Jamiyat | 11:10 / 15.03.2018
17223
12 daqiqa o‘qiladi

O‘quv binolari chiroyligina emas, qulay bo‘lishi kerak! - O‘qituvchidan takliflar

Joriy yilning 2 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018–2022 yillarda aholi punktlarini bosh rejalar bilan ta'minlash, loyiha tashkilotlari faoliyatini yaxshilash, shuningdek, shaharsozlik sohasida mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra Respublikamizning shaharlari, shahar poselkalari bosh rejalari va qishloq fuqarolar yig‘inlari hududlarini me'moriy rejalashtirishni tashkil etish loyihalari ishlab chiqish rejalashtirildi.

Albatta, bu rejalarda maktablar va bog‘chalarni qayerlarda va qanday qurish masalalari o‘z aksini topadi. Mustaqillik yillarida asosiy e'tibor akademik litsey va kasb-hunar kollejlari qurishga qaratilganligi uchun maktablar chetda qoldi.

Hozir esa litsey va kollejlarning bir qismi yopilishi va uzoq tanaffusdan keyin 11 yillik maktablarning qayta ochilishi, jumladan, yangi maktablar qurishni taqozo qiladi. Chunki o‘tgan qariyb 30 yil davomida aholining soni oshdi, yangi turar joylar qurilayapti. Ularda birinchi navbatda maktab va bog‘cha bo‘ladi. Tabiiyki, bu ta'lim dargohlarini aholi yashaydigan maskanlarning qayeridan va qanday qurish kerak degan savol tabiiy ravishda paydo bo‘ladi.

Buning uchun birinchi navbatda mazkur sohadagi o‘z yutuqlarimizni, ayniqsa kamchiliklarimizni chuqur tahlil qilish kerak.

Ikkinchidan, yangilik yaratmasdan, qarorda aytilganidek ilg‘or mamlakatlarning bu sohalardagi tajribasini o‘rganish kerak.

Birinchi saboq: Keyingi yillarda litsey va kollejlarning va ba'zi oliy o‘quv yurtlarining binolari yuqori rahbariyatning topshirig‘i bilan katta yo‘llarning atroflarida qurildi. Misol tariqasida, SamDUning 1- va 2-Akademik litseylarining binolarini keltirish mumkin. Bunday joylarda qurilgan binolarning sinf xonalarida shovqin darajasi katta. May va iyun oylarida derazalarni ochishga to‘g‘ri kelishini hamda kelajakda katta yo‘llardagi mashinalar oqimining zichligi ortishini hisobga olsak, shovqin darajasi normal ta'lim olishga jiddiy xalaqit beradi. Ko‘pchilik Akademik litsey kollejlarning hovlisi yo‘q.

Ikkinchi saboq: Sovet vaqtida qurilgan ba'zi maktablarning, oliy o‘quv yurtlarining beton plitalardan qurilgan binolarida haddan tashqari katta derazalar qo‘yilgan. Boshqacha qilib aytganda, bir devor yo‘q hisobida. Masalan, Milliy universitetning kimyo va fizika, SamDUning fizika-kimyo fakultetlari joylashgan binolarda shunday derazalar bor.

Birinchidan, bu oynalar orqali sinf xonalariga, auditoriyalarga katta miqdorda yorug‘lik tushadi. Agar derazalar sharqqa qaragan bo‘lsa, ertalab quyosh chiqqandan yorug‘lik derazaga yaqin joylashgan partalarda o‘tirgan o‘quvchilar, talabalarga tushadi. Hech qanday parda bilan uni to‘sish imkoni yo‘q. Ikkinchidan, qish oylarida ularni isitish juda qiyin, yoki normal isitish uchun katta miqdorda energiya sarflash kerak. O‘zbekistonda quyoshli kunlar ko‘p bo‘lishini va energiya manbalari kamligini hisobga olsak, bu derazalar hamma tomondan zarar.

Uchinchi saboq: Akademik litsey, kollej va maktablarda juda katta majlislar zallari bor. Birinchidan, majlis har kun o‘tkazilmaydi shuning uchun, ular aksar vaqt bekor turadi. Ikkinchidan, ular hashamatli qilib qurilganligi bois butlash uchun ko‘p xarajat va isitish uchun esa ko‘p energiya bekorga ketadi. Kichik majlislarni kattaroq sinf xonasida, katta majlislarni esa yopiq sport zalda o‘tkazish mumkin. Yoki aynan majlis o‘tkazishni nazarda tutib loyihaga o‘quvchilar sonini hisobga olib bitta 60–70 kishilik sinf xonasi qurishni kiritish kerak. Majlisdan tashqari vaqtda u sinf xonasi sifatida ishlatiladi.

Maktablarda o‘quvchilarning ishtirokida o‘tkaziladigan umumiy majlislarda, tomoshalarda hamma o‘quvchilarning o‘tirishi shart emas. Hatto Buyuk Britaniya parlamentida 650 deputat bo‘lgan holda 427ta o‘tiradigan o‘rin bor, shuning uchun ularning bir qismi tik turadi. Har bir inshoot qaysi maqsadga mo‘ljallanganligiga qarab, unga joy tanlanishi azal-azaldan ma'lum. Zavod-fabrikalar shaharning chetida, magazin, kinoteatr, bozor, restoran, to‘yxonalar katta yo‘llarning atrofida quriladi va hokazo.

Ta'lim muassasalari havosi toza, avtomobil shovqinlaridan uzoq, xavfsiz, aqliy faoliyat va muloqot uchun qulay sharoitlar yaratish mumkin bo‘lgan joylarda qurilishi kerak. Dars vaqtida o‘quvchining va o‘qituvchining xayoli bo‘linmasligi, kutubxonada o‘tirganda, biror muammo ustida o‘ylaganda, o‘zaro muloqot qilganda shovqin-suronlardan va turli hidlardan uzoq bo‘lishi kerak.

Xalaqit beruvchi omillar bo‘lgan vaqtda miyaning ishlash faoliyati pasayadi, zo‘riqadi, charchaydi. O‘qish va o‘qitishning unumi esa aynan shu organning aktiv faoliyatiga bog‘liq.

Bularga qo‘shimcha sinf xonalarining, auditoriyalarning derazalari iloji boricha sharqqa ya'ni Kuyosh chiqadigan tomonga qarab qurilmasligi va ularning o‘lchami katta bo‘lmasligi kerak, chunki darslar asosan birinchi smenada bo‘ladi. Buning sababi birinchidan, mamlakatimizda quyoshli kunlar ko‘p, ikkinchidan, hozirgi vaqtda darslarda proyektorlar, elektron doskalar, kompyuterlar qo‘llaniladi (kelajakda ularning turi va soni oshadi). Ularda namoyish qilinadigan o‘quv materiallarining yaxshi ko‘rinishi uchun xonaga, asboblarga va ekranga yorug‘lik tushmasligi kerak.

Yuqorida aytganimday xonaga intensiv yorug‘lik tushsa u o‘qishga ham xalaqit beradi. Iloj bo‘lmagan taqdirda derazalari sharqqa qaratib quriladigan binolarning derazasining orqa tomonida yorug‘likni to‘sadigan, zich yopiladigan, ichkarida turib pastga va yuqoriga siljitish mumkin bo‘lgan «parda»lik qilib loyihalashtirilishi kerak. Bog‘cha va maktablarni uyga yaqin joylardan, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarini esa tinch, havosi toza joylardan qurish kerak. Bularning hammasi katta avtomobil yo‘llaridan chetda bo‘lishi kerak. Shunday qilinsa, nafaqat ularning o‘qishi uchun, balki xavfsizligi uchun ham sharoit ta'minlangan bo‘ladi.

Men o‘zim bo‘lgan mamlakatlarda (Amerika, Germaniya, Rossiya) ta'lim dargohlari uzoq vaqtlardan beri aynan shunday joylarda qurilganligining guvohi bo‘ldim. Buni Toshkentda turib internet orqali kosmik kemalardagi fotoapparatlar bilan tushirilgan suratlar va qo‘shimcha ma'lumotlar yordamida ham o‘rganish mumkin.

Respublikamizning iqlim sharoiti keskin kontinental ya'ni, qish sovuq, yoz esa issiq. Haroratning yillik o‘zgarishi juda katta.

Ikkinchidan, Respublikamiz asosan agrar mamlakat bo‘lganligi uchun, yetishtirilgan qishloq xo‘jalik maxsulotlari asosan kuzda yig‘ib terib olinadi, bahorda esa ekish bilan bog‘liq dala ishlari boshlanadi. Qishloq joylaridagi o‘quvchilar qishloq xo‘jaligining ba'zi ishlarida ota-onalariga yordam berishadi. Ularning asosiy ishi, ya'ni unumli o‘qish kech kuz, qish va erta bahor oylariga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun ish va o‘qish joylarida normal sharot yaratish uchun kuzda va qishda binolarni albatta isitish zarur.

Kichik shaharlar, tuman markazlari ayniqsa qishloq joylaridagi maktablarni isitish sistemasi avtonom, alohida bo‘lishi kerak. Har bir maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtida o‘quvchilarning soniga qarab, albatta, sport turlari bo‘yicha bir nechta ochiq stadion, katta bog‘ yoki daraxtzor, mashinalar qo‘yiladigan garajga ega bo‘lgan hovli bo‘lishi kerak.

Katta shaharlarda aholining ko‘pchiligi ko‘p xonadonlik etajli uylarda turishini hisobga olsak, aynan maktab, ham o‘qish, ham o‘ynash, ham muloqot, ham sport bilan shug‘ullanish uchun yagona joy hisoblanadi.

Bularni yozib men birorta yangilik aytayotganim yo‘q. Hozir mamlakatimizning shahar va qishloqlarida qurilishlarning ko‘lami kengaymoqda. Qurilishlar uchun yer maydonlari ajratish katta biznesga aylanganligi ham hech kimga sir emas. Bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtlarining hammasi hozircha davlatga qarashli, ularning qurilishi uchun yer maydonlarini ham davlatning joylardagi tegishli idoralari ajratadi.

Shuning uchun ularning joyini tanlashda va yetarli yer maydoni ajratishda mansabdor shaxslar ularga «yomon joy» ajratishi va yer maydonini qisqartirish hisobiga tejalgan yerni «biznes» qilish ehtimoli juda katta. Chunki ularning orqasida pora beradigan «ega» yo‘q, hokimiyatning o‘zi «ega» hisoblanadi. Ular lavozimda vaqtincha turganini, amal kursining vakolati boylik orttirishga sharoit yaratishini va davlatdan «urib qolsa» uni «egasi» yo‘qligini yaxshi bilishadi. Shu sababga ko‘ra bu ishlarni loyihalashtirish bosqichini ham nazoratdan o‘tkazib keyin tasdiqlashning mexanizmi bo‘lishi kerak.

Shuning uchun maktabgacha tarbiya muassasalari, o‘rta maktablar va oliy ta'lim muassasalariga mas'ul bo‘lgan vazirliklar loyihalash tashkilotlari bilan birgalikda masalan 50, 100, 200, 500 va hokazo kishilik, bog‘cha, maktab va oliy o‘quv yurtining binolari va hovlisi qanday bo‘lishi va uning qurilishi uchun qancha yer maydoni ajratishni aniq bilishi, standart ishlab chiqishi kerak (ular bor, lekin ularda zarur sharoitlar yaratilgan hovli, yashil bog‘, yozgi stadionlar va binoni Quyoshga nisbatan qanday joylashtirish masalalariga yetarli e'tibor berilmagan).

Keyin shu standartlar loyiha tashkilotlari hokimiyatlar tomonidan bosh rejalarga kirishi, bosh rejalarni esa ta'limga mas'ul bo‘lgan vazirliklarning ruxsatisiz tasdiqlamaslik kerak. Loyiha qanday bo‘lsa, qurilish ham 100 foiz shunday bo‘lishi lozim. Ishlab turgan ta'lim dargohlarini zarurat tug‘ilganda kengaytirish hozirgidek ularning hovlisini kichraytirish hisobiga emas, balki atrofidagi boshqa obektlarni hatto turar joylarni ko‘chirish hisobiga bo‘lishi kerak. Bu tavsiyalar matbuotda muhokama qilinib, kengaytirilsa, takomillashtirilsa va Vazirlar Mahkamasining Qarori ko‘rinishida rasmiylashtirilib hokimliklarga, arxitektura va qurilish qo‘mitalariga, binolarni qabul qiluvchi, ta'mirlovchi tashkilotlarga, bosh rejalar tuzayotgan tashkilotlarga bajarish uchun majburiy hujjat sifatida berilsa yanada yaxshi bo‘lardi.

Ta'lim tarbiya va o‘quv maqsadlari uchun qurilgan binolar, birinchi navbatda o‘zining salobati va tashqi chiroyi bilan emas, balki unda asosiy maqsadni amalga oshirish uchun yaratilgan shart-sharoiti bilan baholanishi lozim. Ta'lim sohasidagi ishlarni birinchi navbatda normal o‘qish, ta'lim olish uchun shart-sharoit yaratishdan boshlash menimcha to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki o‘z farzandlarining ta'lim olishi uchun normal sharoit yaratib berish davlatning vazifasiga kiradi.

Abdulla QUVVATOV,

Samarqand davlat universitetining dotsenti

Mavzuga oid