Sport | 01:38 / 05.12.2017
10840
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachilar jahon chempionatida 3 ta medalni qo‘lga kiritdilar

 

AQShning Anahaym shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi uchta medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Og‘ir atletika federatsiyasi.

30 noyabrda musobaqada birinchi bo‘lib 62 kg vazn toifasida Adham Ergashev kurashga kirishib, dast ko‘tarishda 135 kg, siltab ko‘tarishda 157 kg lik shtangani ko‘tarib, ikki mashq natijasiga ko‘ra 292 kg to‘pladi va 3-o‘rinni egallab, bronza medali sohibi bo‘ldi.

69 kg vazn toifasida Doston Yoqubov siltab ko‘tarishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. U 179 kg lik shtangani ko‘tara oldi.

94 kg vazn toifasida Farxod Sobirov dast ko‘tarishda uchinchi urinishda 183 kg lik shtangani ko‘tarib, kumush medalni qo‘lga kiritdi. Sportchimiz musobaqa g‘olibi eronlik sportchi Suhrob Murodiyga bor-yo‘g‘i 1 kg boy berdi.

Umumiy hisobda musobaqada yurtimizdan 8 erkak va 2 ayol sportchi ishtirok etmoqda.

Musobaqalar 5 dekabrda yakun topadi. Jahon chempionatida umumiy hisobda 16 vazn toifasida medallar o‘ynalmoqda.

Adham Ergashev. Foto: weightlifting.uz 

 

Doston Yoqubov. Foto: weightlifting.uz 

Farxod Sobirov. Foto: weightlifting.uz 

Mavzuga oid