O‘zbekiston | 00:43 / 28.03.2018
23175
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi taqdimoti o‘tkazildi

27 mart kuni Toshkent shahridagi "Poytaxt" biznes markazida Adliya vazirligi ro‘yxatidan o‘tgan  O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda qatnashgan KUN.UZ muxbirining xabar berishicha, taqdimotda nogironlar jamoat tashkilotlari, "Harakatlar strategiyasi" markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari assotsiatsiyasi, BMT Taraqqiyot dasturi vakillari ishtirok etishgan.

Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ijtimoiy himoya hisoblanadi, bu esa O‘zbekistonda yashab kelayotgan 650 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan kishilarga ham taalluqlidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash "Nogironligi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" va "Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish hamda ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi" bu borada muhim qadam bo‘ldi. Ushbu dasturda 20 me'yoriy-huquqiy loyihalarni ishlab chiqishda nogironlar jamoat tashkilotlarining ishtirok ko‘zda tutilgan.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 76 ta nogironlar jamoat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularning barini jipslashtiruvchi yagona tashkilotning mavjud bo‘lmaganligi milliy va xalqaro darajadagi yagona strategiyani ishlab chiqish imkonini bermadi.

Joriy yilning 21 fevral kuni mamlakatimizdagi barcha nogironlar jamoat tashkilotlarini jipslashtirish maqsadida O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi tuzildi. Shu vaqtga qadar Respublika Nogironlar jamiyati direktori o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan Oybek Isoqov barcha ishtirokchilarning qo‘llab-quvvatlashi ostida,  bir ovozdan O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi raisi etib tayinlandi.

Bugunga qadar 22 ta nogironlar jamoat tashkilotlari nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolarini samarali hal etish maqsadida O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasiga a'zo sifatida qabul qilindi.

Taqdimot marosimidan so‘ng G.Mahmudqulova O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasi logosi bilan tanishtirib, unga doir ma'lumotlar berdi. Shu bilan birga, Assotsiatsiya tarkibi aniqlab olindi. A.Abduhalilov Assotsiatsiyaning rivojlanish strategiyasiga doir ma'lumotlar bilan bo‘lishdi. O.Po‘latov esa "Ijtimoiy hamkorlik va xalqaro hamkorlik" mavzuida taqdimot qildi. Shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlar, davlat organlari va xalqaro tashkilotlar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik dasturi belgilab olindi.

O‘zbekiston Nogironlar Assotsiatsiyasining vazifalari nimalardan iborat?

  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishda davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy sherikchilikni shakllantirish va rivojlantirish borasida faoliyat olib borish;
  • BMT "Nogironlar huquqlari konvensiyasi"ning ratifikatsiya qilinishi va amalga oshishiga ko‘maklashish;
  • Nogironligi bo‘lgan kishilarning ish faoliyati va huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan davlat siyosatining takomillashtirilishiga doir takliflar ishlab chiqish;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslarning o‘z huquqlarini himoya qilishlariga keng imkoniyatlar yaratilishiga ko‘maklashish;
  • Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish va Xalqaro Nogironlar Tashkiloti (DPI)ga a'zo bo‘lish.          

     

Mavzuga oid