Jamiyat | 21:30 / 15.01.2018
13687
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «yo‘lovchi masjidlari» qurilishi bo‘yicha ma'lumotga rasmiy izoh berildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi poytaxtda «yo‘lovchi masjidlari» qurilishi haqidagi xabarni tasdiqlamadi. Xabar yuzasidan berilgan rasmiy bayonotda xabardagi ma'lumotlar noto‘g‘ri talqin qilingani bildirilgan.

«Toshkent shahar vakilligi tomonidan ma'lum muddatlarda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi imom-xatiblarning yig‘ilishi o‘tkaziladi. Yig‘ilishda kun tartibidan o‘rin olgan ichki masalalar bo‘yicha belgilangan vazifalar tushuntiriladi. Istiqboldagi rejalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildiriladi, takliflar o‘rganiladi.

Yig‘ilishda bildirilgan Toshkent shahrida yo‘l bo‘ylarida yo‘lovchilar uchun kichik namozgohlar qurilishi, poytaxtdagi 11 tumanning har birida ikkitadan shunday namozgohlar barpo etilishi masalasi o‘zgacha talqin qilingan», deyilgan xabarda.

Ta'kidlanishicha, aslida yig‘ilishda tuman bosh imom-xatiblariga shaharda mahalliy aholi talablaridan kelib chiqib, «Ziyorat turizmi»ni rivojlantirish manfaatlarini e'tiborga olgan holda tumanlardan yangi namunaviy masjid (namozxona) qurish yuzasidan ikkitadan taklif berilishi so‘ralgan. Tumanlardan berilgan jami 22 ta taklif o‘rganilib, ulardan ikkita namunaviy masjid (namozxona) qurish rejalashtirilgan.

Bundan avvalroq «Kun.uz» sayti Toshkent shahrida yo‘l bo‘ylarida yo‘lovchilar uchun kichik namozgohlar qurilishi haqida xabar bergandi. Xabarda Toshkentning 11 tumanida ikkitadan shunday namozgohlar barpo etilishi, Sergeli va Bektemir tumanlarida bittadan yangi jome masjidi qurilishi aytilgandi.