Kuchli shamol vaqtida o‘zini qanday tutish kerak?
"O‘zgidromet" markazi 24 oktabrda O‘zbekiston bo‘ylab tezligi 12-17 metr/soniyani tashkil qiluvchi shamol bo‘lishini prognoz qilmoqda. Bir hafta oldin Toshkent shahri va Buxoro viloyatida kuzatilgan kuchli shamol vaqtida shamol tezligi 32 metr/soniyaga yetgandi. Bu shamol vaqtida turar joy va ma'muriy binolar tomlariga, avtomobillarga shikast yetdi, poytaxtning ba'zi hududlarida elektr uzatish liniyalari uzilib ketdi, yo‘llarda tirbandliklar yuzaga keldi.
Quyida kuchli shamol vaqtida o‘zingizni va mulkingizni saqlashga yordam beruvchi ko‘rsatmalar berilgan.
Kuchli shamol uydaligingizda kuzatilayotgan bo‘lsa
Birinchi navbatda, eshik, deraza, chordoq va ventilyatsiya lyuklarini yaxshilab yopish kerak. Derazalar oldida turmang, shamol oynani sindirib, jarohat olishingizga olib kelishi mumkin. Balkon va deraza tokchalaridan, hovlida yoki tomdagi buyumlarni olib qo‘ying. Olib bo‘lmaydigan buyumlarni mahkamlab qo‘ying.
Elektr asboblarini o‘chiring va vilkalarini rozetkadan chiqarib qo‘ying, chunki shamol vaqtida elektr tarmoqda kuchlanish sakrashi yuz berishi, bu esa yong‘inga olib kelishi mumkin.
Uydan chiqmaslikka harakat qiling, bolalaringizni uyda qarovsiz qoldirmang.
Shamol vaqtida ko‘chada bo‘lsangiz nima qilish kerak?
Biror yopiq joy toping, bu metro stansiyasi, yerto‘lalar, tunnellar, yer osti o‘tish joylari yoki mustahkam bino bo‘lishi mumkin.
Daraxtlar, reklama shitlari yoki omonat to‘siqlar ostida turmang, ular kuchli shamol vaqtida qulashi mumkin.
Elektr uzatish liniyalari yoki shikastlangan binolardan uzoqroqda turing. Shifer, oyna va boshqa buyumlarning uchayotgan bo‘laklaridan himoyalaning. Bunda karton qutilari, faner listlari, ya'ni topa olgan istalgan mos vositalardan foydalaning.
Ochiq joyda qanday himoyalanish kerak?
Bunda asosiy qoida baland, ayniqsa yakka turgan daraxt ostiga yashirinmang. O‘ra, zovur yoki jarlikda berkinib, yerga yotib oling.
Ochiq joyda yo‘l chetidagi ariqlar, temir yo‘l ko‘tarmalari, jarlar shamol to‘zg‘itgan chiqindi, qum va changdan himoyalanishga yordam beradi.
Agar yoningizdi mobil qurilma bo‘lsa, uni o‘chirib qo‘ying.
Haydovchilar nima qilishlari kerak?
Ilojisi bo‘lsa, yo‘lga chiqmang – yomon ob-havoda shahar ko‘chalarida doimo tirbandliklar yuzaga keladi va harakatlanish qiyinlashadi. Agar yo‘lda bo‘lsangiz, unda tezlikni oshirmang va oldingizdagi mashinani quvib o‘tmang – mashina tezligi qancha past bo‘lsa, shamol uni harakatidan og‘dirishi shunchalik qiyin bo‘ladi. Usti ochiq yuklarni tashiyotgan yuk mashinalariga yaqinlashmang.
Daraxtlar, reklama konstruksiyalari yonida turmang. Mashinaningizni yo‘l belgilari, ko‘rsatkichlari yoniga qo‘ymang, ular kuchli shamol vaqtida mashinangiz ustiga qulashi mumkin.
Agar shamol kechasi yo‘lda ketayotganingizda kuzatilsa, unda mashinani qo‘yish uchun xavfsiz joy tanlab, mashina ichida qolgan holda shamol o‘tib ketishini kuting.
Shamol tindi, ko‘chaga chiqsa bo‘laveradimi?
Shamol tugashi bilan darhol ko‘chaga chiqmang, chunki shamol bir necha daqiqadan keyin takrorlanishi mumkin. Yomon ob-havo o‘tib ketganiga ishonch hosil qilib, ko‘chaga chiqar ekansiz, binodan chiqayotganda yuqorida ustingizga tushishi mumkin bo‘lgan biror narsa (daraxt shoxi, omonat turgan biror buyum va shu kabi) yo‘qligiga iqror bo‘lish uchun yuqoriga bir ko‘z tashlab qo‘ying.
Uzilgan elektr uzatish simlari, qimirlayotgan reklama yozuvlari, shitlarini chetlab o‘ting.
Agar uyda bo‘lsangiz, gazdan sizib chiqish yo‘qligiga ishonch hosil qilgandan keyin undan foydalaning.
Mavzuga oid
10:42 / 09.05.2024
Acwa Power O‘zbekistonda Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol energetikasi loyihasi bo‘yicha shartnoma tuzdi
10:54 / 08.05.2024
Yaponiya va Qatar Navoiyda shamol elektr stansiyasi qurishni rejalashtiryapti
12:09 / 28.03.2024
Kuchli shamol tufayli Toshkent viloyatida 12 mingdan ortiq iste’molchi elektrsiz qoldi
11:38 / 28.03.2024