O‘zbekiston | 20:20 / 27.10.2017
18425
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Dmitriy Rogozinni qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 oktabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning topshirig‘iga binoan mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Hukumati raisining o‘rinbosari Dmitriy Rogozinni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, oliy va yuksak darajadagi muntazam va samarali muloqotlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanishiga, shuningdek, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi, shuningdek, ikki davlat rahbarlarining 10 oktabr kuni Sochi shahrida MDH sammiti doirasida o‘tgan uchrashuvlari mamlakatlarimiz o‘rtasida uzoq istiqbolga mo‘ljallangan va o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘targani alohida ta'kidlandi. 

Bugungi kunda savdo hajmi barqaror sur'atlarda o‘sib bormoqda, Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan hamkorlikda O‘zbekiston iqtisodiyotining neft-gaz majmuasi, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. 

Mintaqalar o‘rtasida va biznes sohasida o‘zaro hamkorlik yanada faollashdi. Samarali madaniy-gumanitar almashuv kengayib bormoqda. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamda harbiy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuv va bitimlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Mamlakatlarimiz yetakchi korxona va kompaniyalari o‘rtasida istiqbolli qo‘shma dastur va innovatsiya loyihalarini jadal rivojlantirishga qaratilgan sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. 

Dmitriy Rogozin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Hukumat raisi Dmitriy Medvedevning samimiy va ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Rossiya Hukumati raisi o‘rinbosari Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston bilan strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor va bundan manfaatdor ekanini ta'kidladi. 

Mavzuga oid