Fan-texnika | 08:32 / 20.10.2017
7118
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda saratonni aniqlash uchun mobil ilova ishlab chiqildi

Petropavlovskda Qozog‘istonda onkologik kasalliklarni aniqlash bo‘yicha Oncoscreen yagona mobil ilovasi taqdim etildi, deya xabar bermoqda BNews.kz.

Ilovaning muallifi mintaqaviy kardiologiya markazi shifokori, jarroh- rentgenolog Dmitriy Te.

«Har bir inson o‘zini skrining-omillarga tekshirib ko‘rishi mumkin. Ilovada so‘rovnoma tarzida ikkita skrining-test bor. Deyarli 1-2 daqiqada xavf guruhiga kirish yoki kirmasligingizni bilib olishingiz hamda qo‘shimcha tekshiruvlar uchun tavsiyalar olishingiz mumkin», - deya xabar berdi Dmitriy Te. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilovada «chat», «klinikalar», «bolalar onkologiyasi», «bemorga», «shifokorga» kabi funksiyalar bor. Yaqin orada chatga onkolog-shifokorlar va tor doiradagi mutaxassislar ham kiradi. Foydalanuvchilar Petropavlovsk mutaxassislari bilan bog‘lanishlari mumkin. Kelajakda ishlab chiquvchilar chet ellik hamkasblarni ham chatga qo‘shishni rejalashtirmoqdalar.

Mutaxassisning fikricha, fon kasalliklarini aniqlash va ularni davolash saratonning oldini oladi. Erkaklarning skrining tekshiruvida 36 savolga javob berish kerak bo‘lsa, ayollarnikida – 48 ta.

«Agarda ayol kishi kamida bir savolga «ha» deb javob bersa, unga avtomatik ravishda tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi: keyin bosqichma-bosqich tekshiruv uchun UTT va mammografiya. Natijalar hozirdan bor. Bemor erkaklarga mo‘ljallangan skrining-testdan o‘tdi. Unga gastroskopiya tavsiya qilindi. Jarayon davomida esa biopsiya bilan tasdiqlangan qizilo‘ngach saratoni aniqlandi. Bu dastur bemorni to‘g‘ri davolanishga yo‘naltirishi mumkin», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi mobil ilova muallifi Dmitriy Te.

Ilova ichidan foydalanuvchilar murojaat etishi mumkin bo‘lgan poliklinika va shifoxonalar bog‘lanish raqamlari hamda manzillarini topishi mumkin. Biroq, «Mobil onkolog» haqiqiy skriningni butunlay almashtira olmaydi. Ekspertning fikricha, loyiha tekshiruvdan o‘tishi lozim bo‘lgan auditoriyani kengaytiradi.

Qozog‘istonlikning ilovasi Rossiya, Koreya, Isroil va Turkiyadan bo‘lgan onkolog-shifokorlarda qiziqish uyg‘otdi. Koreyslar esa bu ilovada professor va bemor o‘rtasidagi o‘ziga xos teleko‘prikni ko‘rishgan. Mobil ilova hozirgacha 100 ming marta yuklab olindi. U android-smartfonlar foydalanuvchilariga mo‘ljallangan.

Mavzuga oid