Jamiyat | 18:40 / 10.03.2018
147431
9 daqiqa o‘qiladi

Tarixiy haqiqat izidan: Amir Temur nega Shahrisabzda dafn etilmagan?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, o‘zining boy tarixini, milliy qadriyatlarini o‘rganishga yanada e'tibor qaratdi, ularni jahon hamjamiyatiga yanada yaqindan tanishtirish maqsadida mamlakat hududida joylashgan tarixiy obidalarni tiklashga, tarixiy shaxslarning hayot va ijod yo‘llari yanada chuqur o‘rganishga kirishildi.

Jumladan, sohibqiron Amir Temur bilan bog‘liq tarixiy haqiqatlar, hamonki, nafaqat o‘zbekistonlik, balki dunyo olimlarini ham qiziqtirib kelmoqda. Amir Temur siymosi bilan chambarchas bog‘langan turli afsonalar, bugun real hayotda o‘z haqiqatini topmoqda. Ana shunday tarixiy jumboqlardan biri Sohibqironning o‘z ona vatani Kesh shahrida o‘zi uchun qurdirgan dahmasidir. Ammo Amir Temur vafotidan keyin u yerga dafn etilmagan? Xo‘sh, nega?

Maqbaraning qurilishi

Ma'lumotlarga ko‘ra, Amir Temur Shahrisabzda bo‘lib turgan kezlarida me'mor va muhandislarni chaqirtirib, o‘g‘li Jahongir Mirzo maqbarasidan o‘ttiz-qirq qadam narida o‘zi uchun mo‘ljallangan maqbara loyihasini tayyorlashni buyuradi, loyiha bo‘yicha o‘z ko‘rsatma va maslahatlarini beradi. Loyiha tayyor bo‘lgach, uni ko‘zdan kechirgan Sohibqiron tegishli o‘zgartirishlar ham kiritib, maqbara qurilishini darhol boshlashga amru-farmon beradi. Qurilish ishlari 1394 yilda boshlanadi.

Buyuk sarkarda harbiy yurishlardan qaytishda, albatta, Shahrisabzga kirib o‘tib, maqbara qurilishi borishidan xabardor bo‘lib turadi. Ammo ko‘rkamlikda shahardagi boshqa mahobatli binolardan qolishmaydigan maqbara bitmay qoladi. Buning ustiga Xitoyga yurish qilgan sarkardaning to‘satdan sog‘lig‘i yomonlashib, o‘sha yurish paytida vafot etadi. Uning jasadini shoshilinch ravishda Samarqandga olib kelishadi.

Nega Samarqand, Shahrisabz emas?

Amir Temur nega o‘zi uchun qurdirgan sag‘ana qolib, Samarqandda nabirasi – Muhammad Sulton yotgan maqbaraga dafn etildi? Bunga bir necha sabablar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, Soxibqiron vafot etgach, olti kundan keyin tuproqqa qo‘yildi, besh kuni esa O‘trordan poytaxtgacha yo‘l bosishga ketdi. O‘sha  yil qish qattiq keldi. Taxtiqoracha dovonini ham qalin qor bosgan edi. Bunday sharoitda Sohibqironning jasadi qo‘yilgan tobutni Shahrisabzga eltish uchun yana bir-ikki kun zarur edi. Islom shariati esa mayyitni tezroq qabrga qo‘yishni taqozo qilardi. Bularga qo‘shimcha Sharafiddin Ali Yazdiyning dushmanlar xabar topmasinlar deb Sohibqironning vafot etganligini yashirdilar, deb yozganini ham yana bir bor eslash kerak. Amir Temurning jasadini shuncha uzoq yo‘ldan izg‘irinli qish sharoitida Samarqandga olib kelish va dafn qilishgacha bo‘lgan barcha ishlar o‘ta maxfiy qilinganligi sababi ham shundan bo‘lsa ajab emas.

Ikkinchidan, Samarqand Amir Temur asos solgan ulkan saltanat poytaxti edi. Bobokalonimiz poytaxtda bir-biridan chiroyli binolar qurdirdi, bog‘lar barpo etdi. Samarqandni dunyoning eng go‘zal va obod shaharlardan biriga aylantirish uchun ko‘p kuch-g‘ayrat sarfladi. Sohibqironning Samarqandda dafn etilishi, uning jahonaro nufuzi, obro‘-e'tiborining oshishiga ham xizmat qilardi.

Yer ostida asrlarga sirdosh sag‘ana

Amir Temurning vafot etganligi tez orada butun dunyoga ovoza bo‘lib ketdi. Buyuk imperiya parchalanib, o‘rnida mustaqil davlatlar vujudga keldi. Temuriyzodalar o‘rtasida ham Sohibqironning vasiyatiga xilof ravishda toj-taxt uchun kurash avj oldi. Yagona, yaxlit davlat mayda-mayda xonlik va viloyatlarga bo‘linib ketdi. Bundan foydalangan tashqi dushmanlar mamlakatga hujum qilib, shaharu qishloqlarni xarob qildi, boyliklarni taladi. Temur va temuriylar qurdirgan binolar buzildi, ayrimlari yarim vayrona holiga keldi. Shahrisabzdagi me'moriy obidalar qatorida Amir Temur sag‘anasi ustidagi gumbazli maqbara ham qulab, yer bilan tenglashib ketdi. Buning natijasida yerosti dahmasiga olib tushuvchi yo‘l ham bekilib qoldi. Asta-sekin xalq orasida Sohibqiron dahmasi borligi ham unutilib ketdi.

Bundan tashqari, XX asrlardan boshlab Shahrisabzdagi Dorulsaodat hududi mahalliy aholi tomondan to‘liq uzlashtirilib, xom g‘isht va paxsadan uy-joylar qurilib, bu yerdagi madaniy meros obektlari unutib yuborilgan. O‘tgan asrning 50-yillarida dahma ustiga uy-joy qurib yashayotgan mahalliy shaharlik kishining yosh qizchasi hovlisida o‘ynab yurganida, dahmaning usti o‘prilib, tobutxonaga tushib ketadi. Mahalladan ko‘pchilik bo‘lib qizchani qutqarish jarayonida mazkur inshoot naqadar kattaligi aniqlangach, xonadon egasi Toshkentdagi O‘ZFA tarix instituti xodimi, birinchi o‘zbek arxeologi, keyinchalik akademik bo‘lib saylangan Ya. G‘ulomovga murojaat qiladi.

Akademik Yahyo G‘ulomov boshchiligidagi arxeologlar tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ko‘milib ketgan yerosti dahmasi aniqlangan. Tarixiy manbalar, Shahrisabzda bo‘lgan Ispaniya elchisi Klavixo esdaliklarida yozib qoldirgan dalillar o‘rganilishi natijasida bu inshoot Amir Temur o‘zi dafn etilishi uchun qurdirgan yerosti dahmasi ekanligi ma'lum bo‘ldi.

1980 yildan boshlab xalqaro sayyohlik markazi qatoriga qo‘shilgan Shahrisabzga dunyoning turli joylaridan sayyohlar kela boshladi. Sayyohlar tomosha qilishi lozim bo‘lgan tarixiy obidalar ro‘yxatida Amir Temur sag‘anasi yo‘q edi. Boisi yozning chillasida ham dahma eshigi zax suvga to‘la bo‘lardi.

1982 yilning yozida shaharga tashrif buyurgan O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Sharof Rashidov Amir Temur sag‘anasini ko‘rishni ixtiyor etadi. Suv tortuvchi moslamalar yordamida sag‘ana ichidagi zax suv tashqariga chiqarilgach, hurmatli mehmon ichkariga taklif etiladi.

O‘zbekiston mustaqil bo‘lgach, Sohibqiron tavalludining 660 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida qadim Keshdagi me'moriy obidalar qatorida Amir Temur dahmasi ham ta'mirdan chiqarildi. Zax suvlarni qochirish uchun quvurlar o‘tqazildi.

U qanday ko‘rinishda?

Dahma deyarli to‘rtburchak shaklida - 6, 4x6, 1 metr o‘lchamdan iborat. Sag‘ananing sathi, devori, bostirmasi pardozlangan marmarsimon ohaktosh bilan qoplangan. Sag‘ananing shifti esa chodrasimon gumbaz ko‘rinishida qilingan, yuqori qismi naqshinkor kvadrat shaklida bunyod etilgan. Sag‘ana markazida to‘g‘ri to‘rtburchakli balandligi 0,73 metr, bo‘yi 2,5 metr, eni 1,4 metr o‘lchamdagi tosh tobut joylashgan. Uning ustiga esa 11 santimetr qalinlikdagi marmar plita yotqizilgan. Sag‘ana bilan tanishish jarayonida sirtida, ravoqlar hoshiyasida, taxmonlarda suls xatining xar xil turida yozilgan Qur'on oyatlari, duolarga ko‘z tushadi. Arab imlosidagi quyidagi duo diqqatingizni jalb qiladi: «Yo Olloh, meni, otam va onamni, barcha mo‘min va mo‘minalarni, muslim va muslimalarni, tiriklarimiz va o‘liklarimizni mag‘firat qilg‘il, bizlarning oramizdagi ezgu ishlarni bardavom qilg‘il, sen chindan xam o‘tinchlarni ijobat qilguvchisan, marhamatli, hojatbaror, azoblardan xalos qiluvchi, ezgu ishlar sohibi bo‘lgan zotsan. U marhamatli va qudratli zotdir».

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Sag‘anani mukammal tadqiq qilgan qadimshunoslarning fikricha, Amir Temurning ushbu maqbarasi me'moriy jihati va ichki bezaklari bo‘yicha Markaziy Osiyoda shu turdagi eng nodir va yirik obidalar, musulmon Sharqidagi eng hashamdor dahmalar qatorida turadi.

Foto: KUN.UZ

Tarixiy materiallar asosida Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Mavzuga oid