«Bugungi qo‘g‘irchoq o‘qituvchilar qo‘lida ertangi qo‘g‘irchoqlar»
Bayram boshlandi, eng chiroyli gaplardan yozib, samimiy tilaklar bildirish o‘rniga yana og‘irroq mavzuga qo‘l urdim. Yo‘l to‘siqni bo‘yashga chiqqan yoshgina o‘qituvchi qizning o‘limi xaqida noxush xabar tarqaldiyu, shaxsiy pochtamga shu mavzuda ham fikr bildirishimni so‘ralgan bir nechta maktublar keldi. Avvalambor, Allohning irodasi, qismat. Marhumaning oxirati obod bo‘lsin, oila a'zolariga ta'ziyamni izhor etaman. Fojiaga aybdor kimsalar haqida mendan oldinroq yozib bo‘lishdi, sabablar ham tahlil qilinyapti. Men sal boshqacharoq maqola yozgim keldi. Keling, darrov birovni yomonlashdan boshlamayda, fidoyi bir rahbar xaqidagi xotiralarim bilan o‘rtoqlashay.
Maktabni 1992 yili bitirganman. O‘quvchilik yillarimni yaxshi eslayman. O‘sha vaqtlarda ham o‘qituvchi, shifokorlar yagana, chopiq, paxta terimi va boshqa ishlarga jalb etilar, faqat quvasoyliklargina majburiy mehnatdan iloji boricha ozod etilib, qimmatli vaqtlari o‘g‘irlanmasdi. Chunki, shahar hokimi ma'rifatparvar rahbar edi! Imkon topdi deguncha ota-onalar bilan suhbatlashar, tarbiya va ta'lim muassasalarining ish faoliyatini selektorlardagi hisobotlardan emas, xalqdan so‘rab o‘rganardi. «Uning kelib-ketganini bilmay ham qolar edik» deb eslovchi nafaqadagi muallima yana bir qancha xislatlarini tilga oldi: «Sabzavotlarni qayta tayyorlovchi omborlar bo‘lardi. Bir kuni o‘sha yerda ishlayotgan o‘quvchilar va nazorat qilayotgan o‘qituvchinining oldiga tushib, qaro terga botguncha ishlagan, so‘ng qarshisida qaltirab turgan ombor mudiriga qarab, «Endi ish chiqsa, meni chaqir!» deb obdon tuzlagan edi. Sobiq ittifoq davrida o‘n yetti marta Sharof Rashidov huzuriga borib «Quvasoyning tabiatiga mos, sershira mevali bog‘lar yarataylik» degan ham shu kishi bo‘ladi. Paxta dalalari tugatilgach esa, kattakon yig‘inda so‘zga chiqib, o‘qituvchilarga qarata «Endi bolalarni yanayam zo‘r o‘qitasizlar!» degan ekan.
U maktablar taqdim etadigan ko‘rsatkichlarga faqat bir maqsadda ko‘z tashlar, ya'ni jimjimali beshlari ko‘p bilim dargohlarini alohida nazoratga olardi. So‘ngra o‘sha maktablar yo‘lida o‘quvchilarni to‘xtatib, savol–javob qilishni yaxshi ko‘rardi. Agar javob beruvchining bilimidan qoniqsa, yosh boladay qarsak chalib, aksi bo‘lsa darrov amaliy choralar ko‘rardi. Ortiqcha dabdaba va bloknot ko‘targan mulozimlarisiz sinfxonalarni aylanib, oxirgi partalarning birida jimgina o‘tirib, darslarni kuzatishni kanda qilmasdi. Agar o‘zi guvoh bo‘lgan darsdan ko‘ngli to‘lmasa, muallimni samimiy suhbatga chorlab, mavjud muammolarga qo‘lidan kelgancha yechim topar, o‘shanda ham o‘zgarish bo‘lmasa, darslardan chetlashtirardi. Nainki o‘qituvchilar, maktab rahbarlari, hatto «GorONO» mudirini ishiga befarq bo‘lmay, tepsa-tebranmaslarni kazo-kazo tankalari bo‘lsa ham bu sohaga yaqinlasha olmaydigan qilib chetlashtirardi. Quvasoyliklarning g‘ururi bo‘lgan Shuhrat Sherxonovich Ahmedov mana shunday odam edi!
Hozirchi?!
Hozirgi hokimlar ham bolajonlar bilimi bilan qiziqishadimi? Albatta! Faqat, Shuhrat Ahmedov kabi savol-javob qilish uchun emas, yanayam yuqoriroqqa ketadigan hisobotlar tuman, shaharlar obro‘sini to‘kmasligi uchungina qayg‘urishadi. «Davomatni nazorat qilish Xalq ta'limi bo‘limi zimmasida, mening boshqa vazifalarim ham tiqilib yotibdi!» degan bahona ham bor! Biroq, ish joyidan ajralib qolishni istamaydigan bechora o‘qituvchilarni xohlagan musiqalariga o‘ynata olishadi.
Shahardagi maktablarning biriga borib, g‘aroyib yig‘ilish ustidan chiqib qoldim. Soat kechki olti bo‘layotganiga qaramay, hammani ma'naviyat xonasiga to‘plab olgan direktor bor ovozda shang‘illab, darslarni qoldiradigan o‘quvchilarini eplab ololmayotgan o‘qituvchiga rosa baqirardi. So‘ngra fanlarni o‘zlashtira olmayotgan, davomati past bolalari ko‘p sinf rahbarlarini ham og‘zidan ko‘pik sachrab haqorat qildi. Vaholanki, shu maktabda mavjud bo‘lgan qator mummolar sababi - bevosita rahbar xonimning o‘zi edi. Prokurorning xotini bo‘lgan bilimsiz matematikni ishga olib, bolalarning yarim yilllik vaqtini o‘g‘irlash, maktab stadionining bir qismini tadbirkorga ijaraga berib, yosh futbolchilarning qadami ham tegmaydigan yashil maydoncha qurish, dars vaqtida o‘quvchilarni «Panorama» nomi bilan mashhur kinosaroyda qo‘yiladigan tuturiqsiz filmlar tomoshasiga olib borish... Kimlarningdir buyrug‘ini bajarayotganini sekingina tan oladigan, zahrini esa qo‘l ostidagilarga sochadigan rahbarni kim deyish mumkin?! Shu maktabdan olim, professor yoki jahon tan oladigan boshqa soha vakillari chiqishiga mutlaqo ishonmayman. Bu shahar maktabidagi holat, viloyatning chekka hududlaridagi ahvolni gapirmay qo‘ya qolay. Nima uchun taniqli olimlarimiz qariyalar uyida, tashlandiq holda yotganiga ham aqlim yetganday bo‘ldi. Agar maktab rahbarlari faqat kinosaroylar emas, Ubay Oripov nomidagi Ion Plazma va lazer texnologiyalari institutiga ham o‘quvchilarni olib borishganida bormi, bir vaqtlar kichkinagina laborotoriyada yadroviy tibbiyot asosi bo‘lgan PET (Pozitron Emission texnologiyalar) texnologiyalar ustida ish olib borgan olimning taqdiri bilan ham qiziqib, maktabdan hech bo‘lmasa bitta akademik yetishib chiqishiga sabab bo‘lishardi. Zo‘r o‘qiyotgan bolalarimiz sudya, prokuror, soliqchi, MXX xodimi, harbiy, shifokor, iqtisodchi bo‘lishni orzu qilishadi. Bilimi haminqadarlar tadbirkor, artist bo‘lib ham tirikchilik qilishlari mumkin. Yangi gibrid tizim hisoblanib, onkologik kasalliklarni erta aniqlashga imkon beruvchi Pozitron Emission tamograflarning yangi avlodlarini yaratuvchi olimlarimiz kimga kerak? Chaynalib, siyqasi chiqib ketayotgan mardikorlar mavzusi xaqidaku gapirmay qo‘ya qolay, Suriya, Iroq va Afg‘onistonda qurol ko‘tarib yurgan, jaholat asirlariga aylangan bolalarimiz va begona yurtlarda tanini sotib yurgan qizlarimz haqida ham jimman. Millatning kuch-qudrati bo‘lishga munosib yoshlarning qismati nega bunchalik ayanchli! Javob oddiy: yana gap ta'limga borib taqaladi. Matematika, fizika, ximiyani qo‘ya turing, butun dunyo biladigan ingliz tilida tuzukroq gapira olmayotgan bolalarimizga kim yaxshi maoshli qonuniy ish taklif qiladi? Muammolarning ildizi emas, shoxiga qarab fol ochadigan oliftalar esa «Ishlasa o‘zimizda ham ish bor, Vatanga qaytsa och qolmaydi» deb karillashni, prezidentga yaxshi ko‘rinib, sayrashnigina bilishadi xolos! O‘zga yurtalarda sarson yurganlar qanday muhitda o‘sib, qaysi maktabda, qanday ta'lim olgani bilan esa hech kimning ishi yo‘q! Jonimizning bir parchasi bo‘lmish o‘sha jigarlarimiz ham bir vaqtlar bilimga chanqoq bolalar bo‘lgan. Balki ularga berilgan ta'lim sifati zo‘r bo‘lganida, qonida mudrab yotgan genlar junbishga kelib, hozir Oksford, Sorbonna, Kembrij universititetlarida dars berib yurgan bo‘lisharmidi!
Dars o‘tmay, daydib Kamazning ro‘parasiga «adashib chiqib ketgan» Diananing ortida ham, voyaga yetmagan go‘dagi va bilimga tashna o‘quvchilari qoldi. Uni tanimayman, biroq tariflashlariga qaraganda yosh o‘qituvchi yomon ustoz bo‘lmagan. Bitta savol tug‘iladi: Xalq ta'limi tizimida bilimi davr talabiga javob beradigan fidoyilar ko‘pmi? Shaxsiy kuzatuvlarim shuni ko‘rsatyaptiki, o‘qituvchilarning hammasi ham zo‘r emas! Aks holda odamlar farzandlarini shaharning narigi tomonidagi maqtalgan maktabda emas, uyining oldidagi bilim dargohida o‘qitishar edi. Davr bilan teppa-teng qadam tashlamoqchi bo‘layotgan bolalarning oldida uyalib qolmaslik uchun «superustoz» bo‘lish shart! «O‘rgimchak to‘ri»dan xohlagan ma'lumotni topayotgan XXI asr bolalari juda talabchan. O‘qituvchi mehnati esa hech qachon oson bo‘lmagan. U endigina shaxs sifatida shakllanayotgan insonlar bilan ishlaydi. O‘quvchilar faol, to‘polonchi, urushqoq, dangasa, ba'zan qo‘pol ham bo‘lishlari mumkin. Sinfda jamlangan o‘ttiz bolaning o‘ttiz xil fe'l-atvori bo‘lib, har biri bilan til topishish uchun o‘qituvchidan katta mahorat sohibi bo‘lish talab etiladi. Shunday katta mas'uliyatni zimmasiga olayogan ustozlar asab tizimiga yetkazilayotgan talafot uchungina darslardan so‘ng hech bo‘lmasa ikki soat dam olish va shu orom soatlari uchun ham haq olishga haqlidirlar! Muntazam charchoqdagi qon – tomir, tayach- harakat va vujuddagi boshqa tizimlar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Avval «infarkt», «insult», «qandli diabet» kabi kasb kasalliklari yoshi kattalarda uchrasa, hozir yosh o‘qituvchilarga ham yopishgan. «Bolalarni o‘qitsa o‘ziga. Pulini olyapti. Ana, uyida dam ovoladi» degan safsatani yig‘ishtiring. Bir dunyo daftar, qog‘ozlarni sumkasiga solib uyiga ketadigan fidoyilar yarim kechada yotib, ertalab yana ishga chiqishadi. Bu yumushlarga «mardikorlik» ham qo‘shilsa urdi Xudo! Yo‘l to‘siqni bo‘yashga «otilib chiqqan» Diana ham ularning biri edi. Agar prezidentga yaxshi ko‘rinishni istagan kallavaramlar katta trassadagi obodonchilik ishlariga Yaponiyada ishlab chiqarilgan ziyrak robotlar emas, 2500- 3000 «chug‘urchuqning makoni»dan charchab kelgan o‘qituvchilar keltirilganini anglashganida, hech bo‘lmasa xavfsizlik choralarini ko‘rishgan va fojianing oldini olishgan bo‘lardi!
Ta'lim sifatini oshirish uchun paysalga solinmay amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. Ulardan eng birinchisi - hamma ta'kidlayotganday o‘qituvchilarni majburiy ishlardan ozod qilish va salomatliklarini qayta tiklash. Yozgi ta'tilda esa albatta birorta kurortga yuborish shart. Menga qolsa, o‘qituvchi va murabbiylarni avtobus haydovchilari kabi har kuni ertalab tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, so‘ngra darsga qo‘yar edim. Chunki, o‘quvchilar ham kelajak sari yo‘lga chiqqan yo‘lovchilardir! Ularning oldidagi ma'suliyatni hamisha his qilishimiz kerak.
Fojiadan so‘ng uyg‘ongan Xalq ta'limi o‘rinbosari senator, deputat boshqa davlat organlarini millat taqdiri yo‘lida birlashishga chorlabdi. Men ham shunga da'vat etaman. Faqatgina amaldorlar emas, kelajagimizga befarq bo‘lmagan yurtoshlarimning barchasi ham ilm-ma'rifat taraqqiyoti uchun jonkuyarroq bo‘lishlarini xohlardim. Bugun kimlarningdir qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘layotgan o‘qituvchilar ertaga birovlarning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘ladigan avlod, mardikorligicha qolib ketadigan millatni tarbiyalashini hech qachon unutmaylik!
Muazzam Ibrohimova
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
19:00 / 24.10.2024
Davlat mehnat inspeksiyasiga majburiy mehnatga oid 283 ta murojaat kelib tushdi
16:29 / 21.10.2024