Fan-texnika | 22:30 / 22.01.2018
10967
4 daqiqa o‘qiladi

Tesla Semi elektr yuk mashinasi ilk bor oddiy yo‘lda payqaldi 

Foto: Inverse

O‘tgan yil noyabrda Ilon Mask Tesla Semi elektr yuk mashinasini taqdim qildi. O‘shanda mashinani avtomobil yo‘llarida u ommaviy ishlab chiqarilishi boshlanganda, ya'ni 2019 yildagina ko‘rish mumkinligi taxmin qilingandi. Biroq internetda Semi’ning oddiy yo‘lda ketayotgani videosi paydo bo‘ldi.

Yuk mashina Kaliforniyada, Tesla’ning Palo-Altodagi bosh qarorgohi yaqinida ko‘rilgan. 7 soniyali videoda qop-qora yuk mashina chorrahadan deyarli shovqinsiz o‘tib ketganini ko‘rish mumkin. Uni YouTube foydalanuvchisi Brendon Kamagaro tasvirga olishga ulgurgan.

Videoda mashina kabinasida ikki kishi borligini ko‘rish mumkin. Noyabrdagi taqdimotda ko‘rsatilgandek, haydovchi kabina o‘rtasida o‘tiribdi. Uning ortida esa yo‘lovchi joylashgan. Qiziq jihati shuki, yuk mashianing videodagi versiyasida taqdimotdagisida bo‘lmagan an'anaviy orqani ko‘rish oynalari bor bo‘lgan. Orqa oynalarning yo‘qligi futurustik yuk mashinaning o‘ziga jalb qiluvchi jihatlaridan biri hisoblanadi. Buning hisobiga kompaniya mashina aerodinamikasini yaxshilagan. Kompaniya oynalar yo‘qligini ko‘p miqdordagi kameralar bilan kompensatsiyalashga va'da bergandi. Biroq ko‘rinishicha, hozircha bu funksiya oxirigacha yetkazilmagan va shu sababli kompaniya oddiy oynalardan foydalanishga qaror qilgan.   

Yuk mashinasi chorrahani qanday tezlik va ovoz bilan kesib o‘tayotgani ham o‘ziga tortadi. Videoga berilgan izohlarda “bu yaqinlashib kelayotgan kelajak ovozi” deb hazil qilingan. Haqiqatan ham, Semi dizelda harakatlanuvchi “raqobatchilari” kabi ovoz chiqarmaydi. Umuman olganda esa bu mashina taqdimotdagi mashinaning o‘zi, biroq tirkamasiz. 

Bunday yuk mashinaning narxi uning yurish zaxirasiga (bir quvvatlanishda bosib o‘ta oladigan masofasi) bog‘liq bo‘ladi. Bir quvvatlanishda 480 km masofaga yuradigan varianti 150 ming, 800 km ga yura oladigani 180 ming dollar turadi. Shuningdek, yuk mashinasining Founders Series versiyasi bo‘ladi, uning narxi 200 ming dollar bo‘ladi. 

Yuk mashina 96 km/soat tezlikka 5 soniyada erisha oladi, unga to‘liq yuklangan holda (36 tonna) bunday tezlikka erishish uchun 20 soniya talab etiladi. Dizelda harakatlanuvchi yuk mashinalarga nisbatan bu juda tezdir.  

Yuk mashinasi cheklangan miqdordagi odamlar tomondan sinalgan bo‘lsa-da, uni tanqid qiluvchilar ham topildi. Misol uchun, yuk mashina sobiq haydovchi Jonatan Ramziga xush kelmagan. Uning aytishicha, mashinadagi yangi funksiyalar oddiy haydovchiga yordam bermay, aksincha uni cheklaydi. Misol uchun, yorqin displey ko‘zni qamashtiradi, kameralar yuk mashinasida oynalar yo‘qligini kompensatsiyalay olmaydi. Shuningdek, katta yuklarga mo‘ljallangan elektr yuk mashinasini ommaviy bozorga Tesla’dan oldinroq chiqarishga va'da berayotgan boshqa kompaniyalar ham paydo bo‘lmoqda.

Mavzuga oid