Jahon | 16:20 / 01.10.2017
26188
10 daqiqa o‘qiladi

Naqd pullardan voz kechgan nochor mamlakat - Somalilend

Sharqiy Afrikadagi Somalilend davlati o‘z aholisining yuqori darajada savodsizligi bilan ajralib turadi, mamlakat iqtisodiyoti esa fuqarolik urushi natijasida tanazzulga yuz tutgan. Shunday bo‘lsa-da, Somalilend Yer yuzidagi naqd pullar muomaladan chiqariladigan yagona mamlakat bo‘lishi mumkin. 

O‘zini o‘zi davlat deya e'lon qilgan Somalilendning poytaxti Xargeys ko‘chalarida bir necha erkak ko‘p sonli rastalardan biri atrofiga yig‘ilgan. Ular kat (ko‘pincha bir vaqtning o‘zida ham qahva, ham kokaninga qiyoslanuvchi yengil giyohvand modda)ning xususiyatlari haqida bahs yuritishardi.  

Xaridorlar o‘z vaqtlarini bekorga sarflashni yoqtirishmaydi: ular sotuvga ruxsat berilgan bu yashil barglardan iborat bog‘ini olib, mobil telefonlarida bir necha raqamni shoshilinch terib, qanday paydo bo‘lishgan bo‘lsa, shunday ko‘zdan g‘oyib bo‘lishardi. 

Biroq xaridorlarning hech birida naqd pullar yo‘q, bu yerda kredit kartalaridan ham foydalanishmaydi. Biroq bu kat bepul beriladi degani emas: u uchun telefon orqali hisoblashishadi, mobil qurilmada bir necha raqam teriladi, xolos. 

Naqd bo‘lmagan to‘lovlar — bu Somalilend jahonda yetakchilik qiluvchi yagona tizim bo‘lsa kerak. 

Foto: AFP/Simon Maina

So­ma­li­lend 1991 yilda Somalidan ajralib, o‘zini o‘zi avtonom respublika deya e'lon qildi, xalqaro hamjamiyat esa uni hanuz mamlakat sifatida tan olmagan. Shunga qaramay, bu mamlakatning naqd bo‘lmagan to‘lovlarni qo‘llashda o‘ziga xos yetakchi bo‘lishiga xalaqit bermadi. So­ma­li­lend naqd pul vositalaridan voz kechgan jahondagi birinchi jamiyat bo‘lishiga yaqin turibdi. 

Yo‘l chetidagi kioskmi yoki Xargeysdagi supermarketmi - xaridlar mobil to‘lovlar orqali amalga oshiriladi. 

"Odamlar hamma narsa uchun telefon orqali hisoblasha boshlashdi, - deydi Omar, o‘z mobil telefonida raqamlarni terar ekan. - Bu ancha oson". 

Rivojlangan yoki rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlarda ham telefonlar yoki kartalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish holatlari ko‘paymoqda, biroq ­Soma­li­len­ddagi vaziyat o‘ziga xos. 

Naqd pullardan voz kechish sabablaridan biri - bu milliy valyutaning shiddatli devalvatsiyasi. Bugun 1 AQSh dollari uchun 9000 somalilend shillingi beriladi. Bir necha yil avval bu kurs ikki barobar yuqori bo‘lgan. 

Somalilend shillingi 1994 yilda qurol-yarog‘ xarid qilish va harbiy operatsiyalarni moliyalashtirish jarayonida paydo bo‘lgan. Hukumat o‘z maqsadlariga erishish uchun ko‘proq pul bosib chiqara boshlagan. Bularning bari milliy valyutaning deyarli bir zumda qadrsizlanishiga olib kelgan. 

Eng mashhur kupyuralar 500 va 1000 shilling nominalli banknotalar bo‘lgani uchun hatto oddiy tushlikka mahsulotlar xarid qilish uchun ham butun bir pachka talab qilinishi mumkin edi, o‘rtacha to‘lovlar uchun esa xaridorga naq bir xalta naqd pul kerak bo‘lardi. 

Shillingni dollar va yevroga almashtiruvchilar naqd pulga to‘la mashinalarda mamlakat ko‘chalari bo‘ylab harakatlanib pul ishlashadi. 

Somalilendda xalqaro banklar va nazorat qilinuvchi bank tizimi yo‘q, bu yerda bankomatlarni ko‘rmaysiz, yuzaga kelgan bo‘shliqni ikki xususiy kompaniya to‘ldirgan - 2009 yilda tashkil qilingan Zaad va uning nisbatan yoshroq raqibi e-Dahab. Ular birgalikda bank iqtisodiyotini yaratishdi - unga ko‘ra, barcha pullar shu kompaniyalar orqali o‘tadi va mobil telefonlarda saqlanadi, tovar xarid qilish yoki sotish uchun esa shaxsiy kodni kiritishning o‘zi kifoya. 

"Bu buyumlarning har biri 1-2 million shilling turadi! - deydi zargarlik do‘konidagi sotuvchining 19 yoshli yordamchisi Ibrohim Abdur-Rahmon tilla zanjirlarni ko‘rsatar ekan. Bu tovarlar uchun mahalliy pullar bilan hisoblashish varianti unga noreal tuyuladi. - Odam buncha pulni ko‘tara olmaydi, bu haddan tashqari ko‘p. Butun bir jamadon kerak bo‘ladi. Biz somalilend shillinglarini qabul qilmaymiz, faqat dollarlar va mobil to‘lovlar". 

Tobora ko‘p odamlar naqd bo‘lmagan turdagi to‘lov ko‘rinishiga o‘tishmoqda: poytaxt do‘konlarida, qishloq joylardagi ko‘cha rastalarida faqat shu ko‘rinishdagi to‘lov turidan foydalaniladi.

Aholining savod darajasi past bo‘lgan joylarda texnologiya muvaffaqiyati oddiylik va funksionallikni ta'minlaydi. To‘lovni amalga oshirish uchun telefonda bir necha raqamni terib, sotuvchining shaxsiy kodini kiritishning o‘zi kifoya. Buning uchun internetga kirish talab etilmaydi, shuning uchun telefonning oddiy modellaridan ham foydalanish mumkin. Bu xuddi balansni to‘ldirishdek gap. 

"Telefon foydalanishda ancha qulay. Mobil kurs bilan bog‘liq muammolar bor edi, lekin endi hammasini Zaad orqali amalga oshiryapmiz, - deydi Anis mobil to‘lovlarni amalga oshiruvchi eng mashhur kompaniyani nazarda tutib. - Endi hatto kambag‘allarda ham Zaad bor". 

Uning so‘zlari hazildek tuyulishi mumkin, biroq ularda haqiqat ko‘p. Yangi to‘lov tizimi nafaqat sotuvchi va xaridorlarning hayotiga yengillik olib kirdi, balki ko‘plab qashshoq somalilendliklarning hayotini ham qutqarib qoldi. 

Foto: Matthew Vickery

O‘tgan yili Somalilendda qishloqlarda yashovchi yuzlab ming kishilarni yashash sharoitlaridan mahrum qilgan  dahshatli qurg‘oqchilik ro‘y berganida mobil to‘lovlar shaharlik somalilendliklarga o‘zlarining qishloqdagi qarindosh-urug‘larini qo‘llab-quvvatlash imkonini yaratdi. 

Sotuvchilarning so‘zlariga ko‘ra, mobil to‘lovlaridagi hisob-kitoblar o‘tgan yilga nisbatan 10-20 foizdan 50 foizga o‘sgan. Shuningdek bu eksportning asosiy vositasi tuyalar hisoblangan kichik iqtisodiyotli Somalilendda bitimlarni amalga oshirishning eng mashhur usuliga aylanib bormoqda. Hozirda hatto ba'zi ish beruvchilar o‘z xodimlarining ish haqini ham telefon orqali to‘lashmoqda. 

2016 yilda o‘tkazilgan tadqiqot Somalilendning 16 yoshdan katta aholisining 88 foizi kamida bir SIM-kar­taga egalik qiladi, shaharlarda yashovchi 81 foiz somalilendlik va qishloqlarda yashovchi 62 foiz mahalliy aholi mobil to‘lovlardan foydalanadi. Afrikaning aksariyat aholisi faqat arzon mobil telefonlardan foydalanish imkoniga ega, shu bois Gana, Tanzaniya va Uganda kabi mamlakatlarda ham mobil to‘lovlar tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Biroq naqd ko‘rinishdagi hisob-kitobdan bunday tez uzoqlashish ham hammaga ma'qul kelayotgani yo‘q. 

Foto: Matthew Vickery

Ba'zilar korrupsiyadan shikoyat qiladi va nazoratning yo‘qligidan tashvishda ekanini bildiradi, zero mobil banking tizimini egallab olgan ikki xususiy kompaniya mamlakatning nozik iqtisodiyotiga nazoratsiz ta'sir ko‘rsatadi. 

Boz ustiga, boshqa mamlakatlarning mobil to‘lovlari milliy valyutada amalga oshirilayotgan bo‘lsa, Somalilendning ikki xususiy kompaniyasi faqat dollarda ishlaydi, bu esa mamlakat iqtisodiyotini Amerika valyutasi ta'siri ostiga tushirib qo‘yadi. 

Mahalliy valyuta ayirboshlovchi Mustafo Hassanning so‘zlariga ko‘ra, mobil to‘lovlar tufayli nafaqat ularning biznesi kasodga uchramoqda, balki bu tizim korrupsiya, inflyatsiya va soya iqtisodiyotini yuzaga keltirmoqda. 

"Biz davlat yo mobil to‘lovlar nazorati bilan shug‘ullanadi, yoki uni taqiqlaydi, deb o‘ylagan edik, chunki ular ko‘plab muammolarni keltirib chiqaradi. Bularning bari ikki kompaniya tomonidan nazorat qilinadi va bu go‘yoki ular pul bosmadan chiqaradi, qolganlar esa buni ma'qullab o‘tirgandek tuyuladi, - deydi Hassan, uning atrofidagi do‘stlari bu fikrni tasdiqlashdi. - Bularning bari inflyatsiyani keltirib chiqaradi. Endi odamlar cho‘ntaklarida pul o‘rniga faqat telefon olib yurishibdi, hattoki avtobus uchun yo‘lkira haqi ham telefondan to‘lanadi. Bularning bari mahalliy valyutada emas, dollarda amalga oshiriladi".

Somalilendliklar bajonidil yangi texnologiyaga o‘tib ketayotgan bo‘lsa-da, Hassan va uning do‘stlari hech bo‘lmaganda aholining kichik bir qismi naqd puldan foydalanishda davom etishiga umid qilishmoqda. 

"Agar bank cho‘ntakda olib yurilsa, uni o‘g‘irlab ketishlari mumkin. Men doim naqd pul bilan hisoblashaman", - deydi keksa Abdulla. U ko‘z o‘ngimizda qog‘oz pullar hisoblashgan yagona inson bo‘ldi. 

Mavzuga oid