Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Qadri yo‘q kasbga shogird tayyorlamayman» – Mashhur shishasoz bilan suhbat
KUN.UZ oramizdagi odamlar orasidan qahramonlarni kashf etishda davom etadi. Bizning bu galgi qahramonimiz shishasoz usta Ahmadjon Abdurashidovdir.
Nafis va nozik did ila otashin olovning qaynoq taftida qizdirilayotgan shisha biroz vaqt o‘tib ustaning qo‘llarida, uning izmida bo‘ladi. Nigohingiz shishaning qip-qizil toblangan qismida ko‘rinmas go‘zallikni ilg‘agandek bo‘ladi. Borliqning yana bir zavqli onlaridan hayratga tushasiz. Shishasozlik shunday bir hunarki, u ilm va ishtiyoq, sabr hamda nafosat talab etadi. Shishasozlik O‘zbekiston tarixida alohida sahifaga ega. Boisi, shishasozlik hunari tarixi yurtimizda uzoq asrlarga borib taqaladi. Shu jihatdan uni insonlarning azaliy mashg‘ulotlaridan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shishasozlik hunari Sobiq Ittifoq davrida qayta tiklandi, shishasozlar ustaxonasi va shishasozlar rivojlanish bosqichiga o‘tdi. Xo‘sh, ilm-fan rivojida muhim ahamiyatga ega ushbu kasbning bugungi holati qanday? Shishasoz usta Ahmadjon Abdurashidov bilan suhbat shu haqda kechdi. Chunki bu inson yurtimizda ayni kunda shishasozlik hunarmandchiligining yagona vakili sanaladi.
Yo‘qolib borayotgan kasb
Bu shisha bilan ishlanadigan, kimyogarlar bilan yonma-yon turib mehnat qilinadigan kasblardan biri. O‘zbekistonda hali rivojlanmagan, hattoki shu kunda yo‘qolib borayotgan kasblardan biridir. Birinchi ustozim To‘lagan Abdurahimov edi. Ularning ustozi esa Moskvadan, Leningraddan olib kelingan Pyatkin Konstantin Pavlovich va Ivan Mixaylovich degan odamlar edi. Men asosan To‘lagan akadan o‘rganganman. O‘zimdan oldin ishlab o‘tib ketgan barcha shishasozlarni o‘zimga ustoz, deb bilaman. Har bir shishasozning o‘z ishlash uslubi bor. Kim o‘ziga qandaydir bir osonroq variantni tanlasa, o‘sha variant bo‘yicha ishlaydi. Uslubni ko‘proq shishasozning o‘zi o‘ylab topadi. O‘ziga qulay bo‘lgan variantlarni o‘ylab topadi. Shishasoz bo‘lmoqchi bo‘lganlar hunar bilan birga, o‘qishni, bilimni ham birga olib borsa, nur ustiga a'lo nur bo‘ladi. Shishasoz asosan kimyogarlar bilan birga ishlaydigan inson. Ustozlarimiz bir gapni aytishardi: Lomonosov “Shishasozlik ustaxonasi bo‘lmagan kimyogar kimyogar emas” degan. Bu juda nozik ish, zargarlikdan ham nozikroq. Sababi metallda orada hordiq chiqarib olishingiz, qo‘yib qo‘yishingiz, yana qaytadan boshlashingiz mumkin. Bu ishda esa bir boshlagandan so‘ng oxirigacha qilish kerak, sababi yana boshqatdan eritib, qaytadan qilish anchagina muammo keltirib chiqaradi hamda shisha sinib ketishi mumkin. 1962 yildan beri shu sohada ishlayman. Faoliyatimni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Kimyo institutida boshlaganman. So‘ng Toshkent politexnika institutining kimyo fakultetida ishladim. Toshkent farmatsevtika institutiga 1972-1975 yillardan kelib, shu yerda ishlay boshladim.
Shogirdlar nega yo‘q?
Bu ancha nozik savol bo‘ldi. Albatta, shogirdlar masalasini men yoki boshqa bir odam hal qilmaydi. Yuqori tashkilotlar, masalan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligidagi tegishli shaxslar bizga shogird, degan shtat berishsa yaxshi bo‘lardi... Yana bir narsa, mana hozir kirib kelgan joyingizni ustaxona deb keldingiz, aslida shishasozlik ustaxonasi 1 sentabrdan boshlab yopilgan. Bizning shishasozlik ustaxonamiz yopildi. Vazirlikning fikri bo‘yicha, shishasoz kerak emas ekan. Bu hech qanday mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Shuni aytmoqchimanki, bu kabinetlarda hal qilinadigan narsa emas. O‘sha janoblar ham institutlarda o‘qishgan, ular kimyoga shishasoz kerak-ku, degan masalada ozgina bo‘lsa ham fikrlashib ko‘rishsa yomon bo‘lmasdi. Odam hayron bo‘ladi bunday narsaga. Bir vaqtlar Moskva, Leningraddan ustozlarni olib kelib, shu hunar o‘rgatilgan edi. Zamonlar o‘tib ular olamdan ko‘z yumdi, o‘zimizning ham yoshimiz bir joyga borib qoldi. Institutning bu borada talabi bor, biroq vazirlikdan kelgan shtat jadvalida “shishasoz” degan o‘rin yo‘q. Shogirdlikka tushaman degan yoshlar juda ham ko‘p. Men ularga bir gapni aytaman: “Qadrlanmagan mehnatga shogird tayyorlamayman”. Shuncha yil mehnat qildim, ammo oxirida bizga shishasoz kerak emas, degan fikr bildirishdi. O‘sha yoshlarga erta-indin sizlarga ham shunday deyishsa, keyin nima ish qilasizlar, deyman. Menga bu narsa juda ham ta'sir qildi. Sababi, kimyogarlarimizning laboratoriya, amaliyotdagi ishlari shishasozlik ishi bilan bog‘liq. Nima uchun u yerda buni salbiy hal qilishganini tushunmayman. Meni hozir o‘quv-ta'lim ustasi, degan boshqa shtatga o‘tkazishdi. Shishasoz bilan o‘quv-ta'lim ustasining ishi boshqa, ish soatlari boshqa, oladigan maoshi boshqa. Shu masala sal g‘alatiroq bo‘ldi...
Kasbdan topganlarim
Shu kasbni orqasidan odamlardan juda ko‘p rahmat eshitdim. Kimyogarlarning ko‘pchiligi men bilan birga ishlashdi, nomzodlik dissertatsiyalarini tayyorlashdi. Mana ba'zilari doktor, professor bo‘lishdi. Bundan tashqari, har yili yuzlab talabalar mutaxassis sifatida chiqariladi, ularning har bir qo‘liga shisha asboblarni olib, laboratoriyada amaliyot ishlarini bajarishadi. Ularni ko‘rib siz juda xursand bo‘lasiz. Ularning qilayotgan ishlarini ko‘rib, bularga yana ham ko‘proq narsa qilib bersam, ishlari yana ham rivoj topsa, degan fikrlar paydo bo‘ladi. Albatta, bu kasbning o‘ziga yarasha mashaqqatlari va undan zavqlanadigan tomonlari bor. Shishasoz ham usta, ham ijodkordir.
Ahmadjon Abdurashidov bilan suhbat ancha uzoq davom etdi. Usta o‘z hamkasblari va ustozlari bilan bog‘liq xotiralar, O‘zbekistonda o‘zining yoshidagi shishasozlar qolmagani, farzandi haqida so‘zlab berdi.