O‘zbekiston | 21:20 / 17.11.2017
6432
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi

Foto:Sputnik/ Katerina Sovdagari

2017 yilning 14-15 noyabr kunlari Tbilisi shahrida O‘zbekiston va Gruziya tashqi ishlar vazirliklari delegatsiyalari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi.

Gruziya delegatsiyasiga vazir o‘rinbosari David Jalaganiya boshchilik qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston-Gruziya kun tartibining asosiy masalalari hamda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Georgi Kvirikashvilining 2017 yil sentabr oyida Nyu-York shahridagi uchrashuvi ikki davlat munosabatlarida muhim bosqich bo‘ldi va hamkorlikni chuqurlashtirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgiladi.

Gruziya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida va 10 noyabrda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan dasturiy nutqlarining asosiy qismlari to‘g‘risida xabardor qilindi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan tashabbuslar O‘zbekiston-Gruziya aloqalarini kengaytirish, unga ko‘p qirrali tus berish va hamkorlikning birgalikdagi mexanizmlarini faollashtirish uchun mustahkam asos yaratishi ta'kidlandi. Bunga ko‘ra, Savdo-iqtisodiy munosabatlar bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish muddati va kun tartibi bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy muammolarning alohida mavzulari ham muhokama qilindi.

Mavzuga oid