O‘zbekiston | 22:45 / 30.11.2017
16259
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobot berildi

Foto: KUN.UZ

2017 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida arxitektura va qurilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari yuzasidan Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi rahbarlarining hisoboti eshitildi. 

Joriy yil may oyida Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi tarkibiy tuzilmasi tubdan o‘zgartirildi va yangi vazifalar qo‘yildi. Qo‘mitaning hududiy bo‘linmalari qo‘shimcha shtat birliklari bilan kengaytirildi. Jumladan, 11 hududda “O‘zshaharsozlik” va Samarqand shahrida “Toshkentboshplan” loyiha instituti filiallari, shuningdek, 13 hududda 26 yetakchi loyiha tashkiloti ochildi. Toshkent va Samarqand arxitektura-qurilish institutlari hamda 14 qurilish kasb-hunar kolleji qo‘mita tasarrufiga o‘tkazildi. 

Qabul qilingan maqsadli davlat dasturlari doirasida hamda davlatimiz rahbarining hududlarga tashriflari davomida berilgan topshiriqlarga muvofiq, joylarda qator ijtimoiy soha obektlari bunyod etilmoqda. Xususan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrining Islom Karimov, Furqat, Navoiy va Olmazor ko‘chalari oralig‘idagi hududda “Toshkent-siti” zamonaviy xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilmoqda. 

Xuddi shu kabi konsepsiya asosida Samarqand shahrida ham “Samarqand-siti” markazi qurilmoqda. 

Shuningdek, Toshkent viloyatining ma'muriy markazi – Nurafshon shahrini mutlaqo yangicha yondashuv asosida va ilg‘or xorijiy me'morchilik yutuqlarini qo‘llagan holda barpo etish belgilangan. Ushbu shaharning bosh rejasi xalqaro miqyosdagi xorijiy arxitektorlik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda. 

Aholining hordiq chiqarishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va madaniy infratuzilma obektlarini rivojlantirish maqsadida joriy yilning o‘tgan davrida birgina Toshkent shahrining o‘zida “Ekopark”, “Do‘stlik bog‘i” va “Ashxobod bog‘i” kabi istirohat maskanlari tashkil etildi. 

Bundan tashqari, poytaxtimizda “O‘zbekiston” Milliy bog‘ini tubdan qayta qurish va yangi “Navro‘z” bog‘ini barpo etish bo‘yicha qurilish-bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Milliy bog‘ga tutash hududda “Adiblar xiyoboni” barpo etilmoqda. 

Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab Toshkent shahrida me'moriy yodgorlik majmuasi va Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasi hududida maqbara barpo etildi. 

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida Suzuk ota maqbarasi va hunarmandchilik markazi, Xastimom majmuasiga yondosh hududda Islom sivilizatsiyasi markazi tashkil etilmoqda.