Jahon | 12:39 / 04.02.2018
4530
2 daqiqa o‘qiladi

Kosta-Rikada prezident va parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Foto: PressFoto

4 fevralda Kosta-Rikada umumiy saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Saylovlarda Markaziy Amerika davlatining 3,3 mln ga yaqin fuqarosi keyingi 4 yil uchun mamlakat rahbari va bir palatali parlamentning yangi tarkibi uchun ovoz beradi. Saylovlarning borishini 100 ga yaqin xorijiy kuzatuvchilar kuzatib boradi, ular orasida Amerika davlatlari tashkilotining 15 nafar vakili bor.

Mamlakat prezidenti lavozimiga 13 kishi da'vogarlik qilmoqda, ulardan 5 nafari yuqori imkoniyatlarga ega. Yetakchilar orasida “Milliy tiklanish” partiyasi nomzodi Fabrisio Alvarado, “Milliy ozodlik” partiyasi nomzodi Antonio Alvares Desanti, “Fuqarolar harkati” partiyasidan Karlos Alvarado, “Milliy integratsiya” partiyasidan Xuan Diyego Kastro bor.

Nomzodlardan biri g‘olib bo‘lishi uchun kamida 40 foiz ovoz to‘plashi kerak, aks holda aprelning birinchi yakshanbasi saylovlarning 2-bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Mamlakatning amaldagi prezidenti Luis Gilermo Solis barcha yurtdoshlarini saylovlarda ishtirok etishga chaqirdi. Solis yangi hukumatga “iqtisodiy jihatdan barqaror va ijtimoiy jihatdan osoyishta davlatni” topshirishini aytdi. 

Mamlakatning yangi prezidenti to‘qnash keladigan asosiy muammolardan biri jinoyatchilikning yuqoriligi bo‘ladi. Ushbu mamlakat Markaziy Amerikaning Honduras, Gvatemala, Salvador kabi davlatlari fonida ancha xavfsiz davlat hisoblanadi. Biroq shunga qaramay 2017 yilda mamlakatda zo‘ravonlik darajasi oshgani qayd qilingan.

Mamlakat adliya vazirligining ma'lum qilishicha, mamlakatdagi barcha qotilliklarning chorak qismi u yoki bu jihatdan narkomafiyaning noqonuniy faoliyati bilan bog‘langan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid