Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekiston 2017 yilda. Tugayotgan yilning eng muhim voqealari
Bir zum vaqt o‘tishi bilan 2017 yil ham, go‘yoki ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketmoqda, tarix zarvaraqlariga kirmoqda. Biroq tarixan qisqa davrda, bir yil uchun juda ko‘pdek tuyulgan olamshumul voqea-hodisalar ro‘y berdi. Kun.uz tahririyati o‘z nuqtai nazari bo‘yicha eng muhim bo‘lgan voqea-hodisalarni yodga olishga qaror qildi.
2017 yilning ilk daqiqalaridan boshlab, o‘zbekistonliklar o‘zgacha davr boshlanganini his eta boshladi. Negaki, zamonaviy davlatchilikda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqini telemurojaat orqali shaxsan tabrikladi. Shuningdek, 14 yanvar kuni tashkillashtirilgan videoselektor yig‘ilishida o‘sha vaqtdagi sobiq bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov qattiq tanqid ostiga olindi.
Xuddi shunday bo‘ldi: oradan 11 oy muddat o‘tib, Shavkat Mirziyoyev Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov faoliyatiga baho berdi. Unga moliya tizimini «tozalash»ga ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, prezident Surxondaryo viloyatiga safari davomida Angor tumanidagi Zang gilambob qishlog‘ida Shodi bobo Xushboqov xonadonida bo‘lgan edi. Shavkat Mirziyoyev Shodi bobo va u kishining umr yo‘ldoshi Salomat momo bilan oilaning kundalik hayoti, farzandlar va nabiralarning tarbiyasi to‘g‘risida suhbatlashdi. Va Shodi boboga so‘nggi rusumdagi Captiva avtomobilini sovg‘a qildi. Mashina haqida gap ketganda, Shavkat Mirziyoyev Chevrolet Malibu avtomashinasini boshqarishni xush ko‘rishi eslab o‘tish lozim. Davlat rahbari 25 mart kuni Toshkent shahridagi qurilishi tugallangan va rejalashtirilayotgan inshootlarni Chevrolet Malibu avtomobilining yangi namunasida borib ko‘rgandi.
30 mart kuni esa Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektorda televideniye faoliyati tanqid qilingan va tizimni o‘zgartirish kerakligi ta'kidlangan. Bu sohada ahvol «eski hammom, eski tos» bo‘lib qolayotgani aytilgan. Shundan so‘ng, may oylarida «O‘zbekiston 24» nomi ostida yangi milliy axborot-tahliliy teleradiokanal paydo bo‘lishi haqida xabar paydo bo‘ldi.
O‘zbekistonda 2017 yil aprelida faoliyat boshlagan Xalqaro Press-klub davlat arboblari, jamoatchilik vakillari va boshqa turli sohalar rahbarlarini studiyaga taklif etmoqda, jurnalistlar ulardan muhim ma'lumotlarni olishmoqda. Sayyor Press klub jonli tarzda efirga uzatila boshlandi.
Quddus A'zam boshchiligidagi «Munosabat» ko‘rsatuvi haftasiga bir necha marta jonli efirga uzatildi. Biroq, «yoz eyforiyasi» avgustning oxirgi kunlarida adog‘iga yetdi. Shundan so‘ng, televideniye tomoshabinlarni «hayrat»ga solishni to‘xtatdi. Faqat Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga uyushtirgan tashrifi yuqori darajada, jonli efirlar orqali yoritilgani inobatga olinmasa, O‘zMTRKdagi shitob tezlik bilan so‘ndi.
Yil boshida maktablarning 11 yillik ta'lim tizimiga qaytishi haqidagi mish-mishlar ko‘paygandi. Bunga ham oydinlik kiritildi. Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Dilmurod Turdiyev quyidagicha javob berdi: «Hozirda biz 9+3, ya'ni 9 yil maktab va 3 yil litsey yoki kasb-hunar kollejlardagi ta'lim tizimi bo‘yicha ishlaymiz va bu tizim o‘zini to‘laqonli oqlamoqda. Agarda mazkur masalada qandaydir o‘zgarishlar bo‘lsa, OAV xodimlari, albatta, birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lishadi».
16 iyun kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabiga tashrif buyurgan davlat rahbari aynan mana shu masalaga murojaat qildi. Shavkat Mirziyoyev shu joyda maktabda 11 yillik ta'lim tizimini qayta joriy etish taklifini bildirdi. Avvaliga bu yangilik Toshkent shahrida tajriba-sinov tariqasida joriy etilishi bildirilgan bo‘lsa, keyinchalik butun Respublika bo‘ylab shunday amaliyot paydo bo‘lishi ma'lum qilindi.
Shavkat Mirziyoyev fevral oyidan boshlab barcha turdagi pensiya to‘lovlari hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda, talabalarga esa stipendiyalarning kamida 50 foizini naqd shaklda topshirish haqida ko‘rsatma berdi. Yil so‘nggida e'lon qilingan qarorga ko‘ra, pensiya yoshida ishlayotgan shifokorlar ish shaklining haq qanday ko‘rinishidan qat'i nazar, pensiya pulini to‘liq olishi belgilab qo‘yildi. 2017 yilning 1 dekabridan boshlab byudjyet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o‘rta hisobda 1,15 martaga (15 foiz) oshirildi.
Fevral oyiga kelib, Oliy Majlisi Senati kengashining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan 10000 so‘mlik banknotlarning chiqarilishi to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. 10 ming so‘mlik banknotlar 10 mart kunidan muomalaga chiqarilgan bo‘lsa, 22 avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qiymati 50000 so‘m bo‘lgan banknot ko‘rinishidagi yangi pul belgilarini muomalaga chiqardi. Oradan 15 kun o‘tmasdan, valyuta erkin konvertatsiyasi ommaga tanishtirildi. Shunday qilib, so‘mning AQSh dollariga nisbatan qiymati keskin o‘zgardi, ammo tijorat-banklari valyutani sotishda ma'muriy buyruqbozliklarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi.
1 martdan O‘zbekistondagi tadbirkorlik sub'yektlari, jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlar chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida aholidan plastik kartalar vositasida to‘lovlarni qabul qilishni ta'minlovchi hisob-kitob terminalini majburiy o‘rnatmasdan faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega emasligi ma'lum qilindi. Ammo bu xabar amalda sustkashlik bilan ijro etildimi, yirik bozor va ayrim savdo shoxobchalarida xizmat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar haligacha hisob-kitob terminalisiz savdo amalga oshirmoqda.
Avgust oyining birinchi yarmida Toshkent shahridagi Oloy, Yunusobod va Qo‘yliq bozorlarida naqd pul yechib olish mumkin bo‘lgan bankomatlar ishga tushdi. Har bir bozorda bittadan bankomat o‘rnatilgan. Bankomatlarga har kuni o‘rtacha 30 mln so‘m pul qo‘yiladi. O‘rnatilgan tartibga ko‘ra bitta karta bilan 100 ming so‘m pul yechib olish mumkin. Bir kunda bir kishi bir martadan ortiq pul yechib ololmaydi (bitta karta bir kunda faqat bir marta qabul qilinadi). Bankomatlar 10000, 5000 va 1000 so‘mlik banknotlar bilan to‘ldirilgan.
Shuningdek, mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qaror qabul qildi. Bundan tashqari, 2018 yildan boshlab, yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar 2 yilda bir marta malaka oshirishga majbur bo‘ladi. Malaka oshirganligi to‘g‘risidagi sertifikatlarni beruvchi yagona tashkilot Avtotest hisoblanadi.
Transport xususida Toshkentni tark etgan tramvaylar yodga tushadi. Ular 15 aprel kuni Samarqand shahrida Temiryo‘l vokzali – Sartepa yo‘nalishi bo‘yicha qatnovga qo‘yildi. Bunda Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham ishtirok etdi. Davlat rahbari «Tarix muzeyi» bekatidan «Temir yo‘l vokzali» bekatigacha viloyat faollari bilan birga tramvayda keldi.
Aprel oyida «O‘zavtosanoat» va GM Uzbekistan AJ matbuot xizmati internetda mahalliy avtomobillar narxi oshishi haqida tarqalgan xabarlar asosga ega emasligini aytib, ushbu xabarlarga raddiya berganiga qaramasdan, GM Uzbekistan kompaniyasi o‘zi ishlab chiqarayotgan bir qator avtomobillarning narxlarini oshirdi. 1 iyundan boshlab mashinalar tan narxiga nisbatan taxminan 30 foiz oshirilgani e'lon qilindi. Kompaniya 4 sentabr kuni barcha mahsulotlarini milliy valyutada sotishini ma'lum qildi.
20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oliy ta'lim muassasalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida»gi 393-sonli qarori qabul qilindi. Qarorda bakalavriat va magistratura bosqichiga talabalarni qabul qilishning yangi tartiblari belgilangan. Unga ko‘ra, «super kontrakt» shaklida o‘qishga qabul qilish qonuniy tasdiqlandi. 2017/2018 o‘quv yili uchun o‘tkazilgan kirish imtihonlarida O‘zbekiston qurolli kuchlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qismlar tavsiyanomalariga ega bo‘lgan abituriyentlarga kirish testlarida to‘plagan ballarining 50 foizi qo‘shib berildi. Bunday yangilik oqibatida Andijon tibbiyot institutida o‘tkazilgan test sinovlarida bir abituriyent eng yuqori - 306,9 ball to‘plagani shov-shuvga aylandi.
Ichki ishlar tizimida shunday katta islohotlar boshlandiki, bu o‘zgarishlar ortidan militsiya so‘zi ham foydalanishdan olib tashlandi. Bu haqda Ichki ishlar sobiq vaziri Abdusalom Azizov xabar bergan bo‘lsa, keyinchalik yangi vazir Po‘lat Bobojonov «tizimni nopok xodimlardan tozalashi»ni bildirgan. Vazir hisobot davrida xizmat intizomini buzgani uchun 7000dan ziyod xodimlar intizomiy jazoga, jinoyat sodir etgani uchun 201 nafar shaxs javobgarlikka tortilganini ma'lum qilgan.
Yilning o‘rtasida Bosh prokuratura Gulnora Karimova va uning sheriklariga nisbatan 2013 yilda jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berdi. Xabarga ko‘ra, Karimovaga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. Dekabr oyiga kelib AQSh hukumati Gulnora Karimovaga nisbatan sanksiya joriy qildi. Uning nomi endi «Magnitskiy qonuni» ro‘yxatida.
Bundan tashqari, yil davomida qattiq tanqidlarga uchragan sobiq Moliya vaziri Rustam Azimov O‘zbekiston hukumati a'zoligidan ham chiqarildi. Uning o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari (ayni paytda Moliya vaziri) Jamshid Qo‘chqorov tayinlandi. Rustam Azimov o‘tgan yilning dekabrida Moliya vaziri va bosh vazirning birinchi o‘rinbosarligidan ketgandi. «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbari Ochilboy Ramatov Jumaniyozovich esa bosh vazirning birinchi o‘rinbosariga aylangandi. Azimov davridan buyon Moliya vazirligida ishlab kelayotgan ko‘plab rahbarlar ham ishdan ketdi. Ular qatorida prezident g‘azabiga yo‘liqqan «Ostrogorskiy» (Moliya vazirligining Davlat byudjyeti bosh boshqarmasi sobiq boshlig‘i Ella Ostrogojskaya) ham bor.
2017 yilda xalq orasida katta qiziqishga sabab bo‘lgan «Ahmadboy» ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi tomonidan ko‘rib chiqish jarayoni boshlandi. Toshkent viloyatida chinozlik «Ahmadboy» nomi bilan dong taratgan Ahmadjon Tursunboyev va u bilan birga 6 kishidan iborat guruhning O‘zR JKning tegishli moddalari yuzasidan ayblanib, sud ishi bo‘layotgani haqida saytda xabarlar berildi. Ming-minglab o‘zbekistonliklar taqdiri bilan uzviy bog‘liq bu mavzu sayt e'tiboridan chetda qolgani yo‘q.
Dastlab, Sayxunobod tumani hokimi Nosirjon Mahmudovich Egamberdiyev tumandagi maktablarning direktorlarini yig‘ib, ularni bir qatorga tergan holda kaltaklagani tasvirlangan lavha e'lon qilindi.
So‘ngra, Andijon shahri hokimi Dilmurod Rahmatullayev yig‘ilishda shahardagi maktablar, kollejlar va akademik litseylar rahbarlarini so‘kib haqoratlagani, ayol direktorlarni tahqirlab yerga urgani ifodalangan audioyozuv e'lon qilindi.
Nosirjon Egamberdiyevga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan, Andijon shahar hokimi esa ta'lim muassasa rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlagani uchun eng kam ish haqining 30 baravari 5167200 miqdoridagi jarima jazosi bilan qutulgan.
21 sentabr kuni kechki soat 23:00da O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, bu yilgi paxta terimi mavsumi masalasi muhokama qilindi. Hukumat rahbari tomonidan 22 sentabr kuni soat 17:00ga qadar paxtaga jalb qilingan talabalar, o‘qituvchilar va tibbiyot xodimlarini ortga qaytarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Endi paxtani kim teradi, degan masala ochiq qolayozgandi. Birozdan so‘ng, yoshlarni mavsumiy ish bilan ta'minlash orqali ularning moddiy ahvolini yaxshilash maqsadida «Fidoyi yoshlar otryadlari» tashkil etildi va ular orqali paxta terim mavsumini muvaffaqiyatli yakunlash rejalashtirilgandi. Biroq, o‘qituvchi va shifokorligini yashirib, paxta terim mavsumiga jalb etilgan terimchilar haligacha borligi ko‘p bora aniqlandi. Vodiydan o‘qituvchilarni paxta terimiga olib kelgan Toshkent—Andijon—Toshkent yo‘nalishida harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi shu orada noma'lum muddatga qadar yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi.
O‘zbekistonning yangi tarixida ilk marta «qo‘shib yozganlar» fosh bo‘ldi. Xorazm va Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi paxta rejasini bajargani yolg‘on bo‘lib chiqdi.
Toshkent shahri markazida 8 sentabr kuni «O‘zbegim» milliy qadriyatlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida tayyorlangan megapalov Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Taomning sof og‘irligi 7360 kilogrammni tashkil etdi. Uni tayyorlash uchun 50 nafar oshpaz 6 soat davomida ish olib borgan.
Bunday tomosha ortidan «Sharshara» brendi ostida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Gold Premium Product MChJga tegishli korxona ko‘zdan kechirilganda, 69,6 kg. eshak go‘shti boshqa go‘sht turlariga qo‘shib yuborilgani aniqlandi. Bundan tashqari, 2017 yilda Qashqadaryodan Toshkentga 10 yildan buyon sifatsiz, harom o‘lgan mol go‘shtini keltirib, savdo rastalariga tarqatgan jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yildi.
15 noyabr kunidan O‘zbekistonda benzin narxi 35 foizgacha oshdi. Endi Ai-80 markali avtobenzin uchun — 1 litriga 3800 so‘m, Ai-91 markali avtobenzin uchun — 1 litriga 4300 so‘m, Dizel yoqilg‘isi — 1 litriga 4100 so‘m. Hukumatning tegishli qarori yoqilg‘i-energetika resurslariga jahon bozoridagi narxlarning oshib borayotganligi yuzasidan qabul qilingan.
Yilning eng yorqin lahzasi bu - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasi bo‘ldi. To‘rt soat davomida davlat rahbari mamlakatning deyarli barcha sohasiga nazar tashlashga ulgurdi. MXX tizimi kelgusida isloh etiladi, elchixona va xorijdagi vakolatxonalar faoliyatiga tanqidiy baho beriladi.
Albatta, 2017 yil mushtariylarni quvonch va hayratiga sababchi bo‘lgan voqea, hodisalar bilan to‘lib-toshdi. Aytish mumkinki, o‘tib borayotgan yil O‘zbekistonning har bir sohasi, xalqi va hayoti uchun sinovli davr bo‘ldi. Katta o‘zgarishlar, islohot hamda yangilanishlar davri bilan 2018 yilga qadam qo‘ymoqdamiz.
Mavzuga oid
14:01 / 04.01.2025
Isroilning G‘azoga aviazarbasi, Suriyaga tashrif buyurgan yevropalik vazirlar va Antalyaning rekordi - kun dayjesti
23:48 / 11.09.2024
11 sentabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 06.04.2020
Shifoxonaga tushgan Jonson, qirolichaning murojaati, neft bo‘yicha kelisha olmayotgan Rossiya va Saudiya hamda kunning boshqa xabarlari
22:31 / 04.04.2020