O‘zbekiston | 00:24 / 05.10.2017
13338
5 daqiqa o‘qiladi

Diniy idora: Internet sarhadlarida jaholatga qarshi kurash kuchaytiriladi

Foto: Xalqaro Press-klub

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib, barchani ta'lim bilan ta'minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashadigan ma'rifat va diniy bag‘rikenglik borasida maxsus hujjat qabul qilishni aytib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisi Usmonxon Alimov 4 oktabr kuni Xalqaro Press-klubda bu borada o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. 

"Darhaqiqat, dinimizda olimning obiddan afzalligi to‘g‘risida juda ko‘p ko‘rsatmalar mavjud. Hazrati payg‘ambarimiz (s.a.v.) o‘zlarining bir hadisi shariflarida bu borada shunday deganlar: 

"Kim ilm talab qilish yo‘liga buyursa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qiladi. Albatta, farishtalar tolibi ilmni rozi qilish uchun qanotlarini yozadilar. Olimga osmondagi mavjudotlar, yerdagi mavjudotlar, hatto suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadi. Olimning obiddan fazli xuddi to‘lin oyning boshqa yulduzlardan yuqori fazlga ega bo‘lganidek bo‘ladi. Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir. Payg‘ambarlar ilmni meros qoldirganlar. Kimki ilm olsa, ulug‘ nasibani olibdi, demakdir", - deydi Usmonxon Alimov. 

Shuningdek diniy idora raisi Prezident virtual qabulxonasining ochilishi xalqimiz, ayniqsa mo‘min-musulmonlarning muammo va masalalarning yechimini topishga juda katta yordam berib kelayotganini qayd etdi. 

Insonparvarlik tamoyillaridan kelib chiqib, shaxsni qamoqda saqlash bilan bog‘liq holatlar qayta ko‘rib chiqilganiga e'tibor qaratdi. 

"Diniy e'tiqodda adashib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolganlarni afv etish ishlari jadallashib ketdi. Ekstremistik g‘oyalar ta'siriga tushib qolgan, to‘g‘ri yo‘ldan adashgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish uchun amaliy ishlar qilindi. Bu borada diniy idora boshchiligida barcha imom-xatiblar jamoatchilik bilan birgalikda joylardagi ekstremistik oqimlar ta'siriga tushib qolgan shaxslarning e'tiqodlarini to‘g‘irlashga erishishdi. 

So‘nggi yillarda terrorizm tahdidi kuchayib borayotgani, unga nisbatan kuch ishlatib kurashish o‘zini oqlamagani bois muhataram Prezidentimizning "Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish" shiori ostida juda ko‘p ishlar qilinmoqda. Buni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. 

Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi ilmiy-tadqiqot xalqaro markazining tashkil etilishi va Toshkent shahridagi islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi shu maqsadlarga yo‘naltirilgan", - deydi Usmonxon Alimov. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlar idorasi tasarrufidagi diniy ta'lim muassasalariga talabalarni qabul qilish kvotalari o‘tgan yilga nisbatan ikki barobarga oshirilgani ta'kidlandi.  

Ma'lum qilinishicha, xorijda, xususan musulmon mamlakatlaridagi o‘quv dargohlarida ta'lim olib kelgan malakali kadrlar bilan yaqindan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Ayrimlarini diniy ta'lim muassasalariga ishga olingan. Shuningdek diyorimizning hatto eng chekka hududlarida ham yangi masjidlar ochilmoqda. 

Diniy-ma'rifiy kitoblarni chop etish ishlari ham ancha tezlashdi. Bir yilda 100 ga yaqin diniy adabiyot chop etildi. 

O‘zbekiston musulmonlar idorasining Muslim.uz saytining faoliyati kengaytirilib, onlayn diniy-ma'rifiy darslar o‘tish va barcha savollarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, saytga bir kunda 70-100 tacha savol kelib tushmoqda. 

Shuningdek diniy idora alohida internet sahifasini ishga tushirishni rejalashtirdi. Bu saytning asosiy maqsadi "Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish" tamoyilini asos qilib, internet sarhadlarida ham jaholatga qarshi kurashish kuchaytiriladi. 

"Shularning bari O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridan turib so‘zlagan nutqining isbotidir", - deya xulosa qildi Usmonxon Alimov.

Bundan tashqari, tadbirda ishtirok etgan bloger Muboshir Ahmad ham terrorizmga qarshi kurashda aynan kurashga emas, ma'rifatga e'tibor qaratish lozimligini ta'kidladi. Shu o‘rinda bloger internet saytlariga boshqa ismlar bilan kirib, yoshlarni yomon yo‘lga boshlaydiganlar aynan bilimsiz kishilarning boshini aylantirishi, bilimli odamning qarshisidan chiqmasligi, chunki ularga teng kelolmasligini qayd etib o‘tdi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid