Jahon | 16:30 / 29.10.2017
9286
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning eng nufuzli ishbilarmonlik maktablari reytingi e'lon qilindi

Dunyoning eng nufuzli ishbilarmonlik maktabi maqomi Northwestern Universitetining Kellog Menejyementlik maktabiga qaytib keldi. Oxirgi marta ushbu oliygoh 2004 yilda ana shunday maqomda e'tirof etilgandi. Unda bir yil ta'lim olishni istagan talaba 132,924 AQSh dollari miqdorida belgilangan to‘lov-kontraktini to‘lashi, kuchli bilim va iqtidorini namoyish etishi lozim.

Rasmiy ma'lumotlarni tahlil qilib chiqqan The Economist'ning xabar berishicha, Kellog menejyementlik maktabini tamomlagan bitiruvchilarning 97 foizi erishgan diplomi bilan uch oy ichida serdaromad ishga joylashgan. Ta'kidlash joizki, har bir bitiruvchi ayni paytda oyiga o‘rtacha hisoblanganda, 123,998 AQSh dollari miqdorida maosh oladi. Qabul qilingan talabalar esa o‘qishga qadar o‘rtacha besh yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan professional xodim bo‘lishgan.

Eng nufuzli ishbilarmonlik maktablari qatorida ikkinchi pog‘onani Chikagoning Booth ta'lim muassasasi, uchinchi o‘rinda Harvard maktabi qayd etilgan. Kuchli beshlik AQShning Stenford universiteti yakunlagan bo‘lsa, aynan uning bitiruvchilari eng katta oylik maosh (oyiga o‘rtacha - 140,553 AQSh dollari) oluvchi ishchilar ekani ma'lum bo‘ldi. Eng qimmat ta'lim to‘lovi (153,160 AQSh dollari) esa to‘rtinchi pog‘onadagi Pensilvaniya shtatidagi Wharton maktabida qayd etilgan.

Eng qizig‘i mana shu reytingdagi dunyoning eng kuchli yettita ishbilarmonlik maktablarining barchasi AQShda joylashgan.