O‘zbekiston | 16:54 / 28.03.2018
9761
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ClickSmile xizmat sifati monitoringi va boshqaruvi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda ClickSmile xizmat sifati monitoringi va boshqaruvi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov KUN.UZ'ga shu haqida ma'lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi aholiga xizmat ko‘rsatuvchi barcha tashkilot va kompaniyalarga, xususan davlat muassasalari va yagona darcha xizmatlarida, aeroportlar, vokzallar va avtovokzallarda, bojxona va chegara postlarida, mehmonxonalar va restoranlarda, mashhur turistik obidalar va shu kabi boshqa xizmat ko‘rsatish muassasalarida mijozlar munosabatini o‘rganish imkonini beruvchi terminallarni o‘rnatishni tavsiya qiladi.

Birgina tugmani bosish orqali biryo‘la ikki vazifa bajariladi: mijoz fikriga quloq tutish va mavjud muammolar hamda ularni bartaraf qilish uchun statistik ma'lumotlar yig‘ish. Bu mijozlarga tez va oddiy yo‘l bilan anonim fikr bildirish imkonini yaratadi.

ClickSmile'da xizmat ko‘rsatish tizimini baholovchi "xursand bo‘ldim" yoki "qanoatlanmadim" tugmalari bo‘ladi. Undagi ma'lumotlar Wi-Fi tizimi orqali yagona serverga beriladi. Ulardan kelib chiqib turli reytinglar ishlab chiqiladi. ClickSmile tizimi biror joyga qancha mijoz tashrif buyurgani va ulardan necha kishi xizmatlardan mamnun ekani, qanchasi norozi bo‘lib ketgani haqida ma'lumot olish imkonini beradi.

ClickSmile tizimi O‘zbekistonga nima beradi?

1.    Mijozlar feed back - ya'ni o‘z munosabatini bildirish imkoniga ega bo‘lishadi. Sayyohlarga kafolatlangan yuqori darajali xizmatlar ko‘rsatiladi.

2.    Biznes egalari uning xodimlari kelgan mijozlar bilan qanday muomalada bo‘layotgani va qanday xizmat ko‘rsatayotgani haqida doimiy ma'lumotga ega bo‘lishadi.

3.    Servis yaxshi bo‘lsa, bunday bizneslar rivojlanadi, daromad ko‘payadi va umuman, O‘zbekistonning imidji yaxshilanib, uning jahon reytingidagi o‘rni ko‘tariladi.

4.    Aholi farvonligini oshiriladi va mamlakat byudjyetiga tushadigan soliq tushumlari ko‘payadi.

Shulardan kelib chiqqan holda, Uzbekistan Tourism Industry Awards tizimi doirasida ko‘proq ijobiy baholangan, e'tirozlar bo‘lmagan yoki nisbatan kamroq bo‘lgan, mijozi ko‘p bo‘lgan tashkilotlar rag‘batlantiriladi. Ularga chorak yoki yil yakunlariga ko‘ra turli mukofotlar va sertifikatlar topshiriladi.

Mavzuga oid