O‘zbekiston | 17:50 / 20.12.2017
11973
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda «Xavfsiz hudud posbonlari» tuzilmasi tashkil etildi

Foto: KUN.UZ

Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida shahardagi mavjud 207 ta mahalla fuqarolar yig‘inida «Xavfsiz hudud posbonlari» jamoatchilik tuzilmasini tashkil etishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi, shahar hokimligi, «Mahalla» jamoat fondi viloyat bo‘limi hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latov, shahar hokimi F.Rahimov va boshqalar co‘zga chiqib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga alohida to‘xtalib, yangi tuzilma mazkur jarayonda samarali faoliyat yuritishini ta'kidlashdi.

Shuningdek, yangi tuzilmada bor kuch va bilimi bilan jamiyat tinchligi, osoyishtaligini ta'minlashga munosib hissa qo‘shgan faol xavfsiz hudud posbonlari kelgusida ichki ishlar organlariga ishga qabul qilinishi, oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga to‘lov shartnomalarini to‘lashda imtiyoz va imkoniyatlar berilishi qayd etib o‘tildi.

— Jamoatchilik nazorati bor joyda har qanday jinoyatchilik, huqubuzarlikning oldi olinadi, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi raisi R.Qobilov. — Shu bois, ayni paytda huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish maqsadida joylarda «Xavfsiz hudud posbonlari» tuzilmasi tashkil etilmoqda. Samarqand shahri mahallalarida ilk bor tashkil etilayotgan yangi tuzilmaga 3105 nafar yoshlar jalb qilindi. Ularning 1500 ga yaqini harbiy xizmatni o‘tab qaytgan oliy o‘quv yurtlarining talabalaridan iborat.

Posbonlar har bir mahallaga 15 nafardan taqsimlanib, mahalla raisi, profilaktika inspektori, posbon jamoatchilik tuzilmalariga biriktirildi. Xavfsiz hudud posbonlari belgilangan reja asosida o‘zlarining xizmat kunlarida mahalla hududini kuzatib borishadi. Shubhali holatlarda profilaktika inspektori, mahalla posboni va boshqa biriktirilgan mutasaddilarga tegishli tartibda xabar berib, mavjud qonunga zid holatlarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

— Yoshligimdan ichki ishlar organida xizmat qilishni orzu qilardim, — deydi «Xo‘ja Yusuf» mahallasiga biriktirilgan xavfsiz hudud posboni Bekzod Qobilov. — Bugun maqsadimning bir qismiga erishganimdan xursandman. Kelgusida bildirilgan ishonchni oqlab, ichki ishlar idoralarida xizmat qilaman.

Xavfsiz hudud posbonlari tuzilmasida xizmat qilish istagida bo‘lgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etdi. Mutasaddilar tomonidan belgilangan talablar asosida eng munosiblar tanlab olindi.

Shuningdek, shaharda «Huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashishga barchamiz mas'ulmiz» mavzusida tadbir o‘tkazildi.

Unda Samarqand shahar faollarining huquqbuzarlik va jinoyatchlikka qarshi kurashish, ularning kelib chiqish sabablari oldindan aniqlab bartaraf etish, mahallalarda tinch va osoyishta muhitni yanada mustahkamlash yuzasidan shahar ahliga murojaati qabul qilindi.

Ushbu murojaat 10 ming nusxada chop etilib, shahardagi jamiki muassasa va tashkilotlar, mahallalarga tarqatildi.

O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid