Jahon | 17:06 / 11.12.2017
14758
2 daqiqa o‘qiladi

Netanyaxu al-Quds bo‘yicha yevropaliklarga chaqiriq bilan chiqdi

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Yevroittifoqqa tashrifi vaqtida AQSh prezidenti Donald Trampning al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olish bo‘yicha qarorini yana bir bor ma'qulladi hamda buni yevropaliklardan ham kutayotganini aytib o‘tdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Bryusselda YeI tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvidan avval Netanyaxu Trampning falastinliklar va Yevropa hukumatlari tomonidan qoralangan qarori Yaqin Sharqda tinchlikni o‘rnatishga ko‘maklashishi haqida ma'lum qildi. U falastinliklarni Isroil – yahudiylar davlati, hamda al-Quds – uning poytaxti ekanini tan olishga chaqirdi.

Bundan biroz avval YeIning xorijiy ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Yevroittifoq al-Quds bo‘yicha «xalqaro konsensusga» rioya etishi haqida ma'lum qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya prezidenti Toyyib Erdo‘g‘an Islom hamkorlik tashkiloti mamlakatlari yetakchilarining favqulodda sammitini Istanbulda 13 dekabr kuni o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqani, bu AQSh al-Qudsni Isroil poytaxti sifatida tan olgani bilan bog‘liqligi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid