Jamiyat | 11:25 / 12.10.2017
22056
10 daqiqa o‘qiladi

Jinoiy qonunchilikka nafratga asoslangan jinoyatlar tushunchasini kiritish vaqti keldi

Shu yilning sentabr oyi oxirida Marg‘ilonning Qirguli mavzesida talaba yigit noan'anaviy jinsiy oriyentatsiya vakili sifatida ayblanib, vahshiylarcha kaltaklangani tasvirlangan video tarqaldi. Videoda talaba yechintirilgani, do‘pposlangani, so‘yib yuborish bilan tahdid qilinganini ko‘rish mumkin. Ko‘p o‘tmasdan, oktabr oyi boshida Farg‘ona Ichki ishlar idoralari voqea yuzasidan jinoiy ish ochib, 5 kishi hibsga olingani ma'lum qilindi.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda bunday hodisa ilk marta ro‘y berayotgani yo‘q. Avval ham transvestitlarni vahshiylarcha do‘pposlash holatlari kuzatilgan. Bunday jinoiy o‘zboshimchilikka Ichki ishlar xodimlari ham qo‘l urgan. Ular transvestit kvartirasiga bostirib kirib, uni kaltaklagani aks etgan videotasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda keng bahs-munozaralar keltirib chiqargan edi.

Yuqorida tilga olingan harakatlarda jinoyat alomatlarini ko‘rish qiyin emas. Ammo mazkur jinoyatlarning o‘ziga xos jihati mavjud – ular biron kishi yoki guruhga bo‘lgan nafrat sababli amalga oshiriladi. Nazarimizda, aynan shu tomoni bilan bu kabi jinoyatlar jazoni og‘irilashtiruvchi jihatga ega.

Biron xatti-harakat ijtimoiy xavfli qilmish bo‘lgani uchun jinoyat hisoblanadi va qonunchilikda jinoiy qilmishning og‘irligiga yarasha jazo tayinlanadi. Shu sababli, qotillik, tan jarohati yetkazish, nomusga tegish kabi qilmishlar jinoyat hisoblanadi. Ammo ayni jinoyatlar jabrlanuvchiga qarshi nafrat tufayli amalga oshirilganda qanday kvalifikatsiya qilinishi kerak? Mazkur maqolamizda shu savol ustida fikr yuritamiz. 

Nafratga asoslangan jinoyat nima?
Amaldagi qonunchilikda, xususan, Jinoyat Kodeksida, «nafratga asoslangan jinoyat» tushunchasi mavjud emas. Ammo Rossiya qonunchiligida «prestupleniya na pochve nenavisti» yoki AQShda «hate crimes» kabi jinoyat turlari mavjud. Umuman olganda, nafratga asoslangan jinoyat boshqa jinoyatlardan faqat bir jihati bilan ajralib turadi – jinoyat biron kishiga yoki guruhga qarshi bo‘lgan nafrat sababli amalga oshiriladi. Nafrat ko‘pincha jabrlanuvchining irqi, dini, millati, tili, kelib chiqishi yoki jinsi tufayli qo‘zg‘aladi. 

Albatta, biron kishidan nafratlanish o‘z-o‘zidan jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lmaydi. Masalan, kishi gomoseksuallarga qarshi nafrat his etishi jinoyat hisoblanmaydi. Ammo bunday nafrat jinoyatni rejalashtirish va sodir etishga sabab bo‘lsa, bunday xatti-harakat natijasida sodir etilgan jinoyat nafratga asoslangan jinoyat, deb hisoblanadi. 

Nafratga asoslangan jinoyatlar ko‘pincha jamiyatdagi marginal guruhlarga qarshi qaratilgan bo‘ladi. Masalan, Rossiyada o‘zbek mehnat muhojirlariga qarshi «Rossiya ruslar uchun» shiorlari ostida qilingan hujum va qotilliklarni misol keltirsa bo‘ladi. Yoki AQShda Tramp saylangandan keyin turli etnik va diniy ozchiliklarga qarshi «Amerikadan yo‘qol» yoki «Endi hammangni deport qilib yuboramiz», kabi haqoratlar bilan qilingan hujumlarni misol sifatida keltirsa bo‘ladi. 

O‘zbekistonda bunday marginal guruh bu gomoseksual va transvestitlardir. Ko‘pincha, bunday guruhlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlardan maqsad – ularga «ko‘rsatib qo‘yish», jamiyat tomonidan qabul qilinmaydigan hayot tarzidan voz kechtirish, ularni «haqiqiy» erkak yoki ayol bo‘lishga majburlash. 

Nafratga asoslangan jinoyatlarning yana bir ahamiyatli jihati – jinoiy xatti-harakatlar bir kishiga qarshi qaratilgan bo‘lsa ham, jinoiy qilmish ma'lum marginal guruh a'zolariga qaratilgan bo‘ladi.

Demak, nafratga asoslangan jinoyatlarda bir necha jazoni og‘irlashtiruvchi elementlar mavjud. Savol tug‘iladi, amaldagi qonunchilikda nafratga asoslanib sodir etilgan jinoyat og‘irlashtiruvchi holat deb hisoblanadimi?

Amaldagi qonunchilik va nafratga asoslangan jinoyatlar
Amaldagi qonunchilikda, xususan, Jinoyat Kodeksida «nafratga asoslangan jinoyat» tushunchasi mavjud emas. Bunday tushuncha jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar orasida ham sanab o‘tilmagan. Masalan, Jinoyat Kodeksining 56-moddasida barcha jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar sanab o‘tilgan. 56-moddaning e'tiborga molik jihati shundaki, sud jazo tayinlashda 56-moddada nazarda tutilmagan holatlarni og‘irlashtiruvchi holat deb topishi mumkin emas. Demak, nafratga asoslangan jinoyat 56-moddada sanab o‘tilmagan bo‘lsa, bunday holat sud tomonidan og‘irlashtiruvchi deb topilmaydi. 

56-moddada nafratga asoslangan jinoyatga yaqin bo‘lgan bir holat tilga olingan - «irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida» jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtirishi mumkin. 56-moddada nazarda tutilgan bu qoidani alohida moddalarda ham ko‘rish mumkin, masalan, 97 (qotillik), 104-105 (qasddan badanga og‘ir/o‘rtacha shikast yetkazish) va 173 (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) moddalarda.

Mazkur qoida o‘ta cheklangan qamrovga ega bo‘lib, faqat irqiy yoki milliy adovatni nazarda tutadi. Ammo yuqorida muhokama qilingani kabi, nafratga asoslgan jinoyatlar nafaqat irqiy yoki milliy adovat, balki jabrdiydaning dini va jinsi sababli ham sodir etilishi mumkin. 

Bundan tashqari, Jinoyat Kodeksining VI bobi «Shaxsning ozodligi, sha'ni va qadr-qimmatiga qarshi jinoyatlar», deb nomlanadi. Ushbu bobda odam savdosi (135-modda), ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish (136-modda), odam o‘g‘irlash (137-modda), zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish (138-modda), tuhmat (139-modda) va haqorat qilish (140-modda) kabi jinoyatlar joy olgan bo‘lsa ham, nafratga asoslangan jinoyatlar nazarda tutilmagan. 

Demak, amaldagi qonunchilikda nafratga asoslangan jinoyatlar jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar ichiga kirmaydi. 

Amaldagi qonunchilikka nafratga asoslangan jinoyatlar tushunchasini kiritish vaqti keldi
Farg‘ona va undan avval bir necha marta Toshkentda gomoseksual yoki transvestitlarga qarshi sodir etilgan jinoyatlar tobora ortib bormoqda. Ammo amaldagi qonunchilikda bunday jinoyatlarga nisbatan munosib jazo belgilanmagan. Munosib jazo tayinlanmasligi esa adolat ham to‘la qaror topmaydi degani. 

Maqolada muhokama qilingan holatlarda sodir etilgan jinoyatlarga mutanosib jazo tayinlanishi uchun amaldagi qonunchilikka nafratga asoslangan jinoyat tushunchasi kiritilishi kerak. Bu vazifani amalga oshirishning eng oson yo‘li 56-moddaga o‘zgartirishlar kiritib, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar qatoriga «nafratga asoslangan jinoyatlar»ni kiritib, nafrat jabrlanuvchining irqi, dini, millati, tili, kelib chiqishi yoki jinsi tufayli uyg‘onishi mumkinligi aytib o‘tilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bunda Rossiya Federatsiyasi qonunchiligidan misol tariqasida foydalanish mumkin. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 63(ye)-moddasida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar ro‘yxati berilgan bo‘lib, unda quyidagicha qoida belgilangan: 
«siyosiy, mafkuraviy, irqiy, milliy yoki diniy nafrat yoki adovat sababli yoxud biron ijtimoiy guruhga qarshi nafrat yoki adovat sababli jinoyat sodir etish» («soversheniye prestupleniya po motivam politicheskoy, ideologicheskoy, rasovoy, natsionalnoy ili religioznoy nenavisti ili vrajdy libo po motivam nenavisti ili vrajdy v otnoshenii kakoy-libo sotsialnoy gruppy»). 

Yuqoridagi qoida amaldagi qonunchilikda nazarda tutilgan «irqiy yoki milliy dushmanlik yoxud adovat zamirida» tushunchasidan ancha keng bo‘lib, nafratga asoslangan jinoyatlarning xususiyatini to‘laroq ifoda etadi. 

Nafratni isbotlash bilan bog‘liq amaliy muammolar
Jinoyat huquqi va protsessining eng asosiy qoidalaridan biri bu aybsizlik prezumptsiyasidir. Mazkur qoidaga ko‘ra, shaxs aybi qonunda belgilangan tartibda isbotlanguniga qadar aybsiz hisoblanadi. Demak, biron kishini nafratga asoslangan jinoyat sodir etishda ayblash uchun, bu kishining qilmishida nafratning mavjudligi isbotlanishi kerak.

Amalda jinoyat aynan nafrat sababli amalga oshirilganligini isbotlash oson bo‘lmasligi mumkin. Masalan, og‘ir tan jarohati yetkazishda «Rossiyani churkalardan tozalaymiz!» yoki «Geyni o‘ldir!» deb baqirishning o‘zi kifoyami? Yoki ayblanuvchi jinoyatni nafrat sababli sodir etganini tan olishi shartmi? Mazkur savollarga hozir javob berish qiyin va shunday qoida qabul qilingan taqdirda, Oliy Sud Plenumi amaliyotdan kelib chiqib tegishli sharhlar berishi kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, bunday holatlarda ayblanuvchining ko‘rsatmalari katta ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Masalan, so‘roq qilish davomida ayblanuvchi geylardan hazar qilishini, ularni qirib tashlashga tayyor ekanligini tan olsa, sodir etilgan jinoiy qilmish uchun jazo ko‘rishga ham tayyor ekanligini aytsa, bunday ko‘rsatmalar hal etuvchi xarakterga ega bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid