O‘zbekiston | 11:22 / 30.09.2017
21225
3 daqiqa o‘qiladi

Qanday holatlarda Ichki ishlar organlari xodimlariga xizmat uy-joylari beriladi?

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining 26.09.2017 yildagi 765-son qarori bilan Ichki ishlar organlarining xizmat uy-joylari fondini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
 
Hujjat quyidagi tartibni belgilaydi:

•  xizmat uy-joylarini va uy-joyga yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj xodimlarni hisobga olish;
•  xodimlarga xizmat uy-joylari va yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasi berish;
•  xizmat uy-joylari uchun orderlarni berish, to‘xtatib turish va saqlash.
 
Uy-joyga yoki yashash sharoitlarini yaxshilashga muhtoj xodimlarni hisobga olish, shuningdek uy-joylarni taqsimlash bilan tegishli ravishda IIV Markaziy apparatining va hududiy IIOning uy-joy-maishiy komissiyalari shug‘ullanadi. Ularning tarkibi, huquq va majburiyatlari, faoliyatini amalga oshirish hamda ularning ishini nazorat qilish tartibi ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan belgilanadi.
 
Xodimlarga xizmat joyi bo‘yicha xizmat uy-joyi taqdim etiladigan shart-sharoitlar belgilandi:

•  agar xodim yoki uning oilasi uy-joy mulkiga ega bo‘lmasa va uyni ijaraga olmasa;
•  agar uy-joyi bo‘lsa (mulkida yoki ijaraga),  ammo u xizmat joyidan 60 km va undan ortiq uzoqlikda joylashgan bo‘lsa;
•  agar uy-joyning umumiy maydoni 1 oila a'zosi uchun belgilangan ijtimoiy normadan past bo‘lsa (hisoblashda xodimning qo‘shimcha uy-joy maydoniga huquqi hisobga olinadi);
•  agar xodim ayrim surunkali kasalliklarning og‘ir turlari bilan kasallangan bemorlari bo‘lgan boshqa oilalar ham istiqomat qilayotgan va ular bilan birgalikda yashash imkoniyati bo‘lmagan kvartiralarda yashasa;
•  agar xodim qarindosh bo‘lmagan ikki va undan ortiq oila istiqomat qiladigan, alohida ajratilmagan yonma-yon xonalarda yashasa.
 
Xizmat uy-joyi ijara shartnomasi asosida beriladi va navbat tartibiga ko‘ra taqsimlanadi. Xizmat uy-joyi bo‘linmaydi va almashtirilmaydi, shuningdek xususiylashtirilmaydi, bundan ayrim holatlar mustasno.
 
Hujjat 28.09.2017 yilda kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid