomon bilan irg‘itilib, maxsus uskunada sinaldi. So‘nggi test nisbatan kamroq ziyon darajasini ko‘rsatdi: ikki modelda ham smartfon burchaklari zarbalarga chidamli bo‘lib chiqdi, ularga yengilgina ziyon yetdi.

Qattiq toshning ustiga "qulash" sinovida ikki tomon natijalari ham ijobiy emas. Ekranlar orqa qopqoqqa nisbatan ancha chidamli bo‘lib chiqdi - iPhone 8 Plus 10 marta qulash sinoviga bardosh bera olmadi va uning multitachi to‘g‘ri ishlamay qoldi. Note 8'ning orqa qopqog‘i nisbatan chidamli bo‘lib chiqdi. Biroq ikki smartfonning orqa qopqog‘i ham birinchi zarbadayoq darz ketdi.

PhoneBuff'dan yana bir video - bu safar blogerlar iPhone 8 va Galaxy S8 smartfonlarini taqqoslashdi. Koreya smartfoni qopqoq bilan "qulash" sinovlarini iPhone 8'ga nisbatan "og‘irroq kechirdi": S8'ning shishasi yengil darz ketdi, iPhone'da esa - yo‘q. Rolik mualliflari uchun kutilmaganda, telefonlarni old tomondan "qulatish" ham xuddi shunday natija berdi. Biroq oxir-oqibat, ketma-ket uchinchi qulashda iPhone 8'ning o‘ng tomon ekrani darz ketdi. 

EverythingApplePro loyihasi yangi ayfonlarni o‘tgan avlod bilan taqqosladi. iPhone 8 Plus va iPhone 7 Plus'ni o‘rtacha balandlikdan orqa qopqoq bilan yerga tushirilganda - yangi smartfon sinovdan "jarohatlarsiz" o‘tdi. Biroq smartfonlar bo‘y barobar balandlikdan tashlanganda iPhone 8 Plus'ning orqa paneli darz ketdi. Qurilmaning orqa qopqog‘i takroriy sinovni "ko‘tara olmadi": undan kichik bir bo‘lak ajralib ketdi.

"Jarohatlar"

iPhone 7 va iPhone 8 smartfonlarini maxsus to‘plamli uskunalar yordamida sinalganda, EverythingApplePro yangi avlod smartfonlari avvalgisiga nisbatan jarohatlarga chidamli ekani ma'lum bo‘ldi.

JerryRigEverything blogeri iPhone 8'ning nafaqat shishasiga, balki uning sapfir bilan qoplangan kamerasiga ham ziyon yetkazdi. Bloger shisha tuzilmasi mikroskop ostida ko‘rilganda, uning toza sapfir emas, sapfirning u qadar mustahkam bo‘lmagan modda bilan qotishmasidan ishlangani aniqladi. Bundan tashqari, alyuminiy qoplama va barcha tugmalar "jarohatlar"ga moyil bo‘lib chiqdi, shisha ekran va hoshiya o‘rtasida esa ingichka plastik chiziq o‘tgan: hoynahoy aynan shu qismi bir vaqtning o‘zida ham germetik, ham himoya vazifasini o‘taydi.

Buklanuvchanlik sinovlari

Buklanuvchi ayfonlar muammosi 2014 yildayoq paydo bo‘lgandi. O‘shanda alyuminiydan ishlangan iPhone 6 chiqqandi va foydalanuvchilar uning naq cho‘ntakning o‘zida buklanib qolishi mumkinligidan shikoyat qilishgandi. Test natijalari hatto ikki avloddan keyin ham muammo saqlanib qolganini ko‘rsatmoqda - biroq iPhone 8'da emas.

JerryRigEverything videoda iPhone 8'ni qo‘lida buklashga harakat qiladi, biroq buning uddasidan chiqmaydi. Blogerning so‘zlariga ko‘ra, shisha korpus avvalgi avlod smartfonidan farqli o‘laroq, mutlaqo buklanmaydi va sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. iPhone 7 esa sinovga dosh bera olmadi. 

EverythingApplePro xuddi shunday test o‘tkazdi, biroq katta kuch bilan. iPhone 7 ovozni sozlash tugmasi joylashgan joyidan ikkiga ajralib ketdi, ammo iPhone 8 sinovdan deyarli muvaffaqiyatli o‘tdi. Videoblog boshlovchisi uni qanchalik kuch bilan buklashga urinmasin, shisha sinmadi - faqat bir muddatga ekran hoshiyadan chiqib ketdi va yana joyiga tushdi.

"Cho‘ktirish" sinovlari

Bloger Jonatan Morrison iPhone 8 va Galaxy S8'ni bir soatga muzdek suvli favvoraga yukladi - jamoa smartfonlardan ko‘ra ko‘proq shubhali erkakni kuzatishiga to‘g‘ri keldi. Suvdan himoyalovchi texnik xususiyatlar ta'rifiga ko‘ra, Galaxy S8 raqibiga nisbatan yaxshiroq natija ko‘rsatishi kerak edi.

Shunday bo‘lsa-da, ikki smartfon ham omon qoldi - favvoradan qaytarilgan smartfonlar o‘z funksiyalarini to‘liq saqlab qolgandi.

Bundan tashqari, TechRax'ning sho‘r suvda olib borgan sinovlari ham smartfonlarda hech qanday muammolar yo‘qligini ko‘rsatdi.


 

iFixit'dan xulosa

iPhone 8 qurilmasi mashhur iFixit servisi mutaxassislari tomonidan o‘rganilganda, yangi smartfonning shisha qopqog‘ini ta'mirlash uchun qurilmani to‘liq buzishga to‘g‘ri kelishi aniqlandi. Muammo shundaki, iPhone 8 "tubi"dagi komponentlar shu qadar zich va murakkab joylanganki, hamma ta'mirchilar ham uni qayta yig‘ishning uddasidan chiqa olishmaydi. iFixit iPhone 8'ni ta'mirga moyillik bo‘yicha atigi 6 ballga baholadi - bu iPhone 7/ 7 Plus, iPhone 6s/6s Plus va iPhone 6/6 Plus'dan pastroq - ularning barida 7 balldan.

Mavzuga oid