O‘zbekiston | 12:30 / 29.10.2017
39554
4 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Shakarjon Xo‘janiyozovaning yaqinlariga ta'ziya bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Shakarjon Xo‘janiyozovaning vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirdi. Xorazm viloyati hokimligi saytida keltirilishicha, prezidentning davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev marhumning dafn marosimi vaqtida uning oila a'zolariga yo‘llangan ta'ziyanomani o‘qib eshittirgan.

Shakarjon Xo‘janiyozova Bog‘ot tumanidagi Nukus qishlog‘idagi qabristonga dafn etilgan.

Xorazm viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari vafoti munosabati bilan Xorazm viloyati hokimligi ta'ziya bildirgan.

«Xorazm viloyati jamoatchiligi og‘ir judolikka uchradi. Bevaqt o‘lim ajoyib inson, mohir tashkilotchi, iqtidorli rahbar, mehribon ona Xo‘janiyozova Shakarjon Yusupovnani 63 yoshida oramizdan olib ketdi.

Shakarjon Xo‘janiyozovaning butun rahbarlik salohiyati, ertani aniq ko‘ra bilishi, murakkab paytlarda ham eng to‘g‘ri yo‘lni tanlay bilishi va manzil sari og‘ishmay, sabr toqat, matonat bilan harakat qilishdek qobiliyatlari Bog‘ot tumani hokimi bo‘lib ishlagan 1992-2000 yillarda, ayniqsa yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu yillar mustaqillikka endi erishgan yosh O‘zbekiston davlati uchun siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy — ma'rifiy sohalarni mustahkamlash uchun bir tan, bir jon bo‘lib mehnat qilish lozim bo‘lgan yillar edi.

Shunday og‘ir sharoitlarda Shakarjon Xo‘janiyozova bosh bo‘lgan Bog‘ot tumani mehnatkashlari mamlakat iqtisodini mustahkamlash, oziq — ovqat va don mustaqilligini ta'minlash, bozor munosabatlariga o‘tish davrida aholining kam ta'minlangan, ijtimoiy nochor qatlamlarini ishonchli va mustahkam himoya qilish kabi davlat siyosatini izchillik bilan hayotga tadbiq qilishda umum o‘zining ishga munosib hissalarini qo‘shdilar.

Shakarjon Xo‘janiyozova O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovni haqli ravishda o‘z ustozi deb bilar va Islom Karimovday o‘zbek xalqining buyuk farzandi, ulkan davlat arbobining nazariga tushgan, mehrini qozongan edi.

Keyingi paytlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va rahnamoligida amalga oshirilayotgan O‘zbekistonning siyosiy, ijtimoiy — iqtisodiy hayotini chuqur isloh qilish va yangilash, hududlarning mutanosib taraqqiyotini ta'minlashga qaratilgan keng miqyosli, ko‘lamdor islohotlarning mazmun — mohiyatini chuqur anglab, ularni targ‘ib va hayotga tadbiq qilishda alohida o‘rnak va faollik namunalarini ko‘rsatdi.

Shakarjon Xo‘janiyozova qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin oddiy va kamtarin, xushmuomala va ziyoli inson bo‘lib qolaverdi.

Xo‘janiyozova Shakarjon Yusupovnaning xalq oldidagi xizmatlari O‘zbekiston rahbariyati tomonidan yuqori baholangan. Shakarjon Xo‘janiyozova «Mehnat shuhrati» va «Fidokorona xizmatlari uchun» ordenlari bilan taqdirlangan. «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.

Elimizning qadrli farzandi, ajoyib inson, yurt ravnag‘i va turmush farovonligi uchun tolmas kurashchi Shakarjon Xo‘janiyozovaning porloq xotirasi qalblarimizda mangu yashaydi», deyiladi nekrologda.

Mavzuga oid