O‘zbekiston | 09:30 / 04.10.2017
9086
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda zamonaviy koreys tashxis klinikasi barpo etiladi

O‘zbekiston Respublika tashqi savdo vazirligida Janubiy Koreyaning Kvangju shahrida joylashgan Chonnam milliy universiteti qoshidagi kasalxona bosh direktori Yun Tek-Rim boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Uzreport

Yun Tek-Rim — Koreya Respublikasi vrachlar assotsiatsiyasining raisi, mashhur travmotolog-ortoped, tos-son bo‘g‘imlarini protezlash bo‘yicha yetakchi mutaxassis sanaladi.

Tashrifdan maqsad — xayriya operatsiyalarini o‘tkazish va Republika hududlaridagi og‘ir kasallarni ko‘zdan kechirish, shuningdek kam ta'minlangan oilalarga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishdir.

Uchrashuv mobaynida tibbiyot sohasidagi joriy holat va hamkorlik istiqbollari o‘rganildi, O‘zbekistonda tashxis va tahlil sohasida ilg‘or texnologiyalar va yechimlar joriy etilgan tibbiy tashxis markazlari barpo etishga doir loyihalarni amalga oshirishda hamjihatlik masalalari muhokama etildi.

Koreys tomoni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan, mavjudlarini zamonaviylashtirish va yangi tibbiyot muassasalari tashkil etish orqali ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilash, tibbiyot personalining malakasini oshirish, jahonning yetakchi tibbiyot markazlari, universitetlari va boshqalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan islohot va tashabbuslarni alohida qayd etishdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vazirligi va Chonnam milliy universiteti qoshidagi kasalxona o‘rtasida O‘zbekistonda zamonaviy tibbiyot tashxis klinikasi barpo etish yuzasidan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid